6. F.Sossyur – tilshunoslikda sotsiologik maktab va struktur
tilshunoslikning asoschisi
Aslida Gumboldt va Sossyurning har ikkisi ham tilni antinomiya usulida tekshirganlar. Biroq, Sossyurning tilga yondashuvi Gumboldtdan o‘zining pragmatikligi, qat'iy mantiqqa amal qilinganligi bilan farq qiladi. Gumboldt Gegelga ergashgan holda, til qonuniyatlarini uning ichki negizlariga chuqur nazar tashlab o‘rganishga intilgan bo‘lsa, Sossyur butun faoliyatini lingvistikaning predmetini aniqlashga bag‘ishladi.
Ferdinand de Sossyur (1857-1913) – yirik nazariyotchi lingvist, Jeneva universiteti professori, Jeneva tilshunoslik maktabi rahbari, “Umumiy tilshunoslik kursi” (1916) kitobining muallifi. Lekin, fanda bu kitobning Sossyur tomonidan yozilmaganligi ma'lum. Haqiqatda, bu kitobning Jeneva tilshunoslik maktabi a'zolari bo‘lmish Sh.Balli va A.Seshe tomonidan yaratilgani ma'lum. Kitob jami 600 sahifadan iborat bo‘lib, u mazmunan Sossyurning 1907-1910 yillar oralig‘ida Jeneva universitetida o‘qigan ma'ruzalarini jamlaydi.
Sossyurning tishunoslik fani oldidagi katta xizmatlaridan biri – fonema to‘g‘risidagi ta'limot bo‘lib, bu ta'limot til va nutq hodisalarini ajratishdagi birinchi qadam bo‘ldi. Bu ta'limotni, to‘g‘rirog‘i, Hind-yevropa tillaridagi unlilar sistemasini tadqiq etishga bag‘ishlangan ilmiy kashfiyotni Sossyur 21 yoshida amalga oshirgan. Bu yangilik fan oldida unlilar tasnifi orqali bobo tilga chiqib borgan olimning teran mushohadalari naqadar to‘g‘ri ekanini namoyon etdi. Ammo, fonemani tovushdan ajratib bergan Boduen de Kurtenedan farqli ravishda, Sossyur fonemaga tovushga nisbat bergandek, til va nutqqa barobar taalluqli unsur deb qaradi.
Ferdinand de Sossyur til masalalariga sinxron yondashdi.
O‘z qarashlarida u yoki bu tilshunosni istehzo bilan tilga oluvchi zamondoshlari singari, Sossyur ilm ahli vakillaridan birortasining ham nazariyasini tanqid qilmadi, ilmiy qiymatini yerga urmadi. Vaholanki, olimning farazlari o‘z-o‘zidan, mantiqiy ravonligi bilan shuxrat qozondi.
Olim tilning tarix, din, ta'lim, geografik joylashuv bilan bog‘liqligini inkor etmadi, lekin uning uchun sof lingvistikaning obyekti va predmetini aniqlash muhimroq edi.
Sossyur ham Gumboldt singari forma (shakl) so‘zidan unumli foydalanib, unga tez-tez murojaat qilgan va uni o‘z konsepsiyasining markaziga qo‘ygan. Ammo, Sossyur uchun forma tom ma'noda tilga va uning sistemasiga tegishli mohiyat bo‘lib, olim uni shakliy mazmun, ya'ni, tilning ichki qurilishiga doir sof ma'nolar sistemasi degan tushuncha bilan to‘ldiradi.
Sossyurning qat'iy xulosasiga ko‘ra, tilshunos na tilning ahamiyati (konseptual substansiya)ga doir tahlilga, na tovush materiyasi (material substansiya) tahliliga berilib ketmasligi lozim. Aks holda, yoki sof psixologiya yoxud sof fonetikaga (Sossyur ta'biricha, fonologiyaga) kirib ketish ehtimoli bor.
Sossyur ta'limotining asosiy jihatlari esa, quyidagilardir:
1.Sossyur tilni yaxlit sistema sifatida tekshiradi. Bu yondashuv o‘z davrida semiotika fanining yuzaga kelishida jiddiy turtki bo‘ldi hamda bu o‘rinda Sossyurni haqli ravishda semiotikaning asoschisi deyish mumkin.
2.Sossyur til nutq hodisalarini ajratdi. Uningcha, lingvistika faqat til hodisalarini tekshirishi kerak. Nutq esa – nolingvistik sohalar o‘rganadigan hodisa.
3. Sossyurgacha til hodisalari faqat diaxron aspektda o‘rganilar edi. Olim bu aspektga ikkinchi yondashuvni – sinxron tekshirishni ham qo‘shish evaziga, til qurilishini teranroq anglash mumkin degan xulosalarga keldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |