FONETIK HODISALAR
Qadimgi turkiy tilda quyidagi tovush o‘zgarishlari yuz bergan: b>m: bän (Ton) – män (E) “men”, bäŋkü (Ton) – mäŋkü (E) “mangu”. n>b: ana (KT) – aba (Oltun yorug‘) “ona”. s>z: bolsun (KT) – bolzun (Oltun yorug‘) “ bo‘lsin”. s>š: Santuŋ (Ton)- Šantuŋ (KT) “joy nomi”. k>g: kikür (KT) – kigür (Oltun yorug‘) “kirit”. n>y: anïğ (KT) –ayïğ (Oltun yorug‘) “buzilish”, qon (KT) qoy (Oltun yorug‘) “qo‘y”.
Yodgorliklarning yozuv va fonetik o‘zgachaliklari qadimgi turkiy tilda sakkizta unli fonema amal qilganidan dalolat beradi. Bular: [a], [ä], [ï], [i], [o], [ö], [u], [ü]. Bulardan:
[a] – orqa qator, “yo‘g‘on”, keng, lablanmagan unli;
[ä] – old qator, “ingichka”, keng, lablanmagan unli;
[ï] – orqa qator, “yo‘g‘on”, tor, lablanmagan unli;
[i] – old qator, “ingichka”, tor, lablanmagan unli;
[o] – orqa qator, “yo‘g‘on”, keng, lablangan unli;
[ö] – old qator, “ingichka”, keng, lablangan unli;
[u] – orqa qator, “yo‘g‘on”, tor, lablangan unli;
[ü] – old qator, “ingichka”, tor, lablangan unli.
Qadimgi turkiy tilning unlilar tizimi tovushlar qatori, tor-kengligi, lablanish-lablanmasligiga ko‘ra o‘zaro qarama-qarshi juftliklarni yuzaga keltirgan: orqa qator “yo‘g‘on” [a], [ï], [o], [u] unlilari old qator “ingichka” [ä], [i], [ö], [ü] unlilariga; keng [a], [ä], [o], [ö] unlilari tor [ï], [i], [u], [ü] unlilariga; lablanmagan [a], [ä], [ï], [i] unlilari lablangan [o], [ö], [u], [ü] unlilariga qarama-qarshi turadi.
[a] unlisi [ä] unlisiga qarama-qarshi turadi. [a] unlisi “yo‘g‘on” talaffuz qilinuvchi so‘zlarda keladi: at – ot, aq- oq-, aš – osh, ovqat, azuq – oziq, adaq – oyoq, adğïr – ayg‘ir, qatun – xotun, malika, sarïğ – sariq, yay – yoz, sayu – sari, qara – qora, ara – ora.
[ä] unlisi esa “ingichka” talaffuz qilinuvchi so‘zlarda keladi: tilä- tila-, emgäk – zahmat, ertäki – burungi, eski.
[ï] unlisi [i] unlisiga qarama-qarshi turadi. [ï] unlisi “yo‘g‘on” talaffuz qilinuvchi so‘zlarda keladi: ït – it, ïğač – daraxt, bïč- – kes-, bich-, yïš -o‘rmonli tog‘, yïlqï – yilqi, sïğta – yig‘la-, qïšla- qishla-, qïzïl – qizil.
[i] unlisi esa “ingichka” talaffuz qilinuvchi so‘zlarda keladi: ič – ich-, ilgärü – oldinga, bil- – bil, tik- – tik-, kir- – kir-, tirig – tirik.
[o] unlisi [ö] unlisiga qarama-qarshi turadi. [o] unlisi “yo‘g‘on” talaffuz qilinuvchi so‘zlarda keladi: ot – o‘t, olov, ton – kiyim, qoñ – qo‘y, yol – yo‘l, bodun – xalq.
[ö] unlisi esa “ingichka” talaffuz qilinuvchi so‘zlarda keladi: öz – o‘z (olmosh), ög – ona, kök – osmon, törü – siyosat, bök- – to‘ymoq, köl – ko‘l, böri – bo‘ri.
[u] unlisi [ü] unlisiga qarama-qarshi turadi. [u] unlisi “yo‘g‘on” talaffuz qilinuvchi so‘zlarda keladi: uč – uchmoq, o‘lmoq, učuz – arzon, uya – in, uya; avlod, uluğ – ulug‘, buluŋ – tomon, qul – qul.
[ü] unlisi esa “ingichka” talaffuz qilinuvchi so‘zlarda keladi: küŋ – joriya, tükäti – tugal, küč – kuch, küz – kuz, yüz – yuz, tüš- inmak, kü – ovoza, dovrug‘.
Qadimgi turkiy bitiglar tilida so‘zning boshi yoki birinchi bo‘g‘inida kelgan [ä] hozirgi o‘zbek tilida yopiq [e] ga aylanadi. Masalan: äl>el>, käl>kel, yär>yer singari. Lekin [e] tovushining qachondan paydo bo‘lganligi xususida tugal bir xulosani aytish qiyin. Gap shundaki, eng eski davrlardan qolgan ko‘k turk, uyg‘ur yozuvidagi bitiglarning imlo xususiyatlari bu tovushning o‘sha kezlardayoq shakllanganidan dalolat beradi. Qadimgi turkiy tilda yopiq [e] unlisi mustaqil fonema emas, balki [ä] ning fonetik varianti sifatida amal qilgan: [ä]~[e].
Hozirgi o‘zbek tilida [e] bilan talaffuz qilinayotgan so‘zlar urxun bitiglarida yoki <ä> harflari bilan yozilgan. V.Tomsen yenisey bitiglarini tadqiq etar ekan, urxun bitiglaridagi yoki <ä> o‘rnida keladigan va yenisey bitiglarigagina xos bo‘lgan maxsus harfga asoslanib, bitiglar tilida [e] tovushi ham amal qilgan, degan fikrga kelgan (Щeрбак 1970, 28–29). Yenisey bitiglaridan olingan quyidagi misollar hozirgi turkiy tillarga qiyoslansa, V. Tomsen xulosasi e’tiroz tug‘dirmaydi: elči (E.13.2), beš (E.45.2), yerim (E.45.6).
A.S.Amanjolov urxun bitiglaridagi yoki yozuvda har doim ham yozilavermaydigan <ä> harfi, o‘rni bilan, [e] tovushini ham anglatgan, deydi. Uning xulosasiga ko‘ra, [e] tovushi urxun bitiglari tilida [ä] ga variant sifatida (ä~e) qo‘llangan (Aманжолов 1978, 77).
Hozirgi turkiy tillarda, asosan, [e] bilan talaffuz qilinayotgan so‘zlar uyg‘ur yozuvli matnlarda ham yoki <ä> harflari bilan yozilgan. Lekin bu hodisadan, uyg‘ur yozuvli matnlar tilida [e] tovushi yo‘q edi, degan xulosa chiqarmaslik kerak. Chamasi, maxsus harf bo‘lmagani uchun imloda shunday yo‘l tutilgan. Masalan, “Qutadg‘u bilig”ning uyg‘ur yozuvli hirot nusxasida: ädgü(edgü), käräk (keräk), yär (yer); išit (ešit), kilir (kelir). Qo‘lyozmada, ayniqsa, bir so‘zning ikki xil yozilganligi e’tiborga loyiq: äšit // išit (ešit), käl // kil (kel). Bu yozuv xususiyatlari “Qutadg‘u bilig” tilida [e] tovushi amal qilganligidan dalolat beradi. Maxsus harf bo‘lmagani bois, yozuvda yoki <ä> harflaridan foydalanilgan. Asar tilida [e] tovushi amal qilganligini quyidagi misoldan ham kuzatish mumkin:
Tilin emgämiš er nekü ter ešit,
Bu söz iškä tutğïl, özüŋä eš et. –
Do'stlaringiz bilan baham: |