Muloqotning uchinchi tomoni – uning perseptiv tomonidir
Muloqot jarayonida odamlar bir-birlari bilan ma’lumotlar almashib, o’zaro ta’sir ko’rsatibgina qolmay, balki bir-birlarini to’g’riroq va aniqroq anglashga, tushunishga va idrok qilishga harakat qiladilar. Bu tomon shaxsiy idrok va tushunish muammosi bilan bog’liqdir. Birgalikdagi faoliyat jarayonida shaxslarning bir-birlarini to’g’ri tushunishlari va aniq idrok qilishlari muloqotning samarali bo’lishini ta’minlaydi. Rus psixologi A.A. Badalev boshchiligidagi laboratoriya bir-birlarinn idrok qilish mexanizmlarini aniqlash borasida qator psixologik qonuniyatlarni kuzatgan.
Bunday mexanizmlarga quyidagilarni kiritish mumkin:
a) identifikasiya; b) refleksiya; v) kauzal atribusiya; g) stereotipizasiya
Identifikasiya so’zining ma’nosi lotinchadan olingan bo’lib, “tenglashtirish”, “aynan o’xshatish”, bir kishining ikkinchi kishini uning ta’rifini subyektning o’z ta’rifiga anglanilgan yoki anglanilmagan tarzda o’xshatilishi orqali tushunish usulidir. Odamlar o’zaro birgalikda harakat qilish vaziyatlarida boshqa kishini o’zining o’rniga qo’yib ko’rishga uringan holda uning ichki holati, niyatlari, o’y-fikrlari, mayllari va his-tuyg’ulari haqida taxmin qiladilar. Masalan, avgust oyi kunlaridan birida universitet qoshida hayajonlangan holda kitobni varaqlayotgan abituriyentlarni uchratib qolgan talaba o’zining abituriyentlik davrini eslaydi, ularning ruhiy holatini hayolan o’z boshidan kechira boshlaydi.
Refleksiya — (lotincha aks ettirish) – o’z fikr va kechinmalarini tahlil qilib mulohaza yuritish, ya’ni muloqotga kirishuvchining suhbatdosh uni qanday idrok etayotganligini anglash. Kishini kishi tomonidan idrok qilishini ikkilangan oynadagi aks ettirishga o’xshatish mumkin. Odam boshqa kishini aks ettirar ekan, shu bilan birga o’zini ham aks ettiradi, agar kishi o’zi muloqotga kirishadigan kishilar haqida to’liq, ilmiy asoslangan axborotlarga ega bo’lsa, ular bilan behato aniqlikda o’zaro ta’sir o’rnatishi mumkin. Biroq subyekt hamma vaqt bunday aniq ma’lumotga ega emas. Shuning uchun u boshqalar hatti-harakatining sabablarini o’ylab chiqishga majbur bo’ladi. Boshqa kishining harakatlarini tushuntirish uchun faoliyat motivlari, his-tuyg’ular, intilish va fikrlashning o’ylab chiqarilishi kauzal atribusiya deb ataladi. O’qituvchilar tomonidan bola harakatlarining shunday sababini talqin qilinishi maktabdagi pedagogik muomalani qiyinlashtiradi.
Kauzal atribusiya- boshqa kishining hatti-harakatlari sababini his-tuyg’ularni, niyatlarni, o’y-fikrlarni va xulq-atvor motivlarini unga to’nkash yo’li bilan tushuntirish bo’lib, lotincha saisa-sabab va atributto – in’om etaman degan ma’noni bildiradi. Kauzal atribusiya ko’pincha anglanilmagan holda – yo boshqa kishiga o’xshatish negizida, ya’ni shaxsning o’zi xuddi shunday vaziyatda u payqashi mumkin deb hisoblaydigan motivlar yoki his-tuyg’ularning boshqa birovga xosligi ta’kidlangan paytda, yo muloqotga kirishgan sherikni o’zlariga nisbatan ba’zi bir qolipdagi tasavvurlar hosil bo’ladigan shaxslarning muayyan toifasiga kiritish yo’li bilan yuz beradi. Kauzal atribusiyaning xususiyati psixologiya tomonidan yaxshi o’rganilgan turli xildagi shart - haroitlarga bog’liq bo’ladi. Masalan, notanish kishini idrok etish chog’ida idrok subyekti ega bo’lgan axborot katta rol o’ynaydi. A.A.Bodalev o’tkazgan tajribalarida ikki guruhdagi talabalarga bitta odamning fotoso’rati ko’rsatilgan. Birinchi guruhga bu odam jinoyatchi sifatida ta’riflangan. Uni tashqi qiyofasiga qarab tavsifnoma berish so’ralgan, ikkinchi guruhga bu odam taniqli olim deb aytilgan. Jinoyatchi deb aytilgan kishiga talabalar qo’rs, badjahl, berahm, makqor kishining portreti turibdi deb, olim deb aytilgan guruh talabalari esa portretdagi ko’zning o’zi mehribon va dono, jonni fido qilib ishlaydigan kishi deb ta’riflandi. Chiroyli kishilar rasmlari berilganda ham xuddi shunday holat yuzaga kelgan, ya’ni chiroyli kishilar yaxshi, muloyim, aqlli deb baholangan. Xunuk rasmli kishilar esa qo’rs, badjahl, xudbin deb baholangan. Demak, pedagogning idrok etish obyekti haqida oldindan bilib oladigan axboroti yanglish fikr va subyektivizmning tarkib topishi uchun jiddiy asos hisoblanadi. Oreol effektining mohiyati shundan iboratki, kishi tomonidan qoldiriladigan umumiy ijobiy taassurot subyektning idrok etish chog’ida berilmagan fazilatlarni ham ijobiy baholashiga sabab bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |