4.Mumtoz poetikaning asosiy muammolari.
Nazarimda, struktural poetika o‘z tahlil sifati bilan ana shu mas’uliyatni zimmasiga oladiganday tasavvur bermoqda. CHunki uning ob’ekti, umuman, yoki mavhum tarzdagi dunyoqarashlar yig‘indisi bo‘lgan g‘oyaviy-badiiy birlik emas, balki badiiy matn va uning strukturasidir. Matndagina yozuvchining mahorati ham, til materialidan foydalana bilish salohiyati ham, zamonaviy yoki an’anaviy ifoda vositalariga murojaati ham, boringki, g‘oyaviy e’tiqodi ham aks etadi. SHuning uchun ham badiiy matn va uning tahlili adabiyot nazariyasining doimiy muddaosi ekan, u struktural tahlilni inkor etib yoki uni aylanib o‘tib, nazariy jihatdan ham, amaliyotga muqobillik jihatidan ham yangi adabiyot nazariyasi yaratib bo‘lmaydi. Menimcha, hozirgi adabiyot nazariyalarining eng yangisi tarixiy va nazariy poetikaga asoslangani kabi kelajakda yaratilajak adabiyot nazariyalari struktural poetikaga asoslansa ajab emas. Ana shu umid va ehtiyojlardan kelib chiqqan holda struktural metod va struktural poetika mohiyatini o‘rganishga chog‘landik...
Adabiyotshunoslikda struktural metod mavjud va boshqa tahlil metodlari yashayotgan ekan, buning filologiya ilmidagi o‘rnini ta’kidlash barobarida tilshunoslikdagi «struktur lingvistika” kabi “struktural adabiyotshunoslik” deb atashga hali erta ekanini ta’kidlamoqchimiz. Bizningcha, adabiyotshunoslik aynan shunday atamani to‘lig‘icha qabul qilmasa kerak. CHunki tilshunoslik ilmi, xususan, nazariy tilshunoslik, ko‘pincha, formal metodlar bilan ish ko‘radi va uning muayyan qismini «struktur lingvistika” deb qabul qilingan. SHuningdek, YU.Lotmanning asarlarini nashrga tayyorlagan M.Lotmanning fikricha, «badiiy adabiyotning lingvistik tadqiqoti (struktur lingvistika metodini qo‘llasa ham) mohiyatan antistruktural xarakterga ega, chunki ular adabiyotning alohida elementi va aspektini uning umumiy funksiyasidan ajratib, tabiiy til fenomenining prinsiplariga moslab tahlil qiladilar”5.
Adabiyotshunoslikda struktural poetika, asosan, tahlil tamoyillari tizimi sifatidagina mavjud. Adabiyotshunoslik nisbatan kengroq fan sohasi bo‘lgani uchun uning bag‘rida esa tarkibiy metoddan tashqari bir vaqtning o‘zidan boshqa tahlil metodlari ham yashashi mumkin. Qolaversa, adabiyot ilmining imkoniyatlarini birgina “struktural” istilohiga bo‘ysundirib, uning ma’lum qismini “struktural adabiyotshunoslik” deb atash maqsadga muvofiq emas. Struktural metod ham o‘z navbatida, tarixiy poetika, nazariy poetika va tarixiy-qiyosiy adabiyotshunoslikdagi mavjud tahlil usullaridan imkon qadar foydalangan holda ish yuritadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |