3-Mavzu. Fermer xo’jaligida yerdan resurslaridan foydalanish va intensivlashtirishni baholash.
Reja :
1. Yer va suv resurslarining qishloq xo‘jaligidagi ahamiyati va o‘ziga xos xususiyatlari.
2. Yer va suvdan foydalanish holati va samaradorligini tavsiflovchi ko‘rsatkichlar, ularni aniqlash tartibi.
3. Yer to‘g‘risidagi me’yoriy hujjatlar. Yer monitoringi va davlat yer kadastri.
4. Yer va suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish yo‘llari.
1. Yer va suv resurslarining qishloq xo‘jaligidagi ahamiyati va o‘ziga xos xususiyatlari.
Yer tabiat mahsuli bo‘lib, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida muhim ahamiyatga ega. Chunki u mazkur tarmoqning eng asosiy ishlab chiqarish vositasi hisoblanadi. Yerga urug‘, ko‘chat ekib, ishlov berish natijasida turli xildagi mahsulotlar yetishtiriladi. Demak, tarmoqda yetishtiriladigan barcha turdagi mahsulotlar yerdan, suvdan foydalangan holda olinadi. Ingliz iqtisodchisi Uilyam Petti yer resursiga «yer barcha boyliklarning onasidir» - deb ta’rif bergan.
Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi asosan sug‘oriladigan yerlarda olib boriladi. Sug‘oriladigan yerlar umumiy yer maydonining 9,6 foizini tashkil qilib, qishloq xo‘jaligi yalpi mahsulotining 95 foizdan ortig‘i shu yerlarda yetishtiriladi. Respublikamiz dehqonchiligi sug‘orishga asoslanganligi sababli suv ham yer resursi kabi qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishida muhimdir. Qayta ishlovchi sanoat tarmoqlarining xomashyoga, aholining esa oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabi qondirilishida yer va suvning ahamiyati juda katta. Yer va suvdan qanchalik oqilona, samarali foydalanilsa, ishlab chiqariladigan mahsulotlar hajmi shunchalik ko‘payadi. Natijada yuqorida ta’kidlangan talablarning qondirilish darajasi ortadi.
Yerdan foydalanishda uning quyidagi o‘ziga xos xususiyatlarini e’tiborga olish maqsadga muvofiqdir:
a) yerning tabiat mahsuli ekanligi. Boshqa asosiy vositalar, ya’ni binolar, inshootlar, kombaynlar, traktorlar va boshqalar inson mehnatining mahsulidir. Zaruriyat bo‘lganda ular inson tomonidan ishlab chiqarilishi mumkin, lekin yerni inson yarata olmaydi;
b) yer maydonining cheklanganligi va takror ishlab chiqarilmasligi. Ona zamin tabiatan cheklangan, uning maydonini inson kengaytira olmaydi. Chunki u tabiat mahsuli hisoblanadi. Boshqa asosiy vositalarni, masalan traktorlarni, mashinalarni talabni qondirish maqsadida ko‘plab ishlab chiqarish mumkin;
d) yer – qishloq xo‘jaligining abadiy ishlab chiqarish vositasidir. Respublika hududida mavjud bo‘lgan yerlardan qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirishda bizdan oldingi avlodlar foydalangan, hozirgi davrda biz foydalanmoqdamiz, kelajakda esa avlodlarimiz foydalanadi. Jamiyat rivojlanishi natijasida ayrim ishlab chiqarish vositalari takomillashtirilishi natijasida o‘z o‘rnini boshqasiga bo‘shatib beradi. Masalan, bir paytlar yerni shudgorlashda qoramollar va omochdan foydalanilgan bo‘lsa, keyinchalik fan-texnika taraqqiyoti natijasida qudratli traktorlar va pluglar ularning o‘rnini egalladi. Lekin yer qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish vositasi sifatida abadiy qolaveradi, chunki uni boshqa vosita bilan almashtirib bo‘lmaydi;
e) yerni qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish maqsadida bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirib bo‘lmasligi. Yerdan joylashgan o‘rnida oqilona foydalanish mumkin. Lekin mashina va traktorlarni talab etilgan joyga olib borib, turli xildagi ishlarni amalga oshirish, bino-inshootlarni ham talab etilgan joyga qurish mumkin;
f) yerning yuqori qatlami hisoblangan tuproq unumdorligining mavjudligi. Tuproq unumdorligi tabiiy, sun’iy va iqtisodiy unumdorliklarga bo‘linadi. Asrlar davomida tashqi ta’sirlar, ya’ni quyosh nuri, yog‘ingarchilik, chirindilar tushishi va boshqalar ta’sirida shakllangan unumdorlik yerning tabiiy unumdorligi deyiladi. Tuproqning tabiiy unumdorligi - tabiat mahsulidir. U tabiatning ta’siri natijasida uzoq yillar mobaynida shakllanadi. Uning holati quyosh nuri hamda yog‘ingarchilik miqdoriga, shamol va suvlarning ta’siriga bog‘liqdir. Ularning ijobiy ta’sirida tuproq tabiiy unumdorligi yaxshi bo‘ladi. Sayyoramizdagi yerlarning tabiiy unumdorlik darajasi turlicha bo‘ladi. Insonlar ta’sir etishi, ya’ni tekislash, shudgorlash, mahalliy va ma’danli o‘g‘itlar berish, mehnat, mablag‘ sarflash, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va boshqalar ta’sirida shakllanadigan unumdorlik sun’iy unumdorlik deyiladi. Agar yerga to‘g‘ri munosabatda bo‘linsa, uning unumdorlik darajasi ortib borish xususiyatiga ega. Darhaqiqat, tuproqqa vaqtida ishlov berilsa, o‘g‘itlansa, uning unumdorligi oshib borishi mumkin. Lekin boshqa asosiy vositalar ishlab chiqarish jarayonida qatnashishi oqibatida jismoniy jihatdan eskiradi. Ular vaqt o‘tishi bilan fan-texnika taraqqiyoti natijasida ma’naviy jihatdan ham eskiradi. Lekin yerga e’tibor berilsa, undan fan-texnika yutuqlarini joriy etgan holda oqilona, samarali foydlanilsa, u yaroqsiz holga kelmaydi, unumdorligi oshib borishi mumkin. Ammo bu, uning unumdorligi cheklanmagan, degani emas. Shunday ekan, yerning unumdorligidan tadbirkorlik bilan foydalanish maqsadga muvofiqdir.
1998-yil 30-aprelda qabul qilingan Yer Kodeksining 8-moddasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasida yer fondi yerlardan foydalanishning belgilangan asosiy maqsadiga ko‘ra quyidagi toifalarga bo‘linadi:
1) qishloq хo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar - qishloq хo‘jaligi ehtiyojlari uchun berilgan yoki ana shu maqsadga mo‘ljallangan yerlar. Qishloq хo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar sug‘oriladigan va sug‘orilmaydigan (lalmikor) yerlar, haydaladigan yerlar, pichanzorlar, yaylovlar, ko‘p yillik mevali dov-daraхtlar va tokzorlar egallagan yerlarga bo‘linadi;
2) aholi punktlarining (shaharlar, posyolkalar va qishloq aholi punktlarining) yerlari - shaharlar va posyolkalar, shuningdek qishloq aholi punktlari chegarasi doirasidagi yerlar;
3) sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlar - ko‘rsatilgan maqsadlarda foydalanish uchun yuridik shaхslarga berilgan yerlar;
4) tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya maqsadlariga mo‘ljallangan yerlar - alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar egallagan, tabiiy davolash omillariga ega bo‘lgan yerlar, shuningdek ommaviy dam olish va turizm uchun foydalaniladigan yerlar;
5) tariхiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar - tariхiy-madaniy yodgorliklar joylashgan yerlar;
6) o‘rmon fondi yerlari - o‘rmon bilan qoplangan, shuningdek o‘rmon bilan qoplanmagan bo‘lsa ham, o‘rmon хo‘jaligi ehtiyojlari uchun berilgan yerlar;
7) suv fondi yerlari - suv obyektlari, suv хo‘jaligi inshootlari egallagan yerlar va suv obyektlarining qirg‘oqlari bo‘ylab ajratilgan mintaqadagi yerlar;
8) zahira yerlar.
O‘zbekiston Respublikasi yer fondi O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri qo‘mitasi tomonidan har yili 1-yanvar holati bo‘yicha korxona, muassasa va tashkilotlarning yerlaridagi barcha o‘zgarishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, xo‘jaliklar tomonidan yer hisobi hujjatlari asosida tuzilgan hamda tuman, shahar va viloyat hokimlarining qarorlari bilan tasdiqlangan yillik yer hisobotlarini respublika bo‘yicha umumlashtirish natijasida tuziladi.
O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy chegarasidagi yer maydoni 44896,9 ming gektarni tashkil qiladi. 2009-yil 1-yanvar holatiga O‘zbekiston Respublikasi korxona, tashkilot, muassasa va fuqarolari foydalanishidagi yerlar jami 44410,3 ming gektarni, sug‘oriladigan yerlar esa 4303,0 ming gektarni yoki umumiy maydonning 9,6 foizini tashkil qiladi. Mamlakatimiz yer fondining toifalari bo‘yicha tarkibi1-jadvalda keltirilgan.
1-jadval
Do'stlaringiz bilan baham: |