Shelling Fridrix Vilgelm Yozef (1775-1854) – nemis faylasufi. Bosh asari: «Transsendent idealizm tizimi». «Transsendent idealizm tizimi»ning gnoseologik va metodologik ahamiyati shundaki, bu asar bilish nazariyasiga tarixiylik tamoyillarini ilk bor izchil ko’rinishda kiritdi.
Transsendent idealizm tizimi quyidagi asosiy elementlardan tashkil topadi.
1. Nazariy falsafa. U o’zlikni anglash uchun qarama-qarshi yo’nalishlar (obyekt, subyekt, ideal va real faoliyat) o’rtasida kurash lozim, degan metodologik qoidadan boshlanadi. Shelling o’zlikni anglash faqat shu kurash jarayonida yuz berishini va «Men» mexanizmi to’laligicha faqat o’zlikni anglashni tashkil etuvchi qarama-qarshiliklardan keltirib chiqarilishi mumkinligini qayd etadi. Bunda u ikki holatni: «Men» endigina yuzaga kelgan va «Men» aniq-ravshan ko’rinib turuvchi holatlarni farqlaydi. Bunda birinchi holat «Men»dan tashqarida, ikkinchi holat – «Men»ning ichida bo’ladi. Shu munosabat bilan ong qaysi holatdan boshlanishini aniqlash va unga mazkur chegaradan, ya’ni ongdan tashqarida yotgan narsalarni aralashtirmaslik juda muhimdir.
Shelling o’z asarida tarixiylik tamoyilidan foydalanib, o’zlikni anglash tarixida uch asosiy davrni (bosqichni): dastlabki sezishdan samarali mushohada yuritishgacha; samarali mushohada yuritishdan refleksiyagacha; refleksiyadan irodaning mutlaq harakatigacha bo’lgan davrlarni farqlaydi. Bunda Shelling ong, o’zlikni anglash va jamiyatning shakllanish jarayonini odamlarning amaliy faoliyati bilan bog’lashga harakat qildi.
2. Amaliy falsafa. Uning bosh tushunchasi – «tarix», bog’lovchi muhit sifatidagi obyektiv dunyoda yuz beruvchi va aqlli jonzotlar sifatidagi odamlar erkinligining sharti hisoblanuvchi odamlarning o’zaro aloqasidir. Boshqacha aytganda, bu jahon tarixidagi obyektiv qonuniyat haqidagi muhim masalaning qo’yilishidir.
3. Tabiiy maqsadlar falsafasi. Bu yerda Shelling quyidagi antinomiyani ta’riflaydi: ko’r-ko’rona kuchlar mahsuli bo’lgan tabiat amalda maqsadga muvofiqlik ruhi bilan sug’orilgandir. Bu antinomiyaning yechimini u subyekt va obyektning dastlabki ayniyligini e’tirof etish yo’lida ko’radi: umuman tabiatda va uning ayrim mahsullarida maqsadga muvofiqlikka faqat mushohada yuritish yo’li bilan erishish mumkin. Bu mushohadada tushuncha haqidagi tushuncha va obyektning o’zi dastlabki tarzda va uzviy bog’lanadi – shunda natija maqsadga muvofiq tarzda namoyon bo’lishi lozim.
4. San’at falsafasi – transsendental idealizm tizimining oxirgi bo’limi. Uning asosiy qoidalari quyidagilardan iborat:
a) san’at – umuman bilishning oliy shakli, chunki faqat u yaxlit insonga oliy bilimga erishish imkonini beradi. San’at amaliy foydaga ham, axloqqa ham, fanga (falsafaga) ham bo’ysunishi mumkin emas, chunki u hamma narsadan oliyroqdir;
b) san’atning ustunligi shundaki, uning asarlarida ongli va ongsiz faoliyat ayniyati aks etadi. «Bizda mujassamlashgan bu teran ziddiyat»ni aynan va faqat san’at yechishga qodir. San’at – bu nazariy va amaliy narsalar o’rtasidagi qarama-qarshilik bartaraf etilib, ongli va ongsiz tabiat va erkinlikning to’la uyg’unligiga, idealga erishiluvchi jabha;
v) san’at o’z rivojlanish jarayonida spiral tashkil etadi: qadimda undan (aniqrog’i poeziyadan) falsafa va boshqa fanlar tug’ilgan;
g) san’at – erkinlik va zaruriyatning yuksak birligi. Insonning ijodiy tabiati to’la davra aylanib san’atda o’zining yakuniy ifodasini topadi. San’at insonga “oliy"ni bilish darajasiga yetish imkonini beradi.
Shelling naturfalsafasi XVIII asr oxiriga kelib erishilgan va jamoatchilikda keng qiziqish uyg’otgan yangi tabiiy-ilmiy natidalarni falsafiy jihatdan umumlashtirishga bo’lgan ehtiyojga javob sifatida vujudga keldi. Shelling o’z davrining barcha kashfiyotlariga yagona asosni topishga harakat qildi: u tabiatning ideal mohiyati, tabiat faolligining nomoddiy xususiyati haqidagi g’oyani ilgari surdi. Shelling naturfalsafasining qimmati uning dialektikasida namoyon bo’ladi. Tabiatshunoslik kashf etgan aloqalar haqida mulohaza yuritar ekan, Shelling bu aloqalarni belgilovchi kuchlarning birligi va tabiatning yagonaligi haqidagi fikrni ilgari suradi. Bundan tashqari, u har qanday narsaning mohiyati qarama-qarshi faol kuchlarning birligi bilan tavsiflanadi, degan xulosaga keladi. Bu birlikni u «qutblilik» deb nomlagan. qarama-qarshiliklarning birligiga misol qilib Shelling magnitni, musbat va manfiy elektr zaryadlarini, kimyoviy moddalarda kislota va ishqorlarni, organik jarayonlarda ta’sirlanish va tormozlanishni, ongda subyektivlik va obyektivlikni keltiradi. «qutblilik»ka Shelling narsalar faolligining bosh manbai sifatida qaraydi, uni tabiatning «haqiqiy dunyoviy joni» deb tavsiflaydi. Shelling o’z asarlarida ideal va moddiy narsalarning ayniyligi g’oyasini ilgari suradi. Uning fikricha, materiya mutlaq ruh, aqlning erkin holatidir. Ruh va materiyani bir-biriga qarshi qo’yish mumkin emas; ular ayniydir, chunki ayni bir mutlaq aqlning turli holatlarini aks ettiradi.
Shelling naturfalsafasining paydo bo’lishi Fixte subyektiv idealizmi ildiziga bolta urdi va nemis klassik idealizmida obyektiv idealizm va uning dialektikasi sari burilish yasadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |