Miqdor o’zgarishlarining sifat o’zgarishlariga o’tishi qonuni. Hodisalarga makon-vaqt mezoni nuqtai nazaridan tavsif berish jarayonida «qayerda?» va «qachon?» savollari birinchi o’ringa chiqadi. Ularni bilishga nisbatan boshqa bir yondashuv «nima?» savoli bilan bog’liq. Ma’lum joyda va ma’lum vaqtda mavjud bo’lgan mazkur hodisa nimadan iborat? U qanday xossalar bilan tavsiflanadi? Boshqa hodisalardan uning farqi nimada va qay jihatdan ularga o’xshash? Bunday savollarga javob hodisalarni sifat va miqdor jihatidan tavsiflash orqali beriladi. Mazkur tavsif predmeti sifat va miqdor kategoriyalari bilan ifodalanadi. Eng sinchkov tahlil ham hodisada sifat yoki miqdor jihatidan tavsiflash mumkin bo’lmagan narsani aniqlash imkonini bermaydi. Binobarin, sifat va miqdor – hodisaning qoldiqsiz «parchalanuvchi» ikki tomoni (chizmaga qarang)
.Kategoriya tushunchasi va uning tasnifi. Kategoriya nima? Bu savolga javob berish uchun biz qanday fikrlashimiz va o’z fikrlarimizni boshqa odamlarga qanday yetkazishimizni ko’rib chiqamiz. Biz tushunchalar, mulohazalar va mushohadalar ko’rinishida fikrlaymiz. Fikrlash jarayonining asosiy materiali tushunchalar bo’lib, predmetlar o’z umumiy va muhim belgilarida ular orqali fikrlanadi. Tushunchalar yordamida biz voqyea va hodisalar ma’nosini anglaymiz, ularning o’zimiz uchun ahamiyatini aniqlaymiz. Tushuncha va tushunish o’zakdosh so’zlardir, shu sababli bizning dunyoni tushunishimiz, dunyoga ongli munosabatimiz inson ixtiyorida mavjud bo’lgan tushunchalar apparati bilan belgilanadi. Biz o’z fikrlarimizni so’zlar yordamida ifodalaymiz. So’z – fikr va dunyo o’rtasidagi vositachi. U fikrlash omili, fikrni ifodalash, uni boshqalarga yetkazish vositasi hisoblanadi. So’z boyligimiz qancha katta bo’lsa, bizning dunyoni anglash borasidagi imkoniyatlarimiz shuncha keng bo’ladi. Obyektiv borliqni aniqroq va teranroq aks ettirish uchun inson fikrlash mantiqiy vositalarining muayyan majmuini, tushunchalarning muayyan doirasini yaratadi. Tushuncha – bu shunday bir fikrki, unda narsaning takrorlanuvchi xossalari, aloqalari va tomonlari aks etadi. Tilda tushuncha so’z bilan ifodalanadi. Masalan, «talaba», «universitet», «auditoriya» so’zlari ma’lum darajada umumiy, abstraktdir. Ammo shunday tushunchalar ham borki, ularda shunchaki umumiy emas, balki o’ta umumiy narsalar va hodisalar qayd etiladi. Bunday tushunchalar juda yuqori darajadagi mavhumlashtirish (muayyandan uzoqlashish) mahsuli hisoblanadi.
Mana bunday mavhumlashtirishning taxminiy yo’li: «bu atirgul» («bu» so’zi bilan aniq belgilangan); «atirgul» (bu yerda «bu» ishorasi mavhumlashtirilgan); «atirgul» so’zi «bu atirgul» iborasidagidan umumiyroq narsani qayd etadi. Shundan so’ng bu iboraga «gul» so’zini qo’shamiz va u amalda mavjud barcha gullarni qamrab oladi. Shunday qilib biz gullarning muayyan rang-barangligidan fikran uzoqlashamiz, chunki e’tibor barcha gullarda mavjud bo’lgan umumiy jihatga qaratiladi. «O’simlik» so’zi butun o’simliklar dunyosini o’z ichiga oladi va yanada kengroq abstraksiya hisoblanadi. Mavhumlashtirish (muayyandan uzoqlashish) yo’lida harakatni davom ettiramiz. Bu yo’lda «tirik» tushunchasi yanada umumiyroq bo’ladi, chunki o’simliklar dunyosinigina emas, balki hayvonot dunyosini ham o’z ichiga oladi. «Tiriklik» tushunchasi mavhumlashtirishning yanada yuqoriroq darajasida turadi. Bunday tushunchalar kategoriyalar (yunon. – asos, umumiy baho) deb ataladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |