Birinchidan, alohida odam-fikrlovchi va his etuvchi jism. Ikkinchi o‘lchov inson - aqlli mohiyat. Uchinchidan, inson - ijtimoiy-tarixiy mavjudot. Demak, inson tabiiylik, ma’naviylik, individuallik, shaxsiylik va ijtimoiylikning yig‘indisidan iborat.
Ma’naviy borliq. Ma’naviy hayot - inson borlig‘ining tarkibiy bo‘lagi. Ma’naviyat inson bilimlari, axloqiy, huquqiy qarashlari tizimi, badiiy ijodiyotning meyor va mezonlari majmuidan iborat. Ma’naviy borliq - ong va ongsizlik jarayonlari, tabiiy va sun’iy tillarning moddiylashgan shakllarida gavdalangan bilimlardan iborat. Ma’naviy borliqni uning mavjudlik shakllariga qarab turib ikki turga bo‘lib o‘rganish mumkin. Birinchisini - individ ongi va ruhiyati bilan bog‘langan individuallashgan ma’naviy borliq, ikkinchisini individ ongidan tashqarida turuvchi ob’ektivlashgan ma’naviy borliq deyish mumkin.
Individuallashgan ma’naviy borliqqa quyidagilar kiradi: alohida olingan kishining his-tuyg‘ulari, ichki ruhiy kechinmalari, orzu-istaklari, xotirasi, taassurotlari, fikrlari, xayollari, qarashlari, g‘oyalari, ong osti va ongsizlik jarayonlari va x k. Inson fikrlari real, lekin u ma’naviy ko‘rinishdagi reallik. Ongning barcha shaxsiy hamda ijtimoiy fenomenlari borliq ma’nosiga ega. Bu yerda faqat reallikning turlicha darajalari bo‘lishi mumkin, xolos.
Ko‘paytirish jadvalini olib ko‘raylik. Bu reallikmi-yo‘qmi? Albatta, reallik. Qanday reallik? Albatta, moddiy, ashyoviy emas, ma’naviy-ramziy reallik. Bu jadvaldagi ko‘paytirish prinsipining o‘zi ham reallik, albatta, ideal reallik, biroq endi u ramziy emas, balki sof reallikdir.
Individuallashgan ma’naviy borliqning quyidagi xususiyatlari mavjud: birinchidan, unda sodir bo‘layotgan jarayonlarni tashqaridan kuzatish mumkin emas. Ikkinchidan, unga xos jarayonlar individning dunyoga kelishi bilan shakllanadi, olamdan o‘tishi bilan yakun topadi. Umuman borliqning bu shaklini ruhiyatshunoslik fani ustivor darajada o‘rganadi.
Ob’ektivlashgan ma’naviy borliq esa inson ongida paydo bo‘lgan g‘oyalar, fikrlar, qarashlarning ong doirasidan tashqariga chiqib, narsalar shaklida gavdalanishidir. U tabiiy va sun’iy tillarning obrazli belgilarida, sanoat asarlarida, madaniyat obidalarida mujassamlashadi. Uning bir ko‘rinishi nutqdir. Til o‘zida ongni reallashtiradi, yuzaga chiqaradi, umuman tilda fikr moddiylashadi. Tilning moddiy vositalari tovushlar, so‘zlar, gaplar va x.k. Bundan tashqari, insoniyat yaratgan yodgorliklar, kitoblar, notalar, ranglar, kuylar, raqslar, loyihalar, modellar ma’naviy borliqning ob’ektivlashgan ko‘rinishlaridir.
Do'stlaringiz bilan baham: |