Narsalar, tabiiy jarayonlar borlig‘i. Tabiiy borliqning birinchi ko‘rinishi insonga qadar, inson va uning ongidan tashqarida, unga bog‘liq bo‘lmagan moddiy borliq hisoblanadi. Moddiy borliq - bu narsalar, ularning xossalari, munosabatlari, jarayonlari borlig‘idir. ''Narsa'' tushunchasi o‘z xossasiga ega va boshqalar bilan munosabatda bo‘ladigan predmetni, ob’ektni bildiradi. ''Xossa'' predmetdagi boshqa predmetlar bilan o‘xshash yoki o‘xshamaydigan tomonlardir. ''Bog‘lanish'' - olamning abadiy taraqqiyotidagi alohida momentni bildiradi. Shu ma’noda barcha narsa-hodisalar o‘zaro ta’sirda va o‘zaro bog‘langan bo‘ladi. Ob’ektlarning bir-biriga ta’siri va shu asosda ularning o‘zgarishiga olib keladigan hodisa ''o‘zaro ta’sir'' deyiladi. Bularni odatda “birlamchi tabiat” iborasi bilan tushuntiradilar. Tabiiy borliqning bu shakli inson faoliyatining dastlabki sharti sifatida mavjud bo‘lgan tabiiy narsa-hodisalar va jarayonlardir. Inson paydo bo‘lgach, ularga ta’sir eta boshlaydi, bu jarayonning uzoq va muntazam ravishda amal qilishi oqibatida inson qo‘li bilan yaratilgan narsa-hodisalar va jarayonlar yuzaga keladi. Bularni oldingilardan farqlash maqsadida “ikkinchi tabiat” deb ataydilar.
“Birlamchi tabiat” borliqning alohida maxsus shaklidir. Bunda bir butun tabiat borlig‘ini uning alohida narsalari, jarayonlari, holatlari borlig‘idan farq qilish lozim.
Yaxlit tabiat borlig‘i fazo va vaqt doirasida cheksizdir, u doimo va hamma joyda mavjud bo‘lgan, mavjuddir va mavjud bo‘ladi. Lekin tabiatga xos bu asl xislat uning alohida hodisalari, jarayonlari, holatlariga bir butunicha dahldor bo‘lmasligi mumkin. Binobarin, ular paydo bo‘lish, o‘zgarish, rivojlanish, so‘nish jarayonlarini boshidan kechirib turadi. Tabiat bir butun, o‘tkinchi emas deb fikrlaganimizda, uning yaxlit o‘zini emas, balki uning ayrim, konkret hodisalariga xos xususiyatni nazarda tutgan bo‘lamiz, demak, tabiat emas, uning alohida hodisalari o‘tkinchi. Shu manonoda tabiat o‘tkinchimas va o‘tkinchilikning uzviy birligidan iborat.
Insonni qurshab olgan tabiat tushunchasiga tabiatning o‘zidan tashqari yana inson yaratgan buyumlar ham kiradi. Inson aqli va mehnati bilan yaratilgan narsalar “ikkinchi tabiat” ekanligi yuqorida ta’kidlab o‘tildi. U “birlamchi tabiat”dan nimasi bilan tafovut qiladi? Avvalam bor, inson qo‘li bilan yaratilganligi, unga inson mehnati va bilimi sarflanganligi bilan farqlanadi, deb javob berish mumkin. “Ikkinchi tabiat”da inson mehnati va bilimlari “predmetlashadi”, unda “ijtimoiy ruh” gavdalanadi. “Ikkilamchi tabiat” mahsulotlari muayyan ijtimoiy vazifani bajaradi. Masalan, dastgoh. U mato to‘qiydi, inson maqsadlarini ob’ektivlashtiradi. "Ikkinchi tabiat" - sivilizatsiyalashgan borliqdir.(telemarkazlar, muzeylar, teatr, kiyim-bosh, komppyuter va h. k. )
Borliqning har ikkala ko‘rinishi o‘zaro ayniyat va tafovut birligini bildiradi. Birlamchi tabiat cheksiz, chegarasiz, o‘tkinchi bo‘lmagan borliq, lekin uning ayrim hodisalari, masalan, odam o‘tkinchidir. "Ikkinchi tabiat" da tabiat qonunlari emas, balki insonning qayta yaratuvchilik qonunlari amal qiladi. Har ikki tabiat biri-biri bilan o‘zaro bog‘langan bo‘lsa ham, ular o‘rtasida to‘qnashuv darajasiga yetib boradigan munosabatlar ham yo‘q emas. Bu o‘rinda hozirgi paytda yuzaga kelgan ekologik, energetik muammolarni eslash kifoya.
Do'stlaringiz bilan baham: |