Ildizning ikkilamchi anatomik tuzilishi. Ikkilamchi o’zgarish faqat ikki pallali o’simliklar ildizi uchun xarakterlidir. Ikkilamchi o’zgarish markaziy silindrda kambiyning paydo bo’lishi bilan boshlanadi. Kambiy hujayralarning bo’linishi natijasida odatda ichki tomonga ikkilamchi yog’ochlik, tashqariga esa ikkilamchi lub elementlarini hosil qiladi. Shunday qilib, birlamchi lubda kollaterial turdagi ikkilamchi o’tkazuvchi boylamlar kelib chiqadi. Ularning soni yog’ochlik nurlari soniga tengdir. Birlamchi lub ikkilamchi lub bilan qo’shilib ketadi. Keyinchalik ikkilamchi to’qima tazyiqi natijasida uning hujayralari siqilib, erib ketadi va sezilmay qoladi. Uning elementlari yulduzsimon yoki urchuqsimon shaklda, vaqt o’tishi bilan birlamchi yog’ochlik ham yo’qolib ketadi. Ildizning ikkilamchi tuzulishida suyuqlik harakati ikkilamchi o’tkazuvchi elementlar orqali sodir bo’ladi. Birlamchi yog’ochlik ostidagi qismdan (peritsikldan) o’zak nurlari shakllanadi. Ular kelib chiqishi jihatidan birlamchi hisoblanadi. O’zak nurlari ikkilamchi o’tkazuvchi boylamlar orasidan joy oladilar. Ko’pchilik ikki pallali o’simliklarda ana shu vaqtga kelib birlamchi po’stloq tushib ketadi. Qoplagich to’qima vazifasini hosil bo’lgan periderma bajaradi. Ko’pchilik o’simliklarda kambiyning faoliyati har yili yangilanib turadi. Uni yog’ochlik qismda ko’rish mumkin.
Ildizmevalar - ildizning parenxima hujayralari zapas oziq moddalar to’plashi natijasida asosiy ildizning yo’g’onlashib ketishi. Ildizmevalar sabzi, lavlagi, rediska, sholg’om va boshqa o’simliklar uchun xosdir. Ildizmeva uch qismdan iborat: bosh, bo’yin va ildiz. Ildizmevaning bosh qismi poyaning bir bo’lagi bo’lib qisqargan novda - rozetkasidir. Uning bo’yini , ya'ni yo’g’onlashgan qismi gipokotilning yo’g’onlashishi natijasida kelib chiqqan. Haqiqiy ildiz esa o’zining odatdagi tuzilishini saqlab qolgan. Ortiqcha sug’orish yoki oziq berish natijasida ildizmevali o’simlikning birinchi bo’g’im oralig’i yo’g’onlashishi mumkin. Oqibatda ikki - uch qo’shaloq ildizmevalar kelib chiqadi.
Parenxima turli to’qimalarda rivojlanishi mumkin. Sabzi, petrushka va boshqa seldereydoshlarda ko’p miqdorda, lubda, sholg’om, rediska, turp va boshqa karamguldoshlar oilasi vakillarida, aksincha yog’ochlik kuchli ravishda parenximalashgan. So’rg’ich ildizning po’stloq parenxima hujayralari, o’tkazuvchi bog’lamlari ona o’simlikning floemadagi o’tkazuvchi bog’lamlariga qarab o’sadi. O’sayotgan ildizning uzunchoq parenxima hujayralari gaustoriya hujayralari deb ataladi. Bu hujayralar yig’indisi tekinxo’r o’simliklarning eng asosiy organi so’rg’ich ildizi bo’lib qoladi. So’rg’ich ildizlar zarpechakning har xil turlarida, plyushda, shumg’iyada uchraydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |