Tole yoʻqi jonimgʻa baloligʻ boʻldi,
Har ishnikim ayladim – xatoligʻ boʻldi,
Oʻz yerin qoʻyib Hind sori yuzlandim,
Yo Rab, netayin, ne yuz qaroligʻ boʻldi.
Shu bilan birga Bobur lirikasida sheʼriyatning asosiy mazmuni boʻlgan insoniy fazilatlar, yor vasli, uning goʻzalligi, unga cheksiz muhabbat va hijron azobi, ayriligʻ alamlari va visol quvonchlari nihoyat goʻzal va mohirona ifoda etilgan.
Xazon yaprogʻi yangligʻ gul yuzung hajrida sargʻardim,
Koʻrub rahm aylagil, ey lolarux, bu chehrai zardim.
Sen ey gul, qoʻymading sarkashligingni sarvdek hargiz,
Ayogʻingga tushub bargi xazondek muncha yolvordim.
Bobur oʻz lirik sheʼrlarida har doim odamlarni yaxshilikka, adolat, insonparvarlikka, yuksak insoniy tuygʻularni qadrlashga chaqirdi:
Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidur,
Har kimki jafo qilsa, jafo topqusidur.
Yaxshi kishi koʻrmagʻay yomonligʻ hargiz,
Har kimki yamon boʻlsa, jazo topqusidur.
Bobur lirik sherʼlari va tarixiy “Boburnoma”sidan tashqari islom qonunshunosligi va boshqa sohalarda ham asarlar yaratgan. 1522 yilda oʻgʻli Humoyunga atab yozgan. “Mubayyin” nomli asarida oʻsha zamon soliq tizimini, soliq yigʻishning qonun-qoidalarini, shariat boʻyicha kimdan qancha soliq olinishi va boshqa masalalarni nazmda izohlab bergan. “Xatti Boburiy” deb atalgan risolasida arab alifbosini turkiy tillar, xususan oʻzbek tili nuqtai nazaridan birmuncha soddalashtirib berishga harakat qilgan. U, tajriba sifatida “Xatti Boburiy” alifbosida Kurʼoni Karimni koʻchirgan. Boburning aruz vazni va qofiya masalalariga bagʻishlangan. “Mufassal” nomli asari ham boʻlganligi maʼlum, biroq bu asar bizgacha yetib kelmagan.Bobur oʻzining maʼlum va mashhur asarlari bilan tarixnavis adib, lirik shoir va ijgimoiy masalalar yechimiga oʻz hissasini qoʻshgan olim sifatida xalqimiz maʼnaviy madaniyati tarixida munosib oʻrin egallaydi.
2. Boburiylar sulolasi hukmdorlari haqida
Boburiylar — Hindistonda (1526—1858) hukmronlik qilgan turkiy sulola.
Temuriylar sulolasining vakili, Amir Temur avlodi Zahiriddin Muhammad Bobur asos solgan. Chet ellarda, mamlakatimizda, hatto Hindistonda ham Boburni va uning avlodlarini "buyuk moʻgʻullar" deb atash odat boʻlib qolgan. "Buyuk moʻgʻullar" degan ibora Chingizxon va undan keyingi moʻgʻul qoonlari (Oʻqtoy qoon, Guyuk qoon, Munka qoon)ga taalluqli boʻlib, B. aslida Bobur avlodlaridir. Ular tarixiy hujjatlarda oʻzlarini "boburiy mirzolar" deb yuritishgan. V. V. Bartold dunyoda tarqalgan "buyuk moʻgʻullar" iborasining xato ekanligini koʻrsatib, "Yevropaliklar Temurni va uning oʻgʻillari hamda nabiralarini moʻgʻullardan tarqalgan deb hisoblab, (Bobur) saltanati uchun "buyuk moʻgʻullar" degan nom toʻqidilar", deb yozadi. Bu ibora esa Yevropadan Hindistonga "koʻchib" kelib, hindlar orasiga inglizcha kitoblar vositasi bilan tarqalgandir. Soʻnggi yillarda "buyuk moʻgʻullar" degan xato ibora oʻrniga "boburiylar" iborasi qoʻllanila boshladiki, bu ibora tarixiy haqiqatni toʻgʻri aks ettiradi. B. Hindistonda 332 yil hukmronlik qildilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |