Kabuki(歌舞伎) –XVII asrning ikkinchi yarmida paydo bo‘lib, spektakllar, raqs sahnalari va matnlardan tuzilgan. Ssenariyda berilgan syujetlar asosida yetakchi aktyorlar o‘zlari uchun matnlar yozardilar va improvizatsiya jarayonida ko‘p hollarda o‘zgartirar edi. XVII asrning oxirlarida pardali pyesalar yozildi, professional dramaturglar paydo bo‘ldi. Odatda dramaturglar muayyan teatrlar uchun pyesalar yozishar edi. Truppaning yetakchi aktyor va rahbari bosh dramaturg bilan birgalikda sahnadagi asosiy syujetlarini o‘zi yozardi, qolganlarini uning assistentlari, kichik dramaturglar yozishardi. Kabuki teatrining dramaturgiyasi No teatrida va boshqa teatrlardan pyesalar o‘zlashtirib, o‘zlariga moslashtirdilar. Kabuki teatrining yokyoku dramasi asosida “matsubame-mono” (松羽目物) va “notori-mono” (能捕り物) nomli pyesalari paydo bo‘ldi.
Kabuki teatrining atoqli dramaturglari Namiki Shojo, Namiki Gohei, Sakurada Jisuke bo‘lgan. Ular zamonaviy shahar hayotini aks ettiruvchi o‘ziga xos maishiy dramalar yozgan. Keyinroq esa ishqiy poeziya elementlarini rivojlantiruvchi groteska (mubolag‘ali hajviy tarzda yozilgan hayotiy asar)lar paydo bo‘ldi. Bu yo‘nalishning eng yirik dramaturgi Tsuruya Namboku IV (XVIII asr o‘rtalari XIX asr boshlari) edi. Uning “Tokaydo yotsuya kaidan” (都海道四谷怪談) pyesasi zamonaviy yapon teatri repertuarlarida saqlanadi.
Kabuki dramaturgiyasining klassigi Kavatake Mokuami hisoblanadi. Uning ijodida feodalizmning parchalanish davri va Yaponiyada kapitalizmning rivojlana borishi aks etadi. Mokuami tarixiy realistik pyesa – “katsureki-mono” (活歴物) va zamonaviy pyesa – “jangiri-mono” (じゃんぎりもの)larni yozdi. XIX asr oxiri XX asr boshlarida “shinkabuki” (「新歌舞伎」 – “yangi kabuki”) pyesasi paydo bo‘la boshladi, ular zamonaviy Yevropa drama shakllariga o‘xshash edi18.Yaponiya uchun kabuki teatri ibodat joyi, mag‘rurlik va milliy ruh masalasidir. Chet elliklar birinchi qarashda sahnada yuzaga keladigan harakatni tushunishmaydi, ammo bu sahna ko‘rinishlar butun dunyo ijodiy jamoatchiligi tomonidan e’tirof etilgan.
Kabuki teatri rivojlanishining dastlabki davrida uning sahnasida raqslar va raqslar orqali ijro etiladigan pyesalar ustunlik qildi. XVII asrning ikkinchi yarmida kabukida ayollar va yosh erkaklar ijrolari taqiqlanganligi sababli kabuki chiqishlari o‘zining jozibadorligini yo‘qotdi. Shu vaqtdan boshlab kabuki san’atini bosqichma-bosqich dramatizatsiya qilish boshlandi.
Kabuki teatri tarixidagi eng katta nom qoldirgan shaxs dramaturg Chikamatsu Monzaemon edi. Ishining birinchi davrida Chikamatsu o‘z davrining eng katta aktyori Sakata Tojuro uchun kabuki pyesalarini yozdi. Aktyorning o‘limidan so‘ng Chikamatsu kabukini tark etib, joruri teatri uchun pyesalar yozishni boshladi, ammo ularning barchasi, albatta, kabuki sahnasida sahnalashtirildi va ushbu teatr repertuarida muhim o‘rinni egalladi.
Chikamatsudan tashqari, taniqli kabuki dramaturglaridan Namiki Shozo (1730-1773), Namiki Gohei V (1740-1808), Sakurada Jiske (1734-1806) kabi dramaturglar kata muvaffaqiyatga erishdi. Ularning barchasi o‘z davridagi shahar aholisi hayotidan yorqin kundalik dramalarning yaratuvchilari edi.
Biroz vaqt o‘tgach, erotizmga katta e’tibor berilib, groteskka murojaat qilgan dramalar paydo bo‘la boshladi. Ushbu yo‘nalishdagi eng buyuk dramaturg Tsuruya Namboku IV (1754-1829) edi. Uning “Tokaido yotsuya kaydan” spektakli katta muvaffaqiyatga erishdi va shu kungacha sahnani tark etmay kelmoqda.
Kabuki pyesalarida O‘rta asrlarda Yaponiyada hayotning turli qirralari, turli ijtimoiy guruhlar odamlarining munosabati va intilishlari aks etgan. Aksariyat pyesalarning asosiy mavzusi – bu oiladagi va jamiyatdagi munosabatni belgilaydigan inson tuyg‘ulari va feodal tuzumning shafqatsiz qoidalari o‘rtasidagi ziddiyat, hukmron feodal jamiyatning axloqsizligining daxlsizligi bilan bog‘liq ziddiyat edi.
Kabuki pyesalarining uch turi mavjud: tarixiy (時代物 – jidaimono, yoki jidai-kyogen), kundalik (近者– chikamono, yoki seva-kyogen) va raqs (所作事 – shyossagoto yoki buyo-geki). Sahnalashtirilgan kabuki spektakli, odatda, ushbu uchta mavzuning har bir biridan bir parcha yoki aktni o‘z ichiga oladi19.
Pyesalar turlaridan biri jidaimono – tarixiy pyesalar bo‘lib, ularning qahramonlari XIII - XIX asr o‘rtalarida yashagan jangchilardir. Ko‘pincha bu pyesalarda asosiy mavzu sadoqat va qasos haqida bo‘ladi. Bu turga kiruvchi Chikamatsu Xanji boshchiligidagi bir qator dramaturglar tomonidan besh qismli fojia tarzida yozilgan “Imoseyama onna teykin” birinchi marta Osakada Takemotoza qo‘g‘irchoq teatrida sahnalashtirilgan (1771). Shu bilan birga, u birinchi marta kabuki aktyorlari tomonidan ijro etilgan. O‘shandan beri na kabuki repertuari, na bunraku (ningyo joruri) repertuarini ushbu spektaklsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.
“Imoseyama Onna Teykin” 妹背山婦女庭訓– bu murakkab, ko‘p qirrali drama. Ushbu spektaklning o‘n ikki sahnasini namoyish qilish 10-12 soatgacha davom etadi va zamonaviy teatrda bu pyesani namoyish etish imkonsizdir. Shuning uchun ular spektaklning turli aktlardan olingan individual sahnalarini sahnalashtirdilar. Ushbu asarni Romeo va Julyettaning yaponcha versiyasi deb atash ham mumkin.
Pyesada ikki urushayotgan feodal oilaning uylari Yoshinokava daryosining qarama-qarshi qirg‘og‘ida joylashgan. Bu oilaning yagona qizi Xinadori go‘zallikda tengsiz edi. Ikkinchisida esa mag‘rur va qalbida umid to‘la yigit Kagonosuke yashar edi. Yoshlar bir-birlarini sevib qolishadi, ammo ular uchun oilaviy janjal yengib bo‘lmas to‘siq edi. Ular daryo bo‘yida bir-birlariga xo‘rsingancha qarab, umrlarini o‘tkazar edi.
Tez orada sevgi uchun yangi sinov paydo bo‘ldi. Ota-onalar ularni boshqa-boshqa insonlar bilan oila qurishlarini aytishdi. Yoshlar bu dunyoda birlashish imkonsizligini anglab, u dunyoda birlashish umidida o‘z jonlariga qasd qilishga qaror qilishdi. Yigit o‘zini harakiri qildi. Qizning onasi uning iltimosiga binoan qizning boshini kesib tashladi. Bunday fojia oldida, ota-onalar o‘zlarining dushmanligini unutdilar va o‘limdan keyin bolalarning birlashishiga yordam berishga ahd qilishdi. Onasi kelinning sevimli narsalari bilan birga boshini daryodan kuyovning uyiga yubordi. Koganosukening otasi daryodan qimmatbaho yukni olib, o‘layotgan o‘g‘lining oldidagi kichkina stol ustiga boshni qo‘yib, to‘y marosimini o‘tkazdi va o‘g‘lining boshini kesib tashladi.
Shinkabuki (“新歌舞” – “yangi kabuki”) – kabuki repertuarida alohida ahamiyatga ega20. Qadimgi klassik pyesalardan farqli o‘laroq, ular an’anaviy teatrni zamonaviylikka yaqinlashtirishga harakat qilishdi va yangi spektakllar “shinkabuki” nomi bilan atala boshlandi. Kabuki repertuarida yangi spektakllarning paydo bo‘lishi Meyji inqilobidan keyin amalga oshirilgan. Bunga sabab Yevropa madaniyatining juda keng ta’sirini o‘z ichiga olgan umumiy madaniy o‘zgarishlar bilan bog‘liqdir.