I BOB BO‘YICHA XULOSALAR
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, har qanday adabiyot – o‘z davrining mahsuli bo‘lib, asar yozilayotgan davrni u yoki bu jihatdan aks ettiradi. Adabiy mavzular ham baribir o‘z zamonasi tafakkuridan, yashash tarzidan kelib chiqadi. Dramatik tur bu adabiyot sohasining muhim sohalaridan biri hisoblanib, har bir mamlakat adabiyotini dramaturgiyasiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu qatorda Yaponiyada teatr sohasi rivojlanishi VII-VIII asrlardan boshlagan bo‘lsa, davlatlararo aloqalar natijasida zamonaviy teatr XX asrda vujudga kela boshladi. Bu davrda yaratilgan zamonaviy teatrlar yapon xalqi madaniyatining ajralmas bir bo‘lagiga aylanishiga, mahoratli dramaturg, aktyor, aktrisalarning yetishib chiqishiga tayanch bo‘ldi.
Yaponiya – bu adabiyotning juda ko‘p turli janrlarga ega bo‘lgan va ko‘p asrlik tarixiy badiiy an’analarini zamonaviy adabiyotda saqlab qolgan dunyodagi yagona mamlakatdir. Yapon dramaturgiyasiga nazar tashlar ekanmiz, avvalo uning klassikasi — an’anaviy teatrning eng qadimgi shakllari (bugaku, no, kabuki, ningyo joruri) Yaponiya tarixida katta ahamiyatga ega ekanligni kuzatishimiz mumkin. Meyji inqilobidan keyin paydo bo'lgan yangi shakllar (shimpa, shinkokugeki, shingeki), shuningdek, Yevropa teatr janrlari (opera, balet, revyu), faqat so‘nggi XIX asr oxiri va XX asrda keng tarqalgan. Zamonaviy janrlarning har biri avvalgi janrlar bilan bog‘liq va uning ta’sirini o‘zida aks ettiradi.
Yapon adabiyoti tarixiga e’tibor bersak, unda janrlar xilma-xilligini, bu janrlar boshqa mamlakatlar adabiyotida takrorlanmasligining guvohi bo‘lamiz. Shuningdek, yapon teatri va dramaturgiyasi ham o‘ziga xos ajoyib xususiyatlarga ega bo‘lib, boshqa xalqlar teatr va dramaturgiyasidan bu xususiyatlari bilan ajralib turadi.
Turli davrlarda Yaponiyada turli teatr shakllari vujudga keldi. Ilk vujudga kelgan teatrlar raqs va musiqa ko‘rinishida bo‘lib, bu teatrlar vujudga kelishiga buddizmning Yaponiyaga boshqa mamlakatlardan kirib kelishi sabab bo‘ldi. Asosiy ta’sir Koreya, Xitoy, Hindiston, Vetnam, Manjuriya bilan bo‘lgan davlatlararo aloqalar natijasida yuz berdi. Mamlakatda turli adabiy jarayonlar vujudga keldi.
Natijada asta-sekinlik bilan dramaturgiya sohasi rivojlana boshladi. Har bir davrda Yaponiya o‘zining mahoratli dramaturglarini yetishtirib chiqardi. Bugaku, No, Kabuki, Joruri, Shimpa, Shinkokugeki, Shingeki kabi o‘ziga xos, bir-birini aslo takrorlamaydigan teatrlar vujudga keldi. Klassik teatrlarda namoyish etilgan har bir pyesalar qa’tiy tartib-qoidaga rioya etilgan holda yaratilgan, ularda rol ijro etuvchilar ham ma’lum shartlar asosida tanlab olinib, bo‘lg‘usi aktyorlarga yillar davomida aktyorlik mahoratidan darslar o‘tilgan.
Meyji inqilobidan so‘ng o‘z teatr shakllariga ega Yaponiya o‘ziga yana bir teatr – zamonaviy teatr kerak ekanligini his qiladi. Yevropa ta’siri natijasida yangi – shingeki teatri vujudga keladi. Bu teatrning boshqa klassik teatrlardan farqi shunda ediki, unda boshqa teatrlar kabi pyesalar aniq qonun-qoidalar asosida yozilmas edi. Bu pyesalar zamonaviy hayotdagi zamonaviy mavzularni o‘z ichiga olar edi.
Shingeki truppalari faoliyati yapon zamonaviy teatrida o‘chmas iz qoldirdi. Bu janr Yaponiyaga Yevropa teatri asoslarini tanishtirdi. Yevropa muhitini yapon xalqi tasavvurida shakllanishida katta xizmat qildi. Shuningdek, shingeki o‘zida Yevropa va yapon teatrining birlashmasini yaratdi. Shingeki teatrida faoliyat ko‘rsatgan ko‘plab taniqli namoyondalar zamonaviy dramaning rivojlanishida turli xil o‘ziga xos yo‘llar qidirdi va bu izlanishlar natijasida katta muvaffaqiyatlarga erishishdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |