3. “Kategoriya” so‘zi qadimgi yunon tilidan olingan bo‘lib: «izohlash», «tushuntirish», «ko‘rsatish», degan ma’nolarni anglatadi. Uning mazmunidagi bunday xilma-xillik qadimgi davrlardanoq ilmiy tadqiqot yo‘nalishiga aylangan. Falsafa tarixida ularni birinchi bo‘lib, Arastu ta’riflab bergan. U o‘zining «Kategoriyalar» degan asarida ularni obyektiv voqelikning umumlashgan in’kosi sifatida qarab, turg‘unlashtirishga harakat qilgan. Xususan, uningcha quyidagi kategoriyalar mavjud: «mohiyat» (substansiya), «miqdor», «sifat», «munosabat», «o‘rin», «vaqt», «holat», «mavqe», «harakat», «azob-uqubat». Bu turg‘unlashtirish, o‘z vaqtida ilmiy bilishda juda katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Keyinchalik Arastu «Metafizika» asarida «mohiyat», «holat» va «munosabat» kategoriyalarini ham izohlagan.
XVII-XIX asrlarga kelib, falsafiy kategoriyalar tahlilida yangi davr vujudga keldi. Xususan, I. Kant qarashlarida kategoriyalar «sifat» (reallik, inkor, chegaralash), «miqdor» (birlik, ko‘plik, yaxlitlik), «munosabat» (substansiya va xususiyat, sabab va harakat, o‘zaro ta’sir), «modallik» (imkoniyat va imkoniyatsizlik, voqelik va novoqelik, zaruriyat va tasodif) tarzida izohlangan. Kantdan farqli o‘laroq, Xegel esa mantiqiy kategoriyalarni: «borliq» (sifat, miqdor, me’yor), «mohiyat» (asos, hodisa, mavjudlik), «tushuncha» (obyektiv, subyektiv, absolyut g‘oya) tarzida izohlagan.
Lekin shuni unutmaslik kerakki, bugun falsafadan boshqa xususiy fanlar ajralib chiqqan davrda, fan kategoriyalari falsafiy kategoriyalardan tubdan farq qiladi. Har qanday fan borliqning muayyan tomonlarini o‘rganar ekan, albatta o‘z kategoriyalar apparatini shakllantiradi. Matematika «son», «differensial», «integral» kabi kategoriyalar bilan bog‘liq. Biologiyada «tur», «irsiyat», «o‘zgaruvchanlik» kabi kategoriyalar mavjud. Ammo, muayyan fanlarning kategoriyalari ma’lum darajada umumiy bo‘lsa-da, borliqning ayrim sohalaridagina qo‘llaniladi va mazkur sohalarga xos bo‘lgan aloqalar va munosabatlarni aks ettiradi. Xususiy ilmiy kategoriyalar alohida olingan xususiy ilmiy fanlarda qo‘llaniladigan, mohiyat nuqtayi nazaridan boshqa fanlarda qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan kategoriyalardir. Masalan, fizika, kimyo geologiya, geografiya fanlari kategoriyalari xususiy xarakterga ega.
Falsafiy kategoriyalar fan kategoriyalaridan butunlay farq qiladi. Falsafiy kategoriyalarning muhim xususiyati, ular o‘ta keng tushunchalar ekanligidir. Falsafiy kategoriyalar – borliqning umumiy, muhim tomonlari, xossalari, aloqalari va munosabatlari haqida fikrlash uchun qo‘llaniladigan o‘ta keng tushunchalar majmuidir.
Falsafa fanining kategoriyalari haqidagi turli qarashlarni umumlashtirib aytganda, ularning mantiqiy tushunchalar sifatidagi quyidagi tavsiflari bor: 1) obyektiv voqelikning in’ikosi; 2) narsa va hodisalarning o‘zaro bog‘lanish va aloqadorligini mantiqiy umumlashtiruvchi bilish usuli; 3) narsa va hodisalarning rivojlanishi bilan o‘zgarib turuvchi mantiqiy tushuncha; 4) borliqning mavjudligidan kelib chiqadigan tarixiy — mantiqiy bilish darajalaridan biri. Ko‘pchilik mutaxassislar kategoriyalar olam, undagi narsa va voqealar, ularning asosiy va takrorlanib turuvchi aloqadorligini ifodalaydigan keng mazmundagi tushunchalardir, degan fikrga qo‘shiladilar. Bu ma’noda borliq, voqelik, harakat, makon, zamon, miqdor, sifat va boshqalar falsafaning ana shunday kategoriyalaridir.
Falsafada o‘z xususiyatlariga ko‘ra, «juft kategoriyalar» deb ataladigan; umumiy bog‘lanish va aloqadorlik munosabatlarini ifodalovchi tushunchalar ham bor. Ular narsa va hodisalarning muayyan yo‘nalishdagi eng muhim, zaruriy, nisbatan barqaror, davriy takrorlanib turuvchi bog‘lanish va aloqadorlik munosabatlarini ifodalaydi. Falsafa kategoriyalari mazmunidagi ichki birlik, bog‘lanish, aloqadorlik va munosabatlarning yaxlitligi bilish jarayonining uzluksizligini ta’minlaydigan umumiy qonuniyat tarzida vujudga kelgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |