Bilish sub`ekti. Bilish bilan shug`ullanuvchi kishilar va butun insoniyat bilish sub`ekti hisoblanadi. Ayrim olingan tadqiqotchi-olimlar, ilmiy jamoalar, ilmiy tadqiqot institutlari ham alohida bilish sub`ektlaridir. Ilmiy faoliyat tabiat va jamiyat mohiyatini bilishgagina emas, balki insonning o`ziga ham qaratilishi mumkin. Inson va butun insoniyat ayni bir vaqtda ham bilish ob`ekti, ham bilish sub`ekti sifatida namoyon bo`ladi.
Bilishning maqsadi ilmiy bilimlar hosil qilishdangina iborat emas, balki bilish jarayonida hosil qilingan bilimlar vositasida insonning barkamolligiga intilish, tabiat va jamiyatni insoniylashtirish, tabiiy va ijtimoiy garmoniyaga erishishdir. Fan — fan uchun emas, balki inson manfaatlari uchun xizmat qilishi lozim. Inson ilmiy bilimlar vositasida ma`naviy barkamollikka erisha borgani sari ilm-fan qadriyat sifatida e`zozlana boshlaydi. Fanning har tomonlama rivojlanishi bilan turli ilm sohalarining hamkorligi kuchayadi, butun ilmiy jamoalar bilish sub`ekti, yangi ilmiy kashfiyotlar ijodkoriga aylanadilar.
Bilish predmeti sub`ektning bilish faoliyati qamrab olgan bilish ob`ektining ayrim sohalari va tomonlaridir. Fanning o`rganish sohasi tobora konkretlashib boradi. Tabiatshunoslik fanlarini bilish predmetiga qarab botanika, zoologiya, geografiya, ixtiologiya va boshqa sohalari vujudga kelgandir. Tadqiqot predmeti fanlarni bir-biridan farqlashga imkon beradigan muhim belgidir.
Bilish darajalarini shartli ravishda: quyi, yuqori va oliy darajaga ajratish mumkin. Bilishning quyi darajasi barcha tirik mavjudotlarga xos bo`lib, hissiy bilish deyiladi. Hissiy bilish sezgilar vositasida bilishdir.
Insonning sezgi a`zolari (ko`rish, eshitish, hid bilish, ta`m bilish, teri sezgisi) boshqa mavjudotlarda bo`lgani singari uning narsalarga xos xususiyat, belgilarini farqlash, tabiiy muhitga moslashish va himoyalanishi uchun yordam beradi. Bilishning quyi bosqichida sezgi, idrok, tasavvur, diqqat, xayol tashqi olam to`g`risida muayyan bilimlar hosil qilishga yordam beradi.
Bilishning yuqori bosqichi faqat insonlargagina xos bo`lib, aqliy bilish (ratsional bilish) deyiladi. Agar inson o`z sezgilari yordamida narsa va hodisalarning faqat tashqi xossa va xususiyatlarini bilsa, tafakkur vositasida narsa va hodisalarning ichki mohiyatini bilib oladi. Mohiyat hamisha yashirindir, u doimo hodisa sifatida namoyon bo`ladi. Har bir hodisada mohiyatning faqat bir tomonigina namoyon bo`ladi. Shu boisdan ham hodisa aldamchi va chalg`ituvchidir. Binobarin, inson sezgilarining biron bir narsa yoki hodisa to`g`risida bergan ma`lumotlari hech qachon uning butun mohiyatini ochib bera olmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |