deb qo‘l ko‘tarib duo qilg‘onlarida mazkur jam’ bo‘lg‘on mardum “omin” deb, yig‘lab turganlarini kamina Xo‘qand shahrida baqqollig‘ rastasida
turg‘uvchifaqirul-ahqar Mullo Abdullajon bataxallusi Nasimiy nazm silkig‘a tartib berdi” (Nasimiy musavvadasi, 107a varaq).
Yigirma baytdan iborat mazkur masnaviy shunday boshlanadi:
Qo‘rqamankim yer yutar deb elni bul af’olig‘a,
Ko‘b xiyonat sodir o‘ldi amlaku amvolig‘a…
She’r davomida esa odamlarning yig‘ilib duo qilgani, musibatga uchraganlarning tavba qilishlari lozimligi kabilar bayon etilgan. Va, u quyidagicha yakunlanadi:
…Ey Nasimiy, tavba qil, taqdir ishig‘a chora yo‘q,
Na yozilmish, banda ko‘rgay safhai devonig‘a.
Kuzatishimizga ko‘ra, Abdullajon Nasimiy Ho‘qandiyning ushbu masnaviysidagi voqeaga yondashuv “Bechora andijonlik” she’ridagidan o‘zgacharoq.
Albatta, uning qay bir she’rini avvalroq yaratgani haqida qat’iy bir narsa deyish qiyin. Lekin, muallif so‘z yuritayotgan voqeani va shu she’r tarixini “1320 yil g‘urrai mohi shavvolda” deb ko‘rsatishiga qaraganda, “Iydi ramazon” namozi o‘qiladigan shavvol oyining boshi, ya’ni, birinchi kuni yozgan. Agar, zilzila o‘sha yil ramazon oyining o‘n to‘rtinchi kuni (16 dekabr)da sodir bo‘lganini nazarda tutsak, shoir aytayotgan voqea bundan 15 kuncha keyinroq, aniqrog‘i, 1903 yilning 2 yanvariga to‘g‘ri keladi.
Demakki, Abdullajon Nasimiy Ho‘qandiy oldin ushbu masnaviyni, so‘ngra, “Bechora andijonlik” she’rini yozgan (“TVG”. 1903, №8) va unda avvalgi fikrini birmuncha o‘zgartirganini kuzatish mumkin. Chunki, bu she’rni shoir o‘zi ixlos qo‘ygan ustozi Muhyining shu turkumdagi “Andijona” radifli muxammasi yo‘nalishida yaratadi. 18 band (90 misra) hajmdagi kattagina ushbu muxammasida Muhyi dahshatli zilzila voqeasi uchun Andijon xalqiga itob qilmaslik, bu taqdirning ishi ekanligi, shahar zilziladan avval obod va yaxshi edi, qabilidagi fikrlarni ta’kidlaydi (“TVG”. 1903, №3). Mana, uning dastlabki bandi:
Ta’n aylamang azizlar, zinhor Andijona,
Haq amri birla bo‘lg‘an hamvor Andijona,
Qilg‘an ekan muqaddar Jabbor Andijona,
Doim duo-u hayrat darkor Andijona,
San aylama malomat zinhor Andijona…
Ziyovuddinxon Haziniyning shu turkumdagi “Etma” radifli musaddasida esa, butkul boshqa kayfiyatni ko‘ramiz. Shoir ruhiyatiga xos miskinlik va xoksorlik ila yaratgandan bandalarning gunohini tilash she’r mohiyatini tashkil etgan. Turkumga oid yana shunday musaddasni Hamzaning “Nihoniy” taxallusi bilan, 1906-1914 yillar davomida yozib borgan, mumtoz janrdagi she’rlaridan iborat devonida ham ko‘rish mumkin. Har ikki shoir she’rining boshlang‘ich bandlari shunday: 131
Haziniy
Gunohimni, xudoyo, ro‘zi mahsharda hisob etma,
Manga mushriku kofirlar qatorida azob etma,
Jahannam otashiga kuydurub jismim kabob etma,
Sanga qildim tazarru’, noumid aylab itob etma,
O‘zing rahm aylagil, Farg‘onani zeru turob etma,
Bu dorulmulkni Toshkand, Andijon yanglig‘ xarob etma…
Nihoniy
Xudoyo, holimizni ushbu kundin ham batar qilma,
Balolar tiyg‘i kelsa, boshimizni besipar qilma,
Biza bu zindalikni oqibat bir kun zahar qilma,
Bu besh kunlik jahondin hasrato birla o‘tar qilma,
Iloho, Andijondek zilzila birla xabar qilma,
Bizi Farg‘onani ham bir kuni zeru zabar qilma…
Shu munosabat bilan ta’kidlangan ediki: “Tabiiy ofatlarning odamlar xulq-atvoriga aloqasi yo‘qligini tushunib yetmagan yosh shoir Hamza ham ustozlariga ergashib yozgan she’rida mavjud jamiyatda yomon kishilar ko‘payib ketganligi, nohaqlik avj olganligi tufayli zilzila bo‘lganligini qayd qiladi…”(O‘zbek adabiyoti tarixi, 5 tom, –T, 1980, 387 bet).
Albatta, bu fikr o‘sha davr mafkurasi, ya’ni, sobiq sho‘ro tuzumi tufayli yuzaga kelgan ham deylik. Lekin, shundan keyingi mulohaza ilmiy nuqtai nazardan munozaralidir. Unga ko‘ra: “…Andijon zilzilasi 1902 yil dekabr oyida bo‘lgan. Demak, Hamza 14 yoshlarida, Muqimiy tirikligida u bilan bir shaharda, bir ruhda ijod qila boshlagan va demokratik adabiyotning yosh vakili sifatida adabiyotga kirib kelgan..”
Birinchidan, Hamza Muqimiy bilan hamshahar bo‘lganidan faxrlangan va undan o‘rganganligi tabiiy hol. Ammo, bu uning “demokratik adabiyotning yosh vakili” bo‘ldi degani emas. Negaki, “Devoni Nihoniy”ning “demokratik” yo‘sindamas, balki an’anaviy mumtoz adabiyot ta’sirida yaratilgani aniq. Xususan, so‘z mavzui bo‘lgan asari ham.
Ikkinchidan, Hamzaning Andijondagi zilzilaga bag‘ishlangan she’ri, garchand bir xil mavzuda bo‘lsa-da, Muqimiy asaridan tubdan farq qiladi. Va, yuqorida ko‘rib o‘tganimizdek, u Haziniy she’rining “qolipi”dadir. Aytish mumkinki, Hamza ushbu she’rni yozishda, boshqa shoirlarning bu taxlit asariga emas, ayni janr va bir xil vaznda, Haziniyga nazira qilgan. Ya’ni, ta’kidlangan turkumdan Haziniy uslubi va an’anasiga amal qilib asar yaratgan. “Devoni Nihoniy”dagi ushbu va yana boshqa bir qator she’rlarda ham Haziniyga ergashish kuchli. Biroq, shuni ham ta’kidlash zarurki, aslida, Hamzaning ruhiyatida Haziniy kabi g‘am va mung sezilmaydi. Chunki, ijodkor Hamzaning ko‘ngil olami va kayfiyatida jo‘shqinlik hamda haqparastlik yaqqol namoyondir.
Uchinchidan, Hamza ushbu she’rini aynan 14 yoshlarida emas, 17 yoshi (1906 yil)da yozgan. Bunga doir hujjatni shoir o‘z qo‘li bilan tuzgan (Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi, Hamza arxivi, №590 hujjat).
132
Shuningdek, shoirning to‘plami – “Bayozi Haziniy” 1910 va 1915 yillar davomida paydar-pay sakkiz marotaba Toshkentning Orifjonov, Laxtin va Porsev matbaalarida bosilib turgan, ko‘plab she’rlari kuyga solinib, qo‘shiq qilingan edi. Haziniy she’riyatidan ta’sirlanish masalasi ham aynan shu jihat bilan aloqadordir. Fikrimizcha, yangilikka intiluvchan yosh Hamza Haziniy she’rlaridan o‘rgangan va unga ma’lum ma’noda taqlid ham qilgan. Buni esa, shakllanayotgan ijodkor uchun, tabiiy hol deya qabul qilish kerak.
Shunday qilib, Andijon zilzilasi haqidagi asarlarning yaratilishi bilan bog‘liq ayrim jihatlar borasida, quyidagi mulohazalarga kelish o‘rinliga o‘xshaydi:
Muqimiyning zilzilaga bag‘ishlangan she’rida fojiadan xarob bo‘lgan xalq va unga yordam beruvchilar tavsiflangan edi. Fikrimizcha, bu taxlit asarlar orasida eng real va aniq tasvirlar ham aynan Muqimiy she’rida mujassam;
Garchand, mavzu bir xil bo‘lsa-da, unga yondashuv, to‘g‘rirog‘i, muallifning qay holatda voqeadan nechog‘lik ta’sirlangani muhim o‘rin tutgan;
Bir xil tarixiy mavzuda Muqimiy kabi “iltimosga binoan”, Muhyi kabi taassuf bilan, Haziniy kabi musulmonlar uchun qayg‘urib, Abdullajon Nasimiy Ho‘qandiy kabi zamona ahvoli, voizning ma’ruzasi va ustozdan ta’sirlanib, Hamza kabi esa ustozlarga taqlidan asar yaratish mumkin ekan.
Albatta, bu mualliflarga zarracha bo‘lsa-da, itob qilish emas. Faqat, badiiy asardagi tarixiy voqelikning tasvirlanishi birinchi galda ijodkorning ahvol-ruhiyasiga bog‘liq ekanligini ta’kid etmoq, xolos.
Adabiy manbalar, xususan, lirik asarlarda, tarixiy hodisalarning tasvirlanishi haqida yana ko‘plab boshqa ijod namunalari misolida va yana o‘zgacha bir tur nuqtai nazar bilan ham talqin qilish mumkin. Ammo, yuqorida ta’kidlaganlarimizdan, xulosa qilib ayta olamizki, Qo‘qon adabiy muhiti doirasida yaratilgan ayrim badiiyat namunalari, jumladan, ba’zi lirik janrlardagi asarlar, xonlik va keyingi mustamlaka davri tarixi bilan bog‘liq bir necha faktlarni beradi yoki biror real voqeaga aniq munosabatni aks ettiradi.
Ularni atroflicha o‘rganish va tahlil etish esa, tarixni to‘laqonli aks ettirishda yordamchi manbalardan biri bo‘lib qolishi, shubhasizdir. Adabiyot doimo o‘zining eng oliy vazifasi – insoni komilni vasf etish va ta’riflashdan tarix davomida chekinmagani ayon bo‘lib boraveradi. Ulug‘ ijodkorlarimizning adabiy meroslariga yosh avlod muhabbatining balandligi va ular bilan doimo faxrlanmoqlik tuyg‘usi esa, yangidan-yangi izlanishlar sari yetaklashi ham shoyoni haqiqatdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |