2021, Maxsus son “PEDAGOGIK MAHORAT” ILMIY-NAZARIY VA METODIK JURNAL
39
atalib kelingan. Xususan, maʼlum darajada xalq eʼtiborini qozongan adabiyot va sanʼat namoyandalari “hofiz”
nomiga sazovor boʻlganlar. Shu tariqa hofiz atamasini amaliy ijodiyotda nom, taxallus, kasb turi sifatlarida
qoʻllanish rasm boʻla boshlangan. Musiqada har bir “hofiz”ning faoliyatida musiqiy ohanglar, janrlar, rang-
barang sadolar va talqinlar maʼlum koʻrinishda ifodasini topishi muqarrar. Lekin oʻzga kasb namoyandalarida
ham “hofiz”lik alomatlari boʻlganligi sababli, ularning ham nomlanishlariga taʼsir etgan. Demak, ularning ham
kasbiylik amallarida “hofiz”lik sanʼati xususiyatlari mujassam boʻlganligi bunday deb atashga asos boʻlgan.
Yaʼni, qorilar, tarixnavislar, shoirlar, xonanda va sozandalar el orasida “hofiz” deb atalib kelingan.
Hofiz
iborasini taxallus sifatida qoʻllash sanʼat, adabiyot, tarix, yaʼni ijod sohiblarida ham keng ommalashgan.
Oʻtmishda tarixnavislar, ayniqsa, mumtoz shoirlarning orasida hofiz taxallusi bilan ijod etganlarini koʻp
uchratish mumkin. Qoʻlyozma manbaʼlarda maʼlumot berishlaricha Hofiz Tanish Buxoriy (XVI asr), tarixchi
shoir Hofizi Abroʻ (XIV-XV asr) kabi Temuriylar saroy tarixchisining [6] nomlari alohida qayd etilgan.
Tarixnavislarga nisbatan shoirlarda bu taxallus koʻproq uchraydi. “Hofiz Xorazmiyni va uning merosini aniq
bilish uchun – deb yozadi Hamid Sulaymon – oʻzbek, fors-tojik va ozar adabiyotlariga oid juda koʻp tazkira,
bayozlar, Xorijiy Sharq va G’arbda chop etilgan katta-kichik hajmdagi barcha asosiy kataloglar, Sharq
adabiyotiga oid turli-tuman qoʻlyozma manbaʼlar va har-xil bosma asarlarni birma-bir koʻzdan oʻtkazdim.
Natijada Hofiz nomi yoki taxallusiga ega boʻlgan 156 kishi tarixda oʻtganligi maʼlum boʻldi” [7]. Bu, albatta,
juda katta raqam. Chunki shoirlarning oʻtmishda oʻtgan barchalari bu taxallusda ijod etmaganlar. Hofiz
taxallusli shoirlarning oʻzi esa 156 ta. Jumladan: Hoja Shamsuddin Muhammad Hofiz Sheroziy (XIV), Hofiz
(Abdurahim) Xorazmiy (XIV-XV) va h.k.
Xalq og’zaki ijodiyotida kitobxonlik amali bilan shug’ullangan ilm ahli alohida ahamiyat kasb etib
kelgan. Xalq amaliyotida bunday kasb egalarining janrlari juda koʻp boʻlgan. Ularni maʼrifat ulashuvchilar
sifatida ham ardoqlab kelinganligini kuzatish mumkin. Odatda, bu toifa ijrochilarga mumtoz adabiyotimiz
shoirlarining g’azal va dostonlarini ohangga solib va nazmiy uslubda ijro etuvchilar kirganlar. Yaʼni,
qissaxonlar, g’azalxonlar va baxshilar boʻlmish dostonxonlar. Shu bilan birga, oʻzining zukkoligi, ziyrakligi,
hozirjavobligi va shirinsuxanliklari bilan nom chiqargan hajv, xanda va qahqaha ustalariga ham “hofiz”
iborasini qoʻshib aytish odat boʻlgan. Buning asosiy sabablaridan biri bu kasb egalarida “hifz”-“hofizasi” va
“hofizlik” xususiyatlarini oʻzida mujassam etganligi va qobiliyatining oʻtkirligi yuqori darajada kamol
topganligi nazarda tutilgan boʻlishi ehtimoldan xoli emas.
Darhaqiqat, bunday kasb egalarining hofizalari juda kuchli va ijroda badihaviylik xususiyatlarini kuproq
kasb etganligi bilan ajralib turgan. Ohang sodda boʻlgani bilan matn xarakteriga mos ohang tanlash va uni
tinglovchiga mungli yoki jozibali sifatda talqin etish kabi mahorat talab mezonlari qissaxon, g’azalxon va
doston aytuvchilarning saviyasini namoyish etgan.
“Hofiz” nomi bilan yuritilgan xonandalarning tarixda qancha oʻtganliklari, ijrochilik anʼanalari, ijro
talqini xususiyatlari kabi jihatlarini izohlash mushkil. Chunki, aniq tarixiy maʼlumotlar va talabga javob
beruvchi mos asarlar va dalillar hozircha yetarli emas. Lekin, oʻtmish shoirlarining nazmiy va nasriy asarlarida
keltirilgan maʼlumotlar zamondosh sanʼat namoyandalari, xonanda-hofizlarning xalq orasida mashhur
boʻlganliklarini bildiradi. Masalan: Hofizi Miraki Buxoriy, Hofizi Oxuni Gurbaiy Samarqandiy (Najmiddin
Kavkabiy “Risola dar bayoni duvozdah maqom”); Hofizi Chortog’don, Hofizi Doʻstiy, Hofizi Boboxon,
Hofizi Merosiy, Hofizi Abdullo, Hofizi Obli Darboziy va Zayniddin Mahmudi Vosifiyning “Badoeʼ ul-
vaqoeʼ” risolasida keltirilgan Qulmuhammad Udiy, Ustod Ali Koʻchaki Tanburiylar bilan birga Hofiz Basir,
Hofizi Hasan Ali, Hofizi Sultonmuhammadi Ayshiy, Hofizi Ubahiy kabi bir qator xonanda-hofizlarning
faoliyatlari haqida malumotlar keltirilgan.
Oʻtmishdan “hofiz” deb yuritilgan sanʼat namoyandalarining faoliyat jarayonlariga nazar solsak, biz
unda “soʻz”, “nutq”, “kuy”, “ohang”, “badiha”, “ijod” kabilarni oʻzlarida mujassam etganliklarini kuzatamiz.
Ular turli yoʻnalishlardagi mohir ijrochilar toifasiga mansub boʻlganlar. Har bir toifa yoki guruhga tegishli
boʻlgan shaxslarning ijrochilik anʼanalarida, “hofizlik” kasbining asoslari yetakchi omil sifatida tarkib topishi
bois ularni “hofiz” deb yuritilishlariga zamin boʻlgan. Bu oʻrinda, albatta, har bir toifa (guruh)
namoyandalarining ijrochilik talqini oʻziga xos qonun-qoidalarga ega boʻlishi muqarrarligini qayd etish
lozimdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |