Savollar va vazifalar
Axborot nima, axborot olami mavjudmi?
Qanday vaziyatda axborot ilmiy axborotga aylanadi?
Axborot va bilim tushunchalari nisbatini izohlab bering?
Axborotni izlashda qanday qoidalarga e’tibor berish kerak?
Tadqiqotchining ixtiyorida qanday axborot texnologiyalari va tizimlari mavjud?
Axborotni birlamchi va ikkilamchi hujjatli manbalarini izohlang, farqini ko‘rsating?
«Axborot» va «fakt» tushunchalari nisbatini izohlab bering?
Fakt nima?
Axborot qanday vaziyatda faktga aylanadi?
Qanday faktni ilmiy fakt deb ataydilar?
Ilmiy faktni qanday sifat belgilari mavjud? Misollar keltiring?
Faktlarni qayta ishlash, talqin qilish nimalarga olib kelishi mumkin?
Fakt va nazariy umumlashma (xulosa) qanday munosabatda bo‘ladilar?
Ilmiy adabiyot bilan ishlashda nimalarga e’tibor berish kerak?
O‘qishni qanday texnikasi, usullari mavjud?
Ilmiy asarni o‘rganishda qanday qoidalarga rioya qilish kerak?
7 -MAVZU. TADQIQOT METODI VA METODOLOGIYaSI
Reja:
1. Usul (metod) tushunchasi
2. Ilmiy tadqiqot va usul
3. Metodologiya tushunchasi
4. Tadqiqot usullari tasnifi
Usul (metod) tushunchasi
Bilish inson faoliyatini bir ko‘rinishi bo‘lib, shu faoliyat natijasida narsa va hodisalar to‘g‘risida tasavvurlar, obrazlar, tushunchalar xosil bo‘ladi, ularning tizimlashgan majmuasi bilimda ifodalanadi. Tasavvur va tushunchalarni bir – bir bilan bog‘laydigan, yakka tushunchalardan umumiy tushunchalarni hosil qiladigan ruhiy jarayon tafakkurdir.
Inson voqelikni o‘zlashtirar va o‘rganar ekan, uning faoliyatiga yordam beradigan vositalar, hatti-harakat tamoyillari, qoidalari shakllanadi, ya’ni faoliyat usuli vujudga keladi. Dastlab, amaliyot usullari, keyinchalik ta’lim, fan sohalarida aqliy faoliyat usullari ishlab chiqildi.
Shunisi e’tiborliki, yunon tilida usul (methodos – tadqiqot yo‘li, nazariya, ta’limot) nazariy faoliyat qoidasi (tamoyili) ma’nosini bildirsa, arab tilidan olingan «usul» so‘zi ko‘proq amaliy faoliyat yo‘lini, ya’ni, bir narsani yuzaga chiqarish, amalga oshirish yo‘li, harakat tarzi, tartibi ma’nolarini ifodalaydi.
Shunday qilib, faoliyat bor, faoliyatda qo‘llaniladigan usul bor. Mehnat tajribasining umumlashmasi muntazam takrorlanadigan faollik tartibi, qoidasi sifatida asrlar davomida shakllangan. Shu bilan birga aqliy mehnat sohasida ham ixtisoslashgan faoliyat usullari vujudga kelib, ular bilish va tadqiq qilish usullarini paydo bo‘lishi uchun zamin bo‘lib xizmat qilishgan.
Usul – bu amaliy yoki nazariy natijaga erishish maqsadida tatbiq qilinadigan tushuncha, qoida va tamoyillar tizimidir. Bunday tizimdan foydalanish faoliyatimizga oqilonalik, tartibot, yo‘nalish va energetik yutuq beradi.
Haqiqatan ham faoliyatning qaysi sohasida bo‘lmasin, usuldan foydalanish bir qator ijobiy natijalarni beradi:
- inson faoliyatini tartiblashtiradi;
- natijaga erishish yo‘lini qisqartiradi;
- faollik yoki izlanish energiyasini tejash imkoniyatini beradi;
- samaradorlik koefitsientini bir necha barobar ko‘paytiradi.
Usul faoliyat samaradorligini ta’minlaydigan tizimli qurol ekan, uning unsurlari aqliy, amaliy va texnologik amallar, qoidalar va vositalardan tashkil topgan. Tabiiy-ki, ilmiy tadqiqotda aqliy faoliyat qoidalari, tamoyillari ustuvor o‘rinni egallaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |