Ilmiy tadqiqot va usul
Tadqiqot usulini turi, xislati o‘rganilayotgan ob’ektning tuzilishi, aniqrog‘i, murakkabligi bilan bog‘langan. Izlanish ob’ekti qanchalik murakkab bo‘lsa, shunchalik takomillashgan bilish shakllari va usullarni tatbiq qilishga to‘g‘ri keladi.
Usulda ob’ektiv (ob’ektni mazmunidan kelib chiqish, xossalari va parametrlari mavjudligini hisobga olish) va sub’ektiv (izlanish maqsadi, vositalari va qoidalari mujassamlangan yondashuv, tizim) tomonlar birligi mavjud ekan, u ishlab chiqiladi. Shu bois, olimlar har doim tadqiqot usuli masalalari bilan shug‘ullanishgan.
O‘yg‘onish davrini buyuk olimi G.Galiley oldingi asrlarda hukm surgan sxolastik ilmi an’analarini ko‘zda to‘tib, haqiqatni izlashda mushohadali mulohazalarga tayanish, tan olingan obro‘li allomalar yozishgan mantlarga ixtibos keltirish emas, balki kuzatish va tajribaga asoslanish zarurligini ta’kidlagan. Shu bilan birga, olimni fikricha ob’ekt haqida ishonchli bilimga ega bo‘lish uchun kuzatish usuli bilan cheklanmasdan, rezolyutiv (tahliliy) va kompozitiv (sintetik, umumlashtiruvchi) usullarni birga qo‘shib tadqiqot olib borish kerak.
Ayni paytda barcha tadqiqot sohalarigaga tatbiq qilinishi mumkin bo‘lgan universal izlanish usulini ishlab chiqishga qaratilgan urinishlar paydo bo‘ldi. Fransuz olimi va faylasufi R.Dekart (1596-1650) shunday usul sifatida har qanday narsani shubha ostiga olish usulini tavsiya qildi. Bu usulning asosiy qoidalari:
Ishonchli bo‘lmagan bilimni haqiqat sifatida qabul qilmaslik, mulohaza tarkibiga aniq, shubha tug‘dirmaydigan hukmlarni kiritish kerak.
Tadqiqot qilinayotgan har bir muammoni aniq anglash imkoniyatini beradigan darajada qismlarga bo‘lish kerak.
Predmetni izchil, bir tartibda o‘rganish, birlamchi, sodda unsurlarini aniqlashdan murakkab xossani tadqiq qilishga bosqichma-bosqich o‘tish lozim.
Natijaga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash uchun tadqiqotda uchraydigan ziddiyat va nomuvofiqliklarni to‘la ro‘yxatini tuzish, paydo bo‘lganlarini aniqlab, bartaraf etish kerak.
Universal tushuntirish usuli bo‘lishga da’vo qilgan yana bir usullardan biri mexanitsizm bo‘lib, bu usulga shu qadar keng ma’no berish asosida barcha narsalarning xossalari va harakati mexanik qonuniyatlarni amal qilishi bilan belgilanadi, degan g‘oya yotadi.
XX asrda klassik fanlar paradigmasidan noklassik izlanish paradigmasiga o‘tish, uslubiy yondashuvlar xilma-xilligiga erishish jarayonida universallikka da’vo qiladigan tadqiqot usulini bo‘lishi mumkin emasligi ayon bo‘ldi.
Ob’ektlarni, shu jumladan inson yaratgan sun’iy muhit va tuzilmalarni cheksiz xilma-xilligi, izlanish predmeti doirasiga oldin ma’lum bo‘lmagan tizimlar va xossalarni to‘xtovsiz kiritilishi uslubiy yondashuv plyuralizmi, ya’ni, tadqiqot usullarini gorizontal va vertikal xilma-xilligi g‘oyasini qaror topishiga olib keldi.
Hox tabiiy fanlarda, hox ijtimoiy-gumanitar fanlarda bo‘lmasin tadqiqot jarayoni va izlanish tadbirlarini turli daraja va bosqichlarga bo‘linib ketishi hatto bir tadqiqot dasturi doirasida induksiya va deduksiya, analiz va sintez, analogiya, mavhumlashtirish va boshqa usullarni izchil tatbiq qilish zaruriyatini taqozo etmoqda.
Ko‘rinib turibdiki, tadqiqot va usul o‘rtasida uzviy bog‘lanish mavjud. Tadqiqot yangi xossalar, hodisalar va qonuniyatlarni ochadi, ularni ifodalaydigan g‘oyalar, tushunchalar, tamoyillar ishlab chiqiladi. Keyingi tadqiqotlarda bu tushunchalar va tamoyillar uslubiy qoida, tushuntirish usuli rolini o‘ynaydi. Masalan, 1924 yilda fransuz olimi Lui de Broyl atom fizikasi yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilagan tadqiqotlar natijasini umumlashtirib elementar zarrachalarning korpuskulyar – to‘lqin dualizmi g‘oyasini olg‘a surdi. Aniqlanishicha, har bir elementar zarracha ayni vaqtda ham korpuskulyar (modda), ham to‘lqinli (maydon) xossasiga ega.
Korpuskulyar – to‘lqin dualizmini har tomonlama tahlil qilib, nemis olimi V.Geyzenberg 1927 yilda nomuayanlik tamoyilini ishlab chiqdi. Tamoyilning mazmuni shunday iboratki, mikrozarracha bo‘lgan elektronni koordinatasi va impulsini bir vaqtda baravariga o‘lchash, aniqlash mumkin emas.
Elektronning fazoviy koordinatasini aniqlash ayni vaqtda impulsi qiymatini topishni imkonsiz qiladi va aksincha, impulsi qiymatini har qancha aniqlik bilan topilsada elektronning fazoviy koordinatasini aniq belgilash mumkin emas.
Gap asbob-uskunaning yoki matematik hisoblash usulini kamchiligida emas. Elektron ikki xil, o‘zaro ziddiyatli xossaga – zarracha va to‘lqinli xislatga ega. Shu bois, ayni vaqtda elektronning (shu jumladan boshqa mikrozarrachalarning) ham impulsi, ham fazoviy koordinatalari qiymatini baravariga aniq belgilash mumkin emas.
Geyzenberg kashf etgan nomuayanlik tamoyili yadro fizikasida usul darajasiga ko‘tarilib, unga ko‘ra tadqiqot natijalarini qayd qilishda koordinata va impuls qiymatlari faqat bir-birini to‘ldirishi mumkinligini hisobga olish talab qilinadi. Tadqiqot usuli izlanish samaradorligini ko‘taradigan muhim omildir. Shuning uchun tadqiqot dasturi ishlab chiqilganda tatbiq qilinadigan usullar, ularning izlanish ob’ekti va predmetiga muvofiqligi ko‘rib chiqiladi.
Tadqiqot usullarini tanlashda bir qator metodologik talablarni inobatga olish lozim:
- izlanish predmeti, maqsadi va vazifalarini belgilash;
- o‘rganilayotgan ob’ektning sifat va miqdoriy xususiyatlarini aniqlab tadqiqot strategiyasini tuzish;
- izlanishda tatbiq qilinadigan har bir usulni o‘rni va funksiyalarini belgilash;
- tadqiqot usullaridan foydalanish tartibini ishlab chiqish kabi qoidalar bajariladi.
Tadqiqot usuli ob’ektga berilgan savolga javob olish vositasidir. Javoblar miqdor, qiymat, koeffitsient, model, umumlashma, xulosa, tushuncha shaklida ifodalandi. Natijada ob’ekt, uning xossalari va qonuniyatlari haqida aniq, konkret tasavvur hosil qilamiz, nazariy, amaliy, texnolgogik tavsiya va loyihalar ishlab chiqish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |