Sazog’on madaniyati. Zarafshon vohasi neolit davri jamoalari moddiy madaniyati birmuncha mukammalroq o’rganilgan. O’rta Zarafshon vohasi neolit jamoalari moddiy madaniyati esa Qoratepa tog’ massivi shimoliy yon bag’ri yirik soy yon qayirlari va ular yon daralarida Sazog’on madaniyatiga tegishli makonlar joylashgan106. Ayni kunda Sazog’on 1,2, Jangal 1, Tepaqul 3,4, Lolab, Qorakamar, Ochil g’or makoni kabi yodgorliklarda bevosita arxeologik qazishma ishlari bajarilgan, o’ttizdan ortiq ochiq hamda g’or va ungur tipidagi yodgorliklar arxeologik xaritaga olingan (4-rasm).107
Tadqiqotlarda qo’lga kiritilgan manbalar Qoratepa tog’ massivi shimoliy yon bag’ri ibtidoiy jamoalari moddiy madaniyatining o’ziga xos xususiyatlarini birmuncha oydinlashtirish imkonini berdi. Xususan, Olmabuloq makoni tosh qurollari kollektsiyasi o’zida levallua-muste texnologik uslubini namoyon etganligi uchun voha o’rta paleolit davri makonlari jumlasiga kiradi. Bu esa o’rta paleolit jamoalari nafaqat Zarafshon vohasining pasttekislik mintaqalari, balki tog’ yon bag’irlarini ham o’z ichiga olgan keng qamrovdagi ekologik burchaklarga tarqalishib yashashgan va o’zaro madaniy qo’ni-qo’shnichilik aloqada bo’lishgan degan ilmiy xulosalarni beradi. Sazog’on 1 makoni jamoalari esa o’z moddiy madaniyatida O’rta Osiyo tog’ mintaqasi mezolit-neolit jamoalari (Tutqovul, Soy-Sayyod)108 xususiyatlarini mujassamlashtirgan holda o’z navbatida tosh industriyasida Samarqand yuqori paleolit jamoalariga xos texnologik uslublari an’analarini ham saqlab qolgan.109 Sazog’on neolit jamoalari moddiy madaniyati o’ziga xos xususiyatlariga ko’ra O’rta Osiyo tog’ mintaqasi neolit jamoalari madaniyatlari sirasiga kiradi. Bu jamoalar yashagan mintaqa (Qoratepa tog’ massivi shimoliy yon bag’ri) jo’g’rofiy jihatdan O’rta Osiyo tog’ va pasttekislik mintaqalari o’rtasidagi oraliq hudud hisoblanadi. Sazog’on jamoalari garchi o’z madaniyatida bir tomondan O’rta Osiyo tog’ mintaqasi hisor jamoalari madaniyatining ba’zi hususiyatlarini (ponasimon qurollar, tik ish maydoniga ega bo’lgan uchirmadan yasalgan qirg’ichlar; yon tomoni old qismiga ishlov berilgan tosh o’zaklari, tutqovul tipidagi teshkich qurollar, qayroqtosh qurollari kabi), ikkinchi tomondan esa O’rta Osiyo pasttekislik mintaqasi Kaltaminor jamoalari ba’zi xususiyatlarini (tosh industriyasinining paraqali qismi, sopol buyumlari, xom ashyo materiallari kabi) namoyon etgan bo’lsa-da, o’ziga xos xususiyatlarga (tosh industriyasining otshepli-paraqali, mikroparaqa elementli) ega bo’lgan mustaqil madaniyat hisoblanadi. Shuningdek, tosh industriyasi paraqali qismi mikroparaqali elementi bilan Markaziy Farg’ona madaniyatiga yaqinligini ham inobatga olish lozim110.Ta’kidlash joizki, sazog’on jamoalari tosh qurollari yasalishi va ishlov berilishi uslublarida mezolit va hattoki so’nggi paleolit qurollariga xos an’analar saqlanib qolganligi holati kuzatiladi. Hozirgi kunda O’rta Zarafshon vohasida tadqiq etilgan neolit yodgorliklari materiallari asosida Sazog’on neolit madaniyati O’rta Osiyo neolit davrining mustaqil madaniyati sifatida ilmiy asoslangan111.
Xullas, O’rta Osiyo miqyosida paleolit davri va uning bosqichlariga oid yodgorliklar, mezolit davriga oid Sharqiy Kaspiy bo’yi yodgorliklari, Obishir, Vaxsh, Markansuy, Aydabol madaniyatlari, neolit davriga oid Joyitun, Kaltaminor, Markaziy Farg’ona, Sazog’on, Ustyurt neolit jamoalari moddiy madaniyati tadqiq etilgan.Ular tadqiqotida qo’lga kiritilgan arxeologik manbalar O’rta Osiyo tosh asri jamoalarining moddiy madaniyatini yoritishga asos bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |