To`rtinchidan, yollash to`g`risidagi shartnomani amalga oshirish uchun empatiya normasi talab etilmaydi. «Prinsipal» mukofotning «agent» rozi bo`ladigan eng past darajasini bilishi kifoya qiladi. Unda ikkala tomon ham shartnoma yordamida o`zining foydaliligini oshiradigan, «simmetrik barqarorlik» (reciprocal viability) mezoniga javob beruvchi sotish to`g`risidagi shartnomadan farqli o`laroq, yollash to`g`risidagi shartnoma simmetrik barqarorlikni nazarda tutmaydi. Bir tomondan, yollash to`g`risidagi shartnomani amalga oshirishdan yutuqni taqsimlash nosimmitrik xususiyatga ega. Ikkinchi tomondan - hatto «agent»ga o`z huquqlarini «prinsipal»ga topshirganlik uchun to`lanadigan kompensatsiya «gorizontal bo`yicha» emas, faqat «vertial bo`yicha» munosabatlarga taalluqli. Yollash to`g`risidagi shartnoma bir necha «agent»ga amal qilingan hollarda ular o`rtasidagi munosabatlar «prinsipal»ga murojaat etish orqali tartibga solinadi va shuning uchun simmetrik barqarorlikka erishishga yo`naltirilmagan. Va nihoyat, qonunga bo`ysunish me’yoriga zarurat yo`q, chunki shartnomani amalga oshirish yuzasidan kelib chiqadigan nizolar umuman qonunga bo`ysunish orqali hal etilmaydi. Yollash to`g`risidagi shartnomaning bajarilishi bilan bog`liq barcha masalalar «ichki hakam» - «prinsipal» tomonidan hal etiladi. Shu tariqa «prinsipal» va «agent»ning yoritilgan o`zaro munosabatlarini tartibga soluvchi me’yorlar yig`indisi buyruqbozlik iqtisodiyoti konstitutsiyasini eslatadi. Lekin, bu tasodif emas. Neoinstitutsional nazariya asoschisi, Nobel mukofotining lauriyati Ronald Kouz o`zining «Firma tabiati» maqolasida buyruqbozlik asosiga ega bo`lgan iqtisodiy munosabatlar bozor tizimining ichida ham mavjud, degan xulosaga keladi. «Bizning iqtisodiyotda rejalashtirish mavjud... Firma ichida... bozor transaksiyalariga barham berilgan, almashuv transaksiyalariga ega bo`lgan murakkab bozor tuzilmasining rolini esa tadbirkor-muvofiqlashtruvchi o`ynaydi, u ishlab chiqarishni ham boshqaradi». Boshqacha aytganda, buyruqbozlik iqtisodiyoti konstitutsiyasi nafaqat tarixiy jihatdan qiziqish uyg`otadi, balki u alohida tuzilmalar - yollash to`g`risidagi shartnoma asosida yuzaga keladigan tashkilotlar doirasida munosabatlarni tartibga soladi. Tashkilot deganda biz «ta’riflanadigan chegaralarga ega bo`lgan va maqsadlarga yoki ishtirokchi a’zolar tomonidan taqsimlanadigan maqsadlar yig`indisiga erishish uchun faoliyat ko`rsatuvchi muvofiqlashtirish birligi»ni tushunamiz. Firmalar (muvofiqlashtirishning iqtisodiy birliklari), kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar, universitetlar, foyda ko`rmay ishlovchi tashkilotlar va ko`plab boshqa «muvofiqlashtirish birliklari» tashkilotlar hisoblanadi. Ushbu ta’rifdan tashkilotning uchta asosiy xususiyati kelib chiqadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |