2-seminar. Imlo qoidalari bilan bog`liq qoidalari
O‘zbek tili tarixi qadim, o‘z taraqqiyot bosqichlariga ega bo‘lgan muloqot vositasidir. Bu tilning o‘ziga xos xususiyatlari, muayyan tizimga egaligi, qonun-qoidalari dunyoning rivojlangan tillari qatoridan o‘rin olishiga asos bo‘la oladi. Bu tilda yaratilgan katta hajmdagi tarixiy, madaniy, adabiy yodgorliklar uning keng imkoniyatlarini aks ettiradi.
O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqei va nufuzini oshirishdagi muhim vazifalardan biri imlo qoidalarini takomillashtirishdan iborat. Hozirda xalqimiz ikki xil yozuvdan foydalanmoqda. Avvalo, ikki xil yozuvning amalda bo‘lishi maqsadga muvofiq emas. 1993-yilda qabul qilingan lotin yozuvining to‘liq joriy etilishiga to‘siq bo‘ladigan obyektiv va subyektiv sabablar bor. Shu bois 20 yildan ortiq muddat davomida lotin yozuvi asosidagi yangi o‘zbek alifbosiga to‘liq holda o‘tilmadi. Muammo ikki xil yozuvdan foydalanilayotganida ham emas (o‘zbek xalqi ikki xil yozuvdan foydalanish tajribasini o‘tagan: X-XV asrlarda arab yozuvi bilan bir qatorda uyg‘ur yozuvidan foydalanilgan). Muammo har ikki yozuvning o‘ziga tegishli bo‘lgan imlo qoidalariga amal qilinmayotgani natijasida yuzaga kelmoqda. Matbuotda kirill yozuvidagi matnlarda fevral, fakultet, albom so‘zlarida yumshatish belgisini tushirib qoldirish, yil, sanani bildiruvchi raqamlardan keyin - (chiziqcha) qo‘yish (2016-yil), izofali birikmalarni orttirilgan y undoshi bilan yozish kuzatilmoqda (tarjimayi hol). Lotin yozuvidagi matnlarda kirill alifbosidagi ye,yo, yu,ya – yo-lashgan unlilar imlosida xatolar uchraydi. Masalan, tarkibida shu tovushlar kelgan ismlar qisqartirilganda ikki harf bilan ifodalash holati kuzatiladi: Yo. Hakimov – Yo. Hakimov; Yu. Ibrohimova – Yu.Ibrohimova. Imlo qoidalarida (1995) ye,yo, yu,ya – “yo”lashgan unlilar imlosiga oid izohlar berilgan, ammo bu harflarning bosh shakli haqida aniq fikr aytilmagan. Lotin alifbosida “yo”lashgan unlilar tushunchasi o‘z qiymatini yo‘qotadi. Shu bois Yorqin, Yulduz so‘zlaridagi ikkinchi tovushni ifodalashga hojat yo‘q: Y. Hakimov Y.Ibrohimova.
Kirill yozuvidagi matn 1956-yil 4-aprelda, lotin yozuvidagi matn 1995-yil 24-avgustda qabul qilingan imlo qoidalariga asosan ifoda etilishi lozim.
Asosiy vazifalardan biri imlo qoidalariga aniqlik kiritish va uni ilova tarzida e'lon qilishdan iborat. Imlo lug‘atlarida ikki xil qayd etilayotgan arabcha so‘zlar imlosi bilan bog‘liq bo‘lgan fojia-fojea, darvesh-darvish, oliyjanob-olijanob kabi so‘zlarning yozilish shaklini qat'iylashtirish, unli bilan tugagan so‘zlarga III shaxs egalik qo‘shimchasini qo‘shish imlosini me'yorlashtirish zarur (arab tilida عayn va undosh bilan tugagan so‘zlarga i (manbai, murabbiyi) و (u) bilan tugagan so‘zlarga -si –mavzusi kabi).
Umumta'lim, oliy ta'lim bosqichi uchun mo‘ljallangan “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” darsliklarining orfografiyaga oid qismlarida yozilishi muammo bo‘lgan so‘zlarning to‘g‘ri ifodasini keltirish imlo qoidalarini o‘zlashtirishga, savodxonlik darajasini oshirishga xizmat qiladi.
Talaba, o‘quvchilarda imlo lug‘atlaridan foydalanish ko‘nikmasini hosil qilish, tilshunoslikka, adabiyotshunoslikka oid darslarda imlo lug‘atlariga muntazam ravishda murojaat qilish imlo qoidalari bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishga xizmat qiladi. O‘zbek tili ta'limida zamonaviy metodlardan foydalanish, yangi pedtexnologiyalarni qo‘llash asosida imlo qoidalariga qat'iy amal qilish ham muhim masalalardan hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |