1-mavzu. “Raqamli turizm” fanining maqsadi na vazifalari
Reja
1. Xizmatlar iqtisodiyotining raqamlashuvida turizm sohasining bugungi holati
2. Raqamli turizmning mazmuni va rivojlanish xususiyatlari
3.O‘zbekistonda raqamli turizmni rivojlantirish salohiyati va hozirgi holati tahlili
4. “Raqamli turizm” fanining predmeti, maqsad va vazifalari
1. Xizmatlar iqtisodiyotining raqamlashuvida turizm sohasining bugungi holati
Respublikamiz Markaziy Osiyoning eng yirik turistik maskanlaridan biri sifatida iqtisodiyotning mazkur tarmog‘ini rivojlantirishda katta potensialga ega hisoblanadi. Mamlakatimizda so‘nggi 3 yilda turizm sohasidagi normativ-huquqiy bazaning yanada rivojlantirilishi, turistik infratuzilma rivoji, sayyohlik salohiyati targ‘iboti, kadrlar salohiyatini kuchaytirishga katta e’tibor qaratildi. Bu kabi amalga oshirilayotgan turizm sohasidagi islohotlar albatta turistlar sonini oshirishga xizmat qiladi.
Hozirgi bosqichda global turizm industriyasining rivojlanish tendensiyalari axborot kommunikatsion texnologiyalarning rivojlanishi bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, boshqacha aytganda, turizmning zamonaviy rivojlanishi raqamli iqtisodiyotda kechmoqda. Ya’ni raqamlashtirish jarayoni juda ko‘plab sohalar kabi turizm industriyasini ham chetlab o‘tmadi.
Raqamli iqtisodiyot bu ishlab chiqarish kompleksi insonlar uchun qulayliklarni ta’minlaydigan mahsulot va xizmatlarni yaratadigan virtual muhit bo‘lib, raqamli texnologiyalardan foydalangan holda iqtisodiy ishlab chiqarish tizimidir.
Bugungi kunda iqtisodiyotning raqamli sektorini rivojlantirish masalasi O‘zbekistonda ham davlat darajasiga ko‘tarilgan bo‘lib, bu borada keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, elektron hujjat aylanishi tizimlari joriy etilmoqda, elektron to‘lovlar rivojlantirilmoqda va elektron tijorat sohasida yaratilgan normativ-huquqiy baza takomillashtirilmoqda. Shu bilan birga, axborot-texnologik platformalarda faoliyat ko‘rsatayotgan raqamli iqtisodiyot jadal rivojlanmoqda.
Taraqqiyotga erishish uchun raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz zarur va shart. Bu bizga yuksalishning eng qisqa yo‘lidan borish imkoniyatini beradi. Shu bois, raqamli iqtisodiyotga faol o‘tish – kelgusi 5 yildagi eng ustuvor vazifalarimizdan biri bo‘ladi. Raqamli texnologiyalar nafaqat mahsulot va xizmatlar sifatini oshiradi, ortiqcha xarajatlarni kamaytiradi1.
Mamlakatimizda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yaxlit tizimini yaratish, davlat organlarining aholi bilan muloqot qilishining yangi mexanizmlarini joriy etish yuzasidan katta ishlar olib borilyapti.
Shu bilan birga, 2030 yilga qadar “Raqamli O‘zbekiston” konsepsiyasini ishlab chiqish yuzasidan ham chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangan. Davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish, raqamli iqtisodiyotni joriy etish va rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, investitsiya muhitini yaxshilash, shuningdek, 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish maqsadida 2018 yil 3 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishning galdagi muhim vazifalari sifatida–investitsion va tadbirkorlik faoliyatining turli shakllarini diversifikatsiya qilish uchun kriptoaktivlar aylanmasi sohasida turli faoliyatlarni, jumladan, mayning (turli kriptovalyutalarda yangi birliklar va komission yig‘imlar formatida mukofot olish imkoniyatini beruvchi yangi bloklar yaratish va taqsimlovchi platformani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha faoliyat), smart kontraktlar (raqamli tranzaksiyalarni avtomatik tartibda amalga oshirish bo‘yicha huquq va majburiyatlar bitilgan elektron shartnoma), konsalting, emissiya, ayirboshlash, saqlash, tarqatish, boshqarish, sug‘urtalash, kraud-fanding (jamoaviy moliyalashtirish), shuningdek, “blokcheyn” texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish; malakali kadrlarni tayyorlash; kriptovalyutalar va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish; bu borada huquqiy bazani yaratish kabilar nazarda tutilgan.
Bugungi kunda xizmatlar sohasi iqtisodiyotning istiqbolli va jadal rivojlanayotgan tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Xizmatlar sohasining rivojlanishi - jamiyatning muvaffaqiyatli ravnaq topishiga asosdir. Ijtimoiy ehtiyojlar tizimida yuz beradigan o‘zgarishlar xizmatlar sohasining o‘sish omili hisoblanadi. Texnika, texnologiya, ishlab chiqarish tuzilmalarining murakkablashishi, aholi turmush darajasining oshishi, shuningdek, insonning o‘zini mukammallashtirishi, ya’ni ta’lim va madaniyat darajasini oshirishi hisobiga ishlab chiqarish va aholi ehtiyojlari izchil ravishda kengayib boradi.
Iqtisodiyotning innovatsion rivojlanishi sharoitida xizmat ko‘rsatish sohasini tashkiliy-iqtisodiy jihatdan to‘g‘ri shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki, ushbu sohaning rivojlanishi tashkiliy jihatdan optimal va xizmatlar bozori konyunkturasiga nisbatan egiluvchan bo‘lsa, xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligi shunchalik yuqori bo‘ladi. Xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyatni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish milliy iqtisodiyot miqyosida bir qator ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni bartaraf etishga sabab bo‘ladi.
Iqtisodiyotda xizmatlar o‘sishining asosiy omillarini ilmiy bilimlar, nomoddiy shakldagi to‘plamlar, axborot texnologiyalari va tadbirkorlik faoliyati integratsiyasi kabi omillar tashkil etadi.
2020 yil 1 yanvar holatiga respublikada 398,1 mingta faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlar qayd etildi. Shundan, xizmatlar sohasida 261 mingdan ortiq korxona va tashkilotlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 23,0 % ga oshdi. Xizmatlar sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlarning ulushi sezilarli darajada salmoqlidir, ya’ni 2020 yil 1 yanvar holatiga u 65,8 % ni tashkil etdi. Shu jumldan, kuzatilayotgan davrda sanoat sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlarning ulushi - 17,7 %, qurilish - 9,1 % ga yetdi va atigi 7,4 % qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi sohasi hissasiga to‘g‘ri keldi.
Bugungi kunda respublikamizda xizmat ko‘rsatish sohasini jadal rivojlantirish, yalpi ichki mahsulotni shakllantirishda xizmatlarning o‘rni va ulushini oshirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar tarkibini, eng avvalo, ularning zamonaviy yuqori texnologik turlari hisobiga tubdan o‘zgartirish dolzarb masala hisoblanadi.
2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi yalpi ichki mahsuloti (YaIM) hajmi joriy narxlarda 511 838,1 mlrd. so‘mni tashkil etdi va 2018 yil bilan taqqoslaganda 5,6 % ga o‘sdi2. YaIMda xizmatlar sohasining salmog‘i so‘ngi olti yilda qariyb 3 marotaba oshganligini ko‘rishimiz mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |