10
Prezidentimiz rahnamoligida og‘ir ijtimoiy-maishiy sharoitlarda yashovchi oilalar arzon uy-joylar
bilan ta’minlanayotgani,
tibbiy xizmat, turli maishiy texnikalar sotib olishida beg‘araz yordam
ko‘rsatilayotgani fikrimiz dalilidir.
O‘zbekistonda nogironligi bor shaxslarga nafaqa to‘lanayotgani, shu bilan birga, mehnat
qilishlariga zarur shart-sharoitlar yaratib berilayotgani ham insonparvarlik siyosatining bir
ko‘rinishi, desak, ayni haqiqat.
Yurtboshimizning “Aholining ijtimoiy zaif qatlami bandligini ta’minlashni rag‘batlantirishning
tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori soha rivojiga yangi sur’at bag‘ishladi.
— Nogironligi bor shaxslar ishtirokidagi korxonalar tanlov savdolarida teng sharoitlarda ishtirok
etganda ularga ustuvorlik
huquqining berilmagani, davlat mulk obyektlaridan ijara asosida
foydalanayotganda, boshqa tadbirkorlik subyektlari bilan bir xil qaralayotgani yoki bo‘lmasa,
rivojlangan mamlakatlarda keng qo‘llanilayotgan ijtimoiy tadbirkorlik subyekti doirasining
aniqlanmagani bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarga jiddiy g‘ov bo‘layotgan edi, — deydi
Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari
instituti bosh ilmiy
xodimi Valisher Davlatov. — Mazkur qaror nogironligi bor shaxslarni mehnat faoliyatiga jalb
qilishga katta turtki beradi.
Aytish joizki, qarorga asosan, shu yil 1 avgustdan e’tiboran umumiy tushumining 30 foizini
nogironligi bor shaxslarga jihozlar ishlab chiqarish hamda ta’mirlash va protezlash xizmatlarini
ko‘rsatish hisobiga tashkil etadigan korxonalar, 20 foizini Brayl yozuvidagi bosma nashrlar, ilmiy
hamda badiiy adabiyotlar, imkoniyati cheklangan bolalar uchun audiokitoblar, videomateriallarni
ishlab chiqarish evaziga
tashkil qiladigan korxonalar, ishchilarining 30 foizi nogironligi bor
shaxslardan iborat korxonalar bir qator imtiyoz va preferensiyalarga ega bo‘ladi. Qolaversa, ular
davlat mulki obyektini ijraga olishda eng kam ijara to‘lovi stavkasining 50 foizini to‘laydilar.
Yuqorida zikr etilgan korxonalarga aylanma mablag‘ini to‘ldirish uchun — uch oylik imtiyozli
davr bilan 18 oygacha muddatga, asbob-uskunalar hamda sarflash materiallarini xarid qilish uchun
— olti oylik imtiyozli davr bilan 3 yil muddatga kreditlar ajratiladigan bo‘ldi. O‘zbekiston
Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-
quvvatlash davlat jamg‘armasi kreditlar bo‘yicha foizlarga kafillik beradi.
Shu bilan birga, mazkur hujjat bilan yana bir imtiyoz berilmoqda.
Jumladan, joriy yilning 1
avgustidan boshlab ishchilarining 50 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslardan tashkil topgan
korxonalar xodimlari uchun yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 4,7 foiz miqdorda belgilandi.
Endilikda yordamga muhtoj va shu muhtojlarga ko‘makka shay bo‘lgan homiylar bir
maydonchada virtual muloqotga kirishishlari mumkin bo‘ladi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning
erkin foydalanishi uchun barcha texnik hamda tibbiy-ijtimoiy imkoniyatlarni
inobatga olgan
holda, homiylar hamda homiylik oluvchilarni bog‘laydigan, avvalo, homiylar yordamiga va
qo‘llab-quvvatlashiga o‘ta muhtoj kishilar haqidagi maqolalar hamda ma’lumotlar
joylashtiriladigan maxsus veb-portal ham yaratiladi.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad internet tarmog‘ida yordamga muhtoj bo‘lgan shaxslar
haqidagi ma’lumotlarning yagona maydonini yaratishdir. Bu orqali ular ham davlat tomonidan,
ham jamoatchilik tomonidan nazorat qilib boriladi.
Qarorda belgilangan yana bir jihatga to‘xtalib o‘tish o‘rinli. O‘zbekiston
Respublikasi Bosh
prokuraturasi Moliya hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari hamda boshqa
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda jamoat birlashmalarining korxonalariga tegishli
ishlab chiqarish obyektlari hamda yer maydonlaridan foydalanish samaradorligini o‘rganish
bo‘yicha maxsus guruhlar tuziladi.
— Mazkur ishchi guruhi tomonidan respublikamizning har bir hududidagi jamoat birlashmalari
korxonalariga tegishli ishlab chiqarish obyektlari va yer maydonlaridan
unumli foydalanilishi
kompleks tarzda o‘rganiladi, — deydi Bosh prokuratura boshqarma prokurori Shahnoza
To‘xtasheva. — Qolaversa, nafaqat ular faoliyati o‘rganiladi, balki mavjud muammolar bartaraf
etiladi, ular faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: