2-mavzu: Turkistonda sovet hokimiyatining majburiy tarzda o‘rnatilishi hamda bolsheviklar diktaturasi
Reja:
1. 1917-yilgi oktabr voqealari va uning Turkiston xalqlari hayotiga ta’siri.
2. Turkistonda sovеt hokimiyatining zo‘rlik bilan o‘rnatilishi.
3. Bolsheviklar va so’l eserlarning Turkiston jadidlariga qarshi kurashi
Tayanch so’z va iboralar: Oktyabr to‘ntarishi, dekret, Lenin, XKS, MIK, eserlar, F.Kolesov, Sherali Lapin
1917-yil avgust oxiri – sentyabr boshlarida bolsheviklar Petrograd va Moskva Sovetlarida ko‘pchilikni egalladi hamda hokimiyatni bosib olish uchun qurolli to‘ntarishga tayyorgarlik ko‘rdi. 24-oktyabrdan 25-oktyabrga o‘tar kechasi qurollangan ishchilar, Petrograd garnizonining soldatlari va Boltiq flotining matroslari Qishki saroyga bostirib kirdi va majlis o‘tkazayotgan Muvaqqat hukumat a’zolarini qamoqqa oldi. Petrogradda ochilgan Butunrossiya Sovetlarining II syezdida bolsheviklar dastlab so‘l eserlar bilan hamkorlikda Muvaqqat hukumat ag‘darilganligini qo‘llab-quvvatlab, Tinchlik va yer to‘g‘risida dekretlar e’lon qildilar. Vladimir Ilich Ulyanov (Lenin) boshchiligidagi hukumat – Xalq Komissarlari Soveti (XKS)ni tuzdilar. Bolsheviklar Petrograd va Moskvada Muvaqqat hukumatga sodiq kuchlarning qarshiligini shafqatsiz bostirib, Rossiyaning muhim markaziy sanoat shaharlarida tezlik bilan o‘z hokimiyatlarini o‘rnatishdi.
1917-yil kuzida Turkistonda hokimiyatning bolsheviklar ta’siridagi Sovetlar qo‘liga o‘tishi uchun obyektiv shart-sharoit yo‘q edi, bolsheviklarning omma o‘rtasida ta’siri ham oz bo‘lgan. Bu yerda asosiy siyosiy kuchlar eserlar va milliy partiyalar edi. Biroq mana shunday murakkab siyosiy sharoitda Turkistondagi milliy siyosiy kuchlar va ularning yetakchilari bolsheviklarning kuchini yetarlicha baholamadi hamda unga qarshi kurashga birlasha olmadi.
Oktyabr to‘ntarishi haqidagi xabar 27-oktyabrda Toshkentga yetib kelgach, bolsheviklar va so‘l eserlar hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan egallash uchun kurash boshladilar. Bolsheviklar rahbarlik qilgan Toshkent Soveti ishchi va soldatlarni qo‘zg‘olon ko‘tarishga da’vat qildi. Lekin Muvaqqat hukumat tomonidan Turkiston o‘lkasining bosh komissari qilib tayinlangan general P.Korovichenkoga sodiq qolgan qismlar bunga qarshilik ko‘rsatdilar. 28 oktyabrdan boshlab Toshkentning yangi shaharida qurolli to‘qnashuvlar avj oldi. To‘rt kunlik janglardan so‘ng Toshkentning yangi shahar qismida zo‘ravonlik bilan sovet hokimiyati o‘rnatildi. Biroq qurolli to‘qnashuvda mahalliy aholi deyarli ishtirok etmadi. 1917-yil noyabrda Samarqand, Skobelev va boshqa shaharlarda ham sovet hokimiyati o‘rnatildi.
Toshkentda 1917-yil 15 – 22-noyabrda bo‘lgan Turkiston ishchi va soldat deputatlari Sovetlarining III o‘lka syezdida so‘l eserlar, bolsheviklar va maksimalistlardan iborat sovet hukumati – Turkiston o‘lka Xalq Komissarlari Soveti tuzildi. Hukumatda 8 o‘rin so‘l eserlarga, 7 o‘rin bolsheviklar bilan maksimalistlarga berildi hamda u faqat yevropaliklardan iborat qilib tuzildi. Turkiston o‘lkasi XKS raisi lavozimini kasbi chizmachi bo‘lgan bolshevik Fyodor Kolesov egalladi, harbiy komissar qilib izvoshchi Ye.Perfilev, boshqa komissarlik lavozimlariga ham o‘rtamiyona ma’lumot olgan kishilar tayinlandi. Hukumat tarkibiga mahalliy xalqlar vakillaridan biror kishi ham kiritilmadi. Bu tasodifiy hol emas edi.
Xullas, Turkistonda ham bolsheviklar tomonidan zo‘ravonlik bilan sovet hokimiyati o‘rnatildi. Bolsheviklar hukumati yevropalik ishchilar, qizil gvardiyachilar va boshqa harbiy qismlarga tayanib, mintaqada o‘z diktaturasini o‘rnatdi. Turkistonning kelgusi taqdiri hal qilinayotgan ana shu murakkab paytda bolsheviklar va sovet hokimiyatiga munosabat masalasida musulmon aholining asosiy vakillari bo‘lgan “Sho‘roi Ulamo” hamda taraqqiyparvarlardan iborat Milliy Markaz (Kraymussovet) o‘rtasida kurash avjiga chiqib ketdi. “Sho‘roi Ulamo” tashkilotining Toshkent shu’basi yetakchilari (Sherali Lapin va b.) hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallagan bolsheviklarni qo‘llab-quvvatlashdi. Turkiston o‘lka musulmonlari Markaziy Kengashi (Milliy Markaz) bolsheviklar bilan hamkorlik qilishga qarshi chiqdilar va noyabr oyi boshlarida Toshkentdan Qo‘qon shahriga ko‘chib o‘tib, Farg‘ona vodiysida o‘z faoliyatlarini kuchaytirdilar. “Sho‘roi Islomiya” tashkiloti ham bu paytda o‘z qarorgohini Qo‘qonga ko‘chirgan edi.
Toshkent shahrida “Sho‘roi Ulamo” tashkilotining tashabbusi bilan 1917-yil 12-15-noyabrda “turli musulmon guruhlarining birlashgan kengashi” o‘tkazilib, unda Sirdaryo va Samarqand viloyatlaridan kelgan vakillar qatnashdi. Kengash kun tartibida “Turkistonda hokimiyatni tashkil etish” masalasi turar edi. Kengash o‘rinlarining yarmi musulmon aholisi vakillariga beriladigan koalitsion hukumat tuzishni yoqlab chiqdi. Biroq bolsheviklar o‘zlari bilan koalitsion hukumat tuzishni orzu qilgan Sherali Lapin boshchiligidagi ulamochilarning fikrlarini qat’iy suratda rad etishdi. Ulamochilarning bu talabini milliy demokratik kuchlar ham qo‘llab-quvvatlamadi.
Jadidlar va ularning “Sho‘roi Islomiya” hamda Turkiston o‘lka musulmonlari Markaziy Kengashi (Milliy Markaz)dagi safdoshlari Butunturkiston musulmonlari qurultoyini chaqirish va unda Turkistonga muxtoriyat maqominiberish taklifi bilan maydonga chiqdilar. Bolsheviklar eng avvalo Turkiston taraqqiyparvarlari va jadidlariga qarshi shafqatsiz kurash olib bordi.
Do'stlaringiz bilan baham: |