2-Mavzu: Shaxs va shaxs psixik taraqqiyoti
Mavzu rejasi:
Shaxs haqida tushuncha.
Individ, shaxs, individuallik tushunchalari
3.Faoliyat haqida tushuncha.Faoliyat turlari.
4.Motiv va motivatsiya. Motivlarning turlari.
5.Muloqot haqida umumiy tushuncha
6.Psixik jarayonlar
7.Hissiy-irodaviy holatlar
8.Individual-psixologik xususiyatlar
Tayanch tushunchalar: Shaxs, faoliyat, motiv, istak, harakat, ehtiyoj, motivatsiya, o’yin, o’qish, mehnat faoliyati, malaka, ko’nikma, individ, shaxs, individuallik, diqqat, sezgi, idrok, xotira, xayol, tafakkur, nutq, hissiyot, iroda, temperament, xarakter, qobiliyat.
Shaxs haqida tushuncha.
Shaxs – ong egasi bo‘lgan konkret odam. Faoliyat – u yoki bu yumushni bajarishga qaratilgan harakatlar majmui. Malaka – odamda harakatlarning tezlashuvi, avtomatlashuvi. Ko‘nikma – avtomatlashgan harakatlarning doimiyligi.
«Shaxs» tushunchasi psixologiyada eng ko‘p qo‘llaniladigan tushunchalar sirasiga kiradi. Psixologiya o‘rganadigan barcha fenomenlar aynan shu tushuncha atrofida qayd etiladi. Inson ruhiy olami qonuniyatlari bilan qiziqqan har qanday olim yoki tadqiqotchi ham shaxsning ijtimoiyligi va aynan jamiyat bilan bo‘lgan aloqasi masalasini chetlab utolmagan. Sh a x s — ijtimoiy va shaxslararo munosabatlarning maxsuli, ongli faoliyatning sub’ekti bo‘lmish individdir. Shaxsga taalluqli bo‘lgan eng muhim tasnif ham uning jamiyatdagi murakkab ijtimoiy munosabatlarga bevosita aloqadorlik, ijtimoiy faoliyatga nisbatan ham ob’ekt, ham sub’ekt bo‘lishlikdir. Odam insonshunoslik fanlari tomonidan har tomonlama o‘rganilib kelinmoqda. Psixologiyada odam biologik evolyutsiya mahsuli sifatida, jamiyat ishlab chiqarishining asosiy harakatlantiruvchi kuchi sifatida, ishlab chiqarish va boshqa ijtimoiy munosabatlarning sub’ekti sifatida o‘rganiladi. Odamning boshqa shaxslar bilan, tashqi olam bilan bo‘lgan munosabatlari xilma-xil bo‘lganligi uchunga unga xos bo‘lgan psixologik sifatlar va fazilatlar ham nihoyatda xilma-xildir.
Psixologiya fanida inson zotiga xoslik masalasi individ (lotincha individ - ajralmas, alohida zot degan ma’no anglatadi), shaxs, individuallik (yakkahollik) tushunchalari orqali aks ettiriladi. Katta yoshdagi ruhiy sog‘lom (esi-hushi joyida) odamlar ham, chaqaloq ham, nutqi yo‘q, oddiy malakalarni o‘zlashtira olmaydigan aqli zaiflar ham individlar deb ataladi. Biroq bulardan birinchisinigina shaxs deb atash an’ana tusiga kirib qolgan, chunki o‘sha zotgina ijtimoiy mavjudod, ijtimoiy munosabatlar mahsuli, ijtimoiy taraqqiyotning faol qatnashchisi bo‘la oladi. Individ sifatida yorug‘ dunyoga kelgan odam ijtimoiy muhit ta’sirida keyinchalik shaxsga aylanadi, shuning uchun bu jarayon ijtimoiy-tarixiy xususiyatga egadir. Ilk bolalik chog‘idanoq individ muayyan ijtimoiy munosabatlar tizimi doirasiga tortiladi, bunday shaxslararo munosabatlar tarzi tarixiy shakllangan bo‘lib, u yoshligidanoq shu tayyor (ajdodlar yaratgan) ijtimoiy munosabat, muomala, muloqot tizimi bilan tanisha boradi. Ijtimoiy qurshov (oila a’zolari, mahalla ahli, jamoatchilik, ishlab chiqarish jamoasi), ijtimoiy guruh ichida (kishilarning og‘ushida, ularning qalb to‘risida) odamning bundan keyingi rivojlanishi uni shaxs sifatida shakllantiruvchi, uning ongi va irodasining xususiyatlariga mutlaqo bog‘liq bo‘lmagan har xil xususiyatli munosabatlar majmuasini vujudga keltiradi.
Umumiy psixologiya fanida shaxsning shakllanishi va rivojlanishi qonuniyatlari hamda ularning mexanizmlari tadqiq etiladi. Bu borada psixologlar tomonidan shaxsga nisbatan turlicha ta’rif berilgan va uning tuzilishini o‘ziga xos tarzda tasavvur qilishgan. Quyida mualliflarning ayrimlariga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.
A.G.Kovalevning fikricha, shaxs - bu ijtimoiy munosabatlarning ham ob’ekti, ham sub’ektidir. A.N.Leontyev ushbu masalaga boshqacharoq yondashib, unga shunday ta’rif beradi: shaxs - bu faoliyat sub’ektidir. K.K.Platonovning talqiniga binoan: jamiyatda o‘z rolini anglovchi, ishga layoqatli, yaroqli a’zosi shaxs deyiladi. Bu muammo mohiyatini chuqurroq ochishga harakat qilgan S.L.Rubinshteyn ta’rificha, shaxs bu tashqi ta’sirlar yo‘nalishini o‘zgartiruvchi ichki shart-sharoitlar majmuasidir.
Psixologiya fanida bir-biriga yaqin, lekin ayniyat bo‘lmagan tushunchalar qo‘llanilib kelinadi, chunonchi: odam, shaxs, individuallik. Ularning mohiyatini aniqroq izohlab berish uchun har birining psixologik tabiatini tahlil qilish maqsadga muvofiq.
1. Odam: sut emizuvchilar sinfiga daxldorlik, biologik jonzod ekanligi odamning o‘ziga xos xususiyatidir. Tik yurishlik, qo‘llarning mehnat faoliyatiga moslashganligi, yuksak taraqqiy etgan miyaga egaligi, sut emizuvchilar tasnifiga kirishi uning o‘ziga xos tomonlarini aks ettiradi. Ijtimoiy jonzod sifatida odam ong bilan qurollanganligi tufayli borliqni ongli aks ettirish qobiliyatidan tashqari o‘z qiziqishlari va ehtiyojlariga mutanosib tarzda uni o‘zgartirish imkoniyatiga ham egadir.
2. Shaxs. Mehnat tufayli hayvonot olamidan ajralib chiqqan va jamiyatda rivojlanuvchi, til yordami bilan, boshqa kishilar bilan muloqot (muomala)ga kirishuvchi odam shaxsga aylanadi. Ijtimoiy mohiyati shaxsning asosiy tavsifi hisoblanadi.
3. Individuallik. Har qaysi inson betakror o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Shaxsning o‘ziga xos qirralarining mujassamlashuvi individuallikni vujudga keltiradi. Individual shaxsning intellektual, emotsional va irodaviy sohalarida namoyon bo‘ladi.
Sobiq sovet psixologiyasida eng ko‘p tarqalgan shaxsning tuzilishiga oid materiallar bilan qisqacha tanishib o‘tamiz. S.L.Rubinshteyn bo‘yicha shaxs quyidagi tuzilishga ega:
1. Yo‘nalganlik - extiyojlar, qiziqishlar, ideallar, e’tiqodlar, faoliyat va xulqning ustuvor motivlari hamda dunyoqarashlarda ifodalanadi.
2. Bilimlar, ko‘nikmalar, malakalar, hayot va faoliyat jarayonida egallanadi.
3. Individual tipologik xususiyatlar temperament, xarakter, qobiliyatlarda aks etadi.
K.K.Platonov ta’limotiga ko‘ra, shaxs tuzilishi quyidagi shaklga ega:
I. Yo‘nalganlik osttuzilishi shaxsning axloqiy qiyofasi va munosabatlarini birlashtiradi, Undan harakatchanlik, barqarorlik, jadallik, ko‘lam (hajm) darajalarini farqlash lozim.
II. Ijtimoiy tajriba osttuzilishi - ta’lim vositasida, shaxsiy tajribada egallangan bilimlar, ko‘nikmalar va odatlarni qamrab oladi.
III. Psixologik aks ettirish shakllari osttuzilishi - ijtimoiy turmush jarayonida shakllanuvchi bilish jarayonlarining individual xususiyatlari.
IV. Biologik shartlangan osttuzilish - miya morfologik va fiziologik xususiyatlariga muayyan darajada bog‘liq bo‘lgan patologik o‘zgarishlarni, shaxsning yosh, jins xususiyatlarini va uning tipologik hosiyatlarini birlashtiradi.
A.G.Kovalev talqiniga binoan, shaxs mana bunday tuzilishga ega:
1. Yo‘nalganlik - voqelikka nisbatan inson munosabatini aniqlaydi, unga o‘zaro ta’sir etuvchi har xil xususiyatli g‘oyaviy va amaliy ustanovkalar, qiziqishlar, ehtiyojlar kiradi.
Ustuvor yo‘nalganlik shaxsning barcha psixik faoliyatini belgilaydi.
2. Imkoniyatlar - faoliyatning muvaffaqiyatli amalga oshishini ta’minlovchi tizim. O‘zaro ta’sir etuvchi va o‘zaro bog‘liq bo‘lgan turlicha qobiliyatlar.
3. Xarakter. Ijtimoiy muhitda shaxsning xulq-atvor uslubini aniqlaydi. Odamning ruhiy hayoti shakli va mazmuni unda namoyon bo‘ladi. Xarakter tizimidan irodaviy va ma’naviy sifatlar ajratiladi.
4. Mashqlar tizimi. Hayot va faoliyat, harakat va xulq-atvorni tuzatish (korreksiyalash), o‘zini o‘zi nazorat qilish, o‘zini o‘zi boshqarishni ta’minlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |