2-mavzu: O‘zbekiston tarixini davrlashtirish masalalari (4 soat)
Reja
Tarixni o‘rganishda davrlashtirishning ahamiyati.
Davrlashtirish masalalarining o‘rganilish tarixi.
Davrlashtirishning xududiy xususiyatlari.
Tarixiy, geologik, arxeologik davrlashtirishning o‘ziga xosligi.
Har bir davr o‘ziga xos iqtisodiy, siyosiy asosga, moddiy, ma’naviy va madaniy turmush tarziga ega. Har bir tarixchi davrlar xususiyatlarini aniq bilishi va talqin qila olishi lozim. Davrlar xususiyatini to‘liq anglash tarixiy voqealarni haqqoniy baholashda va o‘sha davr ruhiyatini to‘liq anglashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Insoniyat tarixida har doim ham bugungi yillar tizimidan foydalanilgan emas. Xar bir davrda har bir halq o‘zining yashagan davrini turlicha yil hisobini olib borganlar. Bu yil hisoblarini o‘rganish va tadqiq qilish ham tarixchilarning burchlari hisoblanadi. Bu davrlarni aniqlash orqali tarixchilar mazkur voqealar qachon ro‘y berganini aniqlaydilar. Lekin bu jarayon tarixchi olimlardan ko‘p mehnat va izlanish talab qiladi. Ba’zi yozma manbalardagi yil hisoblarini aniqlash haligacha no’malumligicha qolmoqda va tarixchilar orasida bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, Abu Rayhon Beruniyning «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» asarida qanday yil hisobidan foydalangani haligacha aniqlangan emas. Uning xabar berishicha, Xorazmga odamlar Iskandar Zulqarnayndan rosa 980 yil avval kelib joylashganlar4. Olimlar buni o‘rganib 1292 yil, ya’ni mil.avv. XIII asrga to‘g‘ri kelishi mumkin degan fikrlarni ilgari surganlar. Lekin qadimgi Xorazm xududida olib arxeologik tadqiqotlar bundan ancha ilgari bu xududda ibtidoiy qabilalar yashaganligini isbotlaganlar. Shuningdek, Xorazm xududida ilk davlatchilik izlari ham keyingi davrlarga, ya’ni mil.avv. 7-6 asrlarga mansubligini arxeologik izlanishlar ko‘rsatmoqda.
Talaba tarixiy davrlashtirish masalasini qanchalik chuqur o‘zlashtirsa, uning tarixni anglash jarayoni shunchalik chuqur va mulohazali bo‘ladi. Insoniyat o‘z taraqqiyotida turli xil jarayonlarni boshdan kechirgan. Olimlar inson faoliyati bilan bog‘lik bo‘lgan rivojlanishlar jarayonlarini taxlil etib, inson tarixiy taraqqiyotini ijtimoiy – iqtisodiy jihatdan davrlar va bosqichlarga bo‘lib o‘rganish va tadqiq qilish lozim ekanligini ta’kidlashgan.
O‘rta Osiyo xududida olib borilgan tadqiqotlar natijasida tarixning ko‘plab jumboqlari o‘z yechimini topdi. Markaziy Osiyoning ilk insoniyat tarixi keyingi davrlardagi mahalliy madaniyatlar rivoji va xalqlarning tarixiy jarayonlarida zamin bo‘lib xizmat qildi5. The present volume deals with the ancient period in the history of civilizations in CentralAsia, when the earliest human cultures emerged and determined to a considerableextent the later developments of local cultures and peoples. At the same time, the maintrends in historical developments, namely, the steady progress in the cultural evolution asa general rule as well as regional diversities, become evident even in the case of these mostancient times.
Tarixni davrlarga bo‘lib o‘rganish masalalarini qadimgi davr mualliflari asarlarida ham uchratamiz. Bu masala keyinchalik XVIII-XIX asrlarda ham keng muxokama mavzusi bo‘lib kelgan. Bu ma’lumotlarni talablarga keng taxlil qilingan holda berish lozim. Bu orqali ularda tarixiy taraqqiyot jarayoni taxlil qilish ko‘nikmalari shakllanadi
XIX asr o‘rtalaridan tarixni ishlab chiqarish usuli va mulk xarakteriga qarab davrlashtirish g‘oyasi ilgari surildi. XX asrda bu g‘oyalar kommunistik g‘oyaga moslashtirilib rivojlantirildi. Butun insoniyat tarixi 5 ta ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyalarga ibtidoiy jamoa tuzumi, quldorlik, feodalizm, kapitalizm va sotsializm kabi taraqqiyot yo‘llarini bosib o‘tgani va bosib o‘tishi lozimligi ta’kidlandi. Bu g‘oya barcha ilmiy adabiyotlar va darsliklarda o‘z aksini topdi. Lekin jamiyat taraqqiyoti tarixni bunday davrlashtirish noto‘g‘ri ekanligini ko‘rsatdi6. Jamiyat taraqqiyotida har bir xududning o‘ziga xos rivojlanish qonuniyatlarini har tomonlama chuqur o‘rganish va ularni ob’ektiv, aniq, birlamchi manbalar asosida tadqiq qilish va xulosa berish zarurligini davrning o‘zi isbotlamoqda.
Tarixga nazar solsak, jahonning ba’zi davlatlarida ibtidoiy jamoa tuzumi uzoq davom qilganining, qadimgi davr ham turli xududlarda turlicha kechgani, o‘rta asrlar va yangi davr ham turlicha kechganining guvohi bo‘lamiz. Shu sabab bu davr sanalarini barcha mamlakatlar uchun bir xil deb hisoblash va bir sanalarni berish mumkin emas.
Jumladan, Amerika xududida ibtidoiy jamoa tuzumi milodiy 10-12 asrlargacha, Rossiya xududida ibtidoiy jamoa tuzumi milodiy 7-8 asrgacha davom etgan. O‘rta Osiyoda xududida esa, quldorlik tuzumi o‘ziga xos tarzda davom qilgan va u olimlar tomonidan “Osiyocha ishlab chiqarish usuli” deb atalgan. Shuningdek, O‘rta Osiyoda feodalizm jamiyati uzoq davom qilib, kapitalistik munosabatlar rivojlanmasdan bolsheviklar ta’sirida sotsializm tuzumi o‘rnatila boshlandi. Bu sovet davrida ijobiy baholanib, feodalizmdan sotsializmga jamiyat sakrab o‘tdi deb baholangan. Vaholanki, g‘oya o‘zgargani bilan iqtisodiy asos o‘sha holicha, ya’ni agrar mamlakat tarzida saqlab qolingan.
Sovet tuzumi o‘rnatilgach, 1937 va 1954 yillarda O‘rta Osiyo xalqlari tarixini davrlashtirish masalasiga bag‘ishlangan ilmiy konferensiyalar bo‘lib o‘tdi 7. Bunda O‘rta Osiyo xududida o‘ziga xos taraqqiyot yo‘li bo‘lgan degan xulosaga kelingan bo‘lsada, bu 5 ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyaga moslashtirildi. V.V.Bartold tomonidan ilgari surilgan “abadiy feodalizm” g‘oyasi rad qilindi.
Eng qadimgi davr tarixini davrlashtirishda yevropalik olimlarning olib borgan tadqiqotlari diqqatga sazavordir. XIX asrda L.G.Morgan 1877 yilda nashr qilingan «Qadimgi jamiyat» («Drevnoe obshestvo») asarida birinchi bo‘lib urug‘chilik jamiyati haqida fikrini ilgari surgan. U urug‘ning paydo bo‘lishi odamzotning maydonga kelishi bilan birga yuzaga kelmadi, balki urug‘chilik jamoasi kishilik jamiyati taraqqiyotining ma’lum bir bosqichidir, degan xulosasini ilgari surdi. L.G.Morgan urug‘chilik jamoasi ikki bosqichga bo‘ldi, ya’ni uning birinchi bosqichini ibtidoiy to‘da, ikkinchi bosqichini esa ibtidoiy urug‘chilik jamoasi deb nomladi. Urug‘chilik jamoasi davrini ikki bosqichga bo‘ladi. Uning birinchisi «ibtidoiy urug‘chilik jamoasi», ikkinchisini – «Harbiy demokratiya» deb atadi.
XX asrda keng ko‘lamda olib borilgan arxeologik, etnografik va antropologik izlanishlar L.G.Morganning kishilik tarixining ilk bosqichlariga bergan ta’rifini tug‘ri ekanligini ko‘rsatdi. Uzoq paleolit davrining 3 ta bosqichida xam insoniyat texnologik va madaniy jihatdan katta muvafaqqiyatga erishdi. Maxalliy o‘zgarishlarda axamiyati kam lekin har doim kerakli ixtirolar qilindi. Mahalliy o‘zgarishlardan biri ovqat maxsulotlarining paydo bo‘lishida yaqqol namoyon bo‘ldi.8
Tarixini davrlashtirish masalasi A.Asqarovning “O‘zbek halqining kelib chiqish tarixi” monografiyasida keng yoritilgan va unda tarixni davrlashtirishda nimalarga e’tibor berish lozimligi ta’qidlanib, O‘zbekiston tarixini 7 ta davrga bo‘lib o‘rganish muvofiqligi ilgari surilgan9. Unda jamiyatda yuz beradigan tub o‘zgarishlar hisobga olingan holda, birinchidan, har bir ulkan tarixiy davrda jamiyat iqtisodiy asosini harakatlantiruvchi kuchlari kimlar edi? Ikkinchidan, jamiyatda mulkka egalik qilishlikning xarakteri qanday bo‘lgan? Uchinchidan, jamiyat ijtimoiy hayotining ma’naviy asosini qanday mafkura tashkil etgan? degan savollar qo‘yilib, kishilik jamiyati tarixi davrlashtirilishi kerak, degan fikrni ilgari surgan10 va quyidagi davrlashtirishni ilgari surgan:
I. O‘zbekistonda “Ibtidoiy to‘da davri” (mil. avv. I million – 40 ming yilliklar)11.
II. O‘zbekistonda “Ibtidoiy urug‘chilik jamoasi va mulk egaligining shakllanish davri” (bundan 40 ming yil avval to milodiy III-IV asrlargacha). Bu davrni uch bosqichga bo‘ladi: 1 bosqich – matriarxat urug‘ jamoasi bosqichi. 2 bosqich - patriarxal urug‘ jamoasi bosqich. 3 bosqich urug‘ jamoalarining harbiy demokratiya bosqichi.
III. O‘zbekistonda “Ilk o‘rta asrlar davri” (milodiy V asrdan to VIII asr oxirigacha).
IV. “O‘rta asrlar davri” ( 9 asrdan Somoniylar davlatini tashkil topishidan to XIX asr o‘rtalarigacha).
V. O‘rta Osiyo, jumladan, O‘zbekiston tarixining beshinchi davrini “Mustamlakachilik va milliy uyg‘onish davri” deb atash mumkin. Uning davriy chegarasi – Chor Rossiyasi bosqinidan to 1917 yil Oktyabr to‘ntarishiga qadar davom etgan davrni o‘z ichiga oladi.
VI. O‘zbekiston tarixining oltinchi davri “Sovetlar hokimiyati davri” bo‘lib, bu davr 1917 yildan 1991 yilgacha davom qilgan.
VII. O‘zbekiston tarixining yettinchi davri “Milliy istiqlol, demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurish davri” deb atab, bu davr 1991 yil 31 avgustdan to bugungi kungacha bo‘lgan davrlarni qamrab oladi.
Akademik A.Asqarov tomonidan ilgari surilgan bu davrlashtirish uslubida ham O‘zbekiston xududining o‘ziga xos taraqqiyot yo‘li aks etgan.
Bugungi kunda jahon miqyosida tarixni umumiy, ya’ni ijtimoiy-iqtisodiy o‘ziga xosligini inobatga olgan holda quyigacha davrlashtirish ilgari surilmoqda. Bu davrlashtirish uslubidan maktab darslikliklarida ham, tarix fanlarini davrlarga bo‘lishda ham keng foydalanilmoqda. Bu tarixni tarixiy jihatdan bo‘lish dab qarasak, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Tarixda eng qadimgi davr 2 davrga ajratilib o‘rganiladi. Bu davr tarixiy jihatdan ikkita yirik davr: “ibtidoiy to‘da” va “urug‘chilik jamoasi davri”ga bo‘linadi. O‘z navbatida urug‘chilik jamoasi 2 bosqichga: matriarxat (ona urug‘i) va patriarxat (ota urug‘i) ga bo‘linadi.
Qadimgi davr mil.avv. YI asrdan milodiy IY asrgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga olib, u 2 bosqichga bo‘linadi:
1– arxaik davr - mil.avv. YI–IY asrlar.
2–antik davr - mil.avv. IY asr oxirlaridan - milodiy IY asr.
O‘rta asrlar davri o‘z rivojlanishi jihatidan 3 ta bosqichga bo‘linadi.
1– ilk o‘rta asrlar- milodiy Y– IX asrlar
2– rivojlangan o‘rta asrlar - milodiy IX– XYI asr boshlari
3– so‘nggi o‘rta asrlar - milodiy XYI o‘rtalaridan –XIX asrlar o‘rtalarigacha
Yangi davr XIX asr o‘rtalaridan XX asrning 90 yillarigacha bo‘lgan davrni o‘zida qamraydi. Bu davr ikki bosqichga bo‘linadi:
1 - Chor Rossiyasi mustamlakasi davri XIX asr o‘rtalaridan 1917 yilgacha
2 - Sovet hokimiyati humronligi davri 1917 yildan 1991 yil 31 avgustgacha
O‘zbekistonning mustaqillik davri 1991 yil 31 avgustdan bugungi kungacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi.
Davrlashtirishda olimlar geologik va arxeologik davrlashtirishdan ham keng foydalanadilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |