SHayx Xovand Tohur maqbarasi
Bu nodir maqbara Navoiy shoh ko`chasida joylashgan me`moriy yodgorliklardan biri. Maqbara shayx Umar Bog`istoniyning o`g`li — SHayx Xovand Taxurga atab solingan. XV asrda yashagan nufuzli ruhoniy Xo`ja Axror SHayx Xovond Tahurning avlodi bo`lgan. Mavjud yodgorlik XV asrga oid ko`hna maqbara poydevori ustiga XVIII — XIX asrlarda qurilgan; bunda Movarounnahrda XIV asr oxiridan rivojlangan ikki xonali bo`ylama maqbara — kompleks tarxlari saqlab qolingan. G`arbdan sharqqa yo`nalgan o`q bo`ylab bino yuzasidan sal chiqib turuvchi kichik peshtoq, ziyoratxona, so`ng go`rxona joylashgan. Xonalar gumbazlar bilan yopilgan; go`rxona gumbazi qo`shqavat bo`lib, 12 qirrali asosga o`rnatilgan; ziyoratxona me`morchiligi o`ziga xos xonakoh bo`lib, sakkiz ravoqdan iborat. Darchalardagi koshinkor panjaralar saqlanib qolgan. Maqbara yupqa chorsi pishiq g`ishtdan terilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |