Amerika hindularining
madaniyati va tilini, etnografiyasini o‘rgangan
olimlar ba’zi bir hindu qabilalari tilida bu yulduz turkumlarini «ayiq» deb
atalishini aniqlaganlar, ammo e’tibor berishmagan. Yevropaliklarning ta’siri
bo‘lsa kerak, deb qo‘ya qolishgan. Lekin kompyuterlar ancha rivojlangan XX
asrning 70 yillarida tilning kelib chiqishi va atamalar shakllanishi bilan qiziqib
yurgan olimlar bu o‘xshashlikka
jiddiy yondashib, astronomlarga murojaat
qilishgan: mazkur yulduz turkumlarining kompyuterda bir necha o‘nming yillar
burungi osmondagi joylashuvi, koordinatlari aniklansa, ayiqni eslatadigan holat
kelib chiqmaydimi?
Aytish lozimki, osmondagi barcha jismlar, jumladan, yulduzlar ham doimiy
harakatda. Faqat yulduzlar bizdan juda uzoq joylashgani uchun ularning bir-ikki
asr, hatto ming yillar davomidagi holati o‘zgarmasdek tuyuladi. Aslida aksariyat
yulduzlarning harakat tezligi va koordinat chiziklari fanga yaxshi ma’lum.
Astronomlar Katta ona ayiq va Kichik ayiq yulduzlarining tezligi,
harakat
chizig‘ini kompyuterlarga solib ortga aylantirsalar, haqiqatan bundan 200 ming
yildan to 60 ming yilgacha ilgari ular osmonda ayiqni eslatadigan holatda ekan.
Shu bois turli dinlarga, turli madaniyatlarga oid, bir-biridan nihoyatda yiroq va
o‘zaro aloqa qilmagan xalqlarda, agar arxaik atama saqlab qolingan bo‘lsa, bu
turkumlar hozirgacha «ayiq» deb ataladi. Vaholanki, ularning hozirgi ko‘rinishi
ayiqni mutlaqo eslatmaydi. Demak, bu turkumlarga nomni shimoliy yarimsharda
yashagan qadimgi odam, balki neandertal odam bergan. Neandertal odamda
falakiyot asotirlari yoki shunga o‘xshash tasavvurlar bo‘lgan.
Falakiyot
to‘g‘risida qarashlar vujudga kelgan joyda, albatta, undan oldin kundalik maishiy
turmush, jonsiz tabiat va uni bevosita o‘rab turgan hayvonot va o‘simliklar
dunyosiga nisbatan qarashlarini ifodalovchi rivoyatlar, afsonalar,
ertaklar,
asotirlar shakllanadi. Bular hammasi ma’naviyat unsurlaridir.
Odamlar yovvoyilikdan ongli turmush kechirishga o‘tishi, podani urug‘-
jamoaga aylanib, jamiyat paydo bo‘lishi jarayonida o‘z munosabatlarini asta-
sekin tartibga sola boshlaganlar. Dastlab onalar va bolalar, otalar va qizlar, akalar
va singillar o‘rtasidagi jinsiy aloqalar taqiqlangan, so‘ng
boshqa taqiqlar va
majburiyatlar paydo bo‘lib, yaxlit sinkretik ong doirasidagi axloqiy, diniy
qarashlarda va urf-odatlarda tizimlashgan. Tabiatga munosabat ham tizimlashib
borgan. Natijada ilk ibtidoiy xulq-atvor me’yorlari,
marosimlar, ilk diniy
tasavvurlar vujudga kelgan. Ular avloddan-avlodga o‘tib, boyib, takomillashib,
murakkablashib borgan.
«Hayot nima, tirik jon qaerda joylashgan?», «Kishi o‘lganidan keyin, joni
qayoqqa ketadi?» kabi savollar inson ongi o‘sgan sayin paydo bo‘lavergan.
Qadimgi odam,
balki kramonon odam, jonning manbai – ruh, qalb degan
xulosaga kelgan: inson yuragi bilan emas, balki qalbi bilan hayvondan farq qiladi.
Shundan buyon inson ruhning sir-asrori, voqeligi to‘g‘risida mulohaza yuritadi,
o‘y o‘ylaydi. Bular uning aqliy, ijodiy faoliyati natijalarida aks etadi: asotirlarda,
dinda, falsafada, odob-axloqida, san’atda va h.k.
Do'stlaringiz bilan baham: