2-Mavzu: Chalaxordalilar (Xemixordata) tipi
Rеja:
1.Kirish. Tip Xemixordata(CHalaxordalilar). Umumiy xususiyatlari.
2.Sinflari: Enteropneusta, tana tuzilishi va funksiyalari.
3. Sinf Pterobranxia, umumiy xususiyatlari. Ignaterililar filogeniyasi va adaptiv xilma-xilligi.
Tayanch iboralar :
Balanogloss, nina terililar, simmetrik, jabra yoriqlari, jigar oʻsimtalari, qon aylanish sistemasi, metamorfoz,
Balanoglossning tashqi koʻrinishi va hayot kechirishi – Balanoglossning gavdasi ikki yoqlama simmtrik va chuvalchangsimon boʻlib, uch boʻlimga: xartumcha yoqa va tanaga boʻlinadi. Ba’zi turlarining boʻyi atigi bir necha sm boʻlsa, boshqalarniki bir metr hatto 2.5m ga yetadi. Balanogloss dengizning sayyoz yerlarda qumga koʻmilib olib yashaydi. Bu yerda u oʻzi kavlagan yoʻllarida (kam) harakat qilib hayot kechiradi. Bu yoʻllar devoir salga uvalanib ketadigan naychalar shaklida boʻladi, chunki qum donalari hayvonlarning teri bezlari bezlaridan chiqariladigan yopishqoq modda bilan bir-biriga yopishib turadi. Balanogloss ogʻziga suv bilan birgalikda kirgan mayda organizmlar bilan ovqatlanadi.
Ichki tuzilishi: Balanoglossning ogʻiz teshigi yoqasining qorin tomoniga, xartumchasining ostiga oʻrnashgan. Ogʻiz teshigi bir talay jabra yoriqlari bilan halqum bilan tutashadi, jabra yoriqlari gavdaning orqa tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri tashqariga ochiladi. Halqum shaklan toʻgʻri naychaga oʻxshagan asl ichak bilan qoʻshiladi. Ichakning orqa tomonidan jigar oʻsimtalari deb ataladigan bir talay koʻp oʻsimtalar chiqadi. Gavdaning eng oxirida anal teshigi bor. Gavda boʻshligʻi xartumcha, yoqa va tana boʻshliqlariga boʻlinadi. Xartumcha boʻshligʻida maxsus bir tuzilma tortib chiqib turadi, bu tuzilma ichakning ogʻiz oldi oʻsimtasidan iborat boʻlib, u boshlangʻich (murtak) holdagi xordadir, chunki uning tuzilishi holdagi oʻxshaydi va xorda kabi endodermadan chiqib kelgan (1.1-1.2-rasmlar).
Xartumcha boʻshligʻi kichik teshikcha orqali tashqaridan kirgan dengiz suvi bilan toʻlishi mumkin, shunda u tarang boʻlib qoladi.
Balanoglossning qon aylanish sistemasi. Balanoglossning qon aylanish sistemasi tutash boʻlmay, asosan, orqa va qorin tomonlaridan iborat.
Balanoglossning nerv sistemasi. Balanoglossning nerv sistemasi orqa va qorin nerv iplaridan tuzilgan, ular halqum oldi nerv halqasiga qoʻshilgan boʻladi. Yoqa joylashgan yerdan oʻtgan nerv iplarining ichida tor boʻshliq bor, bu boʻshliq, odatda, nevratsil gomologi deb hisoblanadi. Balanoglossda hech qanday sezuv organi topilmagan, undan yaxlit subepitelial nerv chigallarini hosil qiladigan ayrim sezuvchi hujayralargina topilgan, xolos. Ichak jabralilar lichinkasida, deyarli barcha nina terililardagi oʻxshash, bosh tepa plastinkasi bor.
Bu plastinka metamorfoz davrida tamomila yoʻqolib ketadi. Murtak holidagi xorda atrofiga oʻrnashgan boʻlmali maxsus tuzilma ayrim organi vazifasini bajarsa kerak, shunga koʻra, parchalanish mahsulotlari (siydik) hartumchadagi kichkina teshikdan tashqariga chiqariladi.
Balanoglossning jinsit sistemasi. Balanogloss ayrim jinsli hayvon boʻlsada, tanasining oldingi qismiga oʻrnashgan erkaklik va urgʻochilik jinsiy bezlari sirtidan bir-biriga oʻxshaydi. Jinsiy mahsulotlari maxsus teshikchalardan suvga chiqariladi, tuxum hujayrasi ham suvda urugʻlanadi.
Mustahkamlash uchun savollar.
Xemixordatalar(CHalaxordalilar) tipiga qaysi sinflar kiradi?
Balanoglossning tashqi koʻrinishi va hayot kechirishi qanday?
Ichki tuzilishi qanday?
Balanoglossning qon aylanish va nerv sistemasiqanday tuzilgan?
Balanoglossning ko’payishi qanday?
Do'stlaringiz bilan baham: |