Intellektual xatti-harakatlar. Hayvonlarning ko`pincha yashirin imkoniyati sifatida qolib ketadi. Jumladan, rus psixologi N.N.Ladigina -Kots (1889-1963) ning tajribalarida Paris degan shimpanze ichiga xo`rak solingan naychani olishi bilanoq naychaning ichiga kiritish uchun yaroqli bo`lgan, ishlatishga qulay qurolni tanlashga tushardi. Bunda Paris turli belgilarni-narsalarning shakli, uzunligi, kengligi, qalinligini ajrata bilardi. Agar mos keladigan narsa topilmasa Paris yonida yotgan daraxt shoxlaridan yon shoxlarini yulib olar, enli taxtadan payraxalar ajratib chiqar, buklangan simlarni to`g`irlar, xullas maymunlar "qurol" yashar edi.
Biroq yuksak taraqqiy etgan maymunlardan "qurol yasash" faoliya-tining ahamiyatini oshirib yuborish yaramaydi. E.G.Vasuro, N.NLadigina-Kotslar o`tkazgan tajribalaridan ma`lumki, shimpanzelar aynan bir xildagi vaziyatda, ya`ni maqsadga erishish uchun ikkita tayoqni birlashtirish zarur bo`lgan paytda o`zlarini yo`qotib qo`yishadi. Buni quyidagicha izohlash mumkin, ya`ni shoxlarni g`ajish, payraxalarni ajratish maymunning tabiatda bajaradigan harakatlaridir. Lekin maymunlar tabiiy sharoitlarda tayoqlarni bir-biriga ulab ish ko`rmaydi.
Psixikaning muhit va a`zolar tuzilishiga bog`liqligi. Muhit sharoiti jihatidan nihoyat darajada har xil ekan, bu hol organizmlarning differensiallanishiga olib kelgan. Barcha tirik organizmlar mavjud sharoitga moslashadi. O`z-o`zini boshqarish oddiy ta`sirlanuvchanlikdan boshlanib, o`zining yuksak taraqqiyotiga erishadi.
Aks ettirish usuli qanchalik yuksak bo`lsa, mazkur turdagi hayvon muhitning bevosita ta`siridan shunchalik ozod bo`ladi. Muhitdagi haroratning o`zgarishi bilan organizmdagi kimyoviy reaksiyalar tezligi ham o`zgaradi, harorat ko`tarilsa, reaksiya tezligi oshadi, harorat pasaysa reaksiya tezligi kamayadi. Bordi-yu harorat juda oshib yoki juda tushib ketsa: bir hujayrali organizm halok bo`ladi. Yuksak taraqqiy etgan hayvonlar esa sharoit o`zgarishi bilan bir joydan ikkinchi joyga ko`chishga majbur bo`ladi. Masalan: kemiruvchilar yerni chuqur kavlab ichkariga kirib ketadi. Bunda instinkt ta`sir qiladi. Yozning issiq kunida fil o`ziga suv sepib turadi.
Hayvonlar taraqqiyotining har qanday darajasida ham muhitga bo`lgan bog`liqlikdan batamom qutula olmaydi. Muhit tirik organizmning yashash sharoiti, tirik organizmlar hayotini belgilovchi omildir.
Aks ettirishning adekvat (mos) bo`lishi, avvalo psixikaning moddiy asosi, sezgi a`zolari va asab tizimining tuzilishiga bog`liqdir. Reseptor ma`lum bir turdagi qo`zg`atuvchilar ta`siriga qanchalik to`g`ri reaksiya qilsa, organizmning reaksiyasi ham shunchalik adekvat, ya`ni mos bo`ladi.
Reseptorlarning taraqqiyoti ma`lum darajada biron tipdagi asab tizimi taraqqiyoti bilan bog`liq. Sezgi a`zolari va asab tizimi taraqqiyoti darajasi muqarrar ravishda psixik aks ettirish darajasini belgilaydi. To`rsimon asab tizimiga ega bo`lgan hayvonlar asosan tashqi ta`sirotlarga tug`ma ravishda javob qaytaradilar. Vaqtli aloqalar ularda qiyinchilik bilan yuzaga keladi va yomon saqlanadi.
Taraqqiyotning navbatdagi pog`onasida asab tizimida bir qator sifat o`zgarishlar yuzaga keladi. Tuguncha shaklidagi nerv hujayralari asab tizimining ko`proq miqdordagi qo`zg`atuvchilarni qabul qilish va qayta ishlash imkoniyatini beradi. Chunki bunday asab tizimi uchun muhit qandaydir o`zgarmaydigan doimiy narsa emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |