Hayvonlarning intellektual harakatlari. Aql (intellektual) bosqichi hayvonlarning deyarli murakkab faoliyati bilan tavsiflanib, u aks ettirishning murakkab turidir. "Hayvonlarning borliqni psixik aks etish usuli intellektual faoliyatga o`tishida alohida narsalargina emas, balki ularning munosabatlarini aks ettirish ham vujudga keladi. Hayvonlar rivoj-lanishning bu bosqichida, narsalar orasidagi bog`lanishlarni aks ettira oladilar.
Nemis zoopsixologi V.Kyolerning tadqiqotlarida maymunlarga yetib bo`lmaydigan joyga xo`rak qo`yiladi. Xo`rakdan yaqinroq, lekin bevosita yetib bo`lmaydigan joyga uzun tayoq qo`yiladi. Bu tayoqqa yetishish uchun qafasda qisqa tayoqcha bilan xo`rakni olib bo`lmaydi. Maymun esa birinchi bosqichda qisqa tayoq bilan uzun tayoqni oladi. Ikkinchi bosqichda esa uzun tayoq orqali xo`rakni olishga muvaffaq bo`ladi.
A.N.Leontevning fikricha, muvaffaqiyatsiz harakatlardan so`ng to`satdan javobni topishi aqliy xatti-harakatlarning yana xususiyatidir. Bu hodisa V.Kyoler tomonidan "insayt"-ravshanlashish deb atalgan.
Aqliy xatti-harakat boshqa ikki xususiyati mavjud bo`lib, bu topilgan muammoning yechimini tez eslab qolish va shu bilan shakllangan operasiyalarni bir faoliyatdan ikkinchi faoliyatga o`tkaza olishdir.
Hayvonot olamining yuksak bosqichidagi vakillari (quruqlikda yashovchilardan, xususan, odamsimon maymunlar, dengiz hayvonlaridan delfinlar) instinkt, ko`nikmalarni egallashdan tashqari yana murakkab harakatlarni bajara oladi, hayvonlarning bunday xatti-harakatlarini intellektual harakatlar desa bo`ladi. Intellektual xatti-harakatlar hayvonning ancha yuksak shakldagi psixik faoliyati bilan bog`liq bo`lib, u tug`ma instinktlar va hayotda hosil qilingan ko`nikmalar hayvonning yashash sharoiti talablariga javob bera olmagan taqdirda yuzaga keladi. Yuksak taraqqiy qilgan hayvonlar ular uchun ma`lum muammolar bilan bir qatorda yangi bo`lgan narsani ham hal qila oladilar. Masalan, tajriba o`tkazilgan asbob ikkita bo`sh naychadan iborat edi. Naychadan bittasiga qarg`aning ko`z o`ngida inga bog`langan xo`rak bir parcha go`sht joylashtirildi. Qarg`a xo`rakning naycha ichiga kirib ketganini ko`radi. Qarg`a shu zahotiyoq ikkinchi naychaning oxiriga sakrab boradi va xo`rakning paydo bo`lishini kutib turadi. Shuningdek, maymunlarda o`tkazilgan tadqiqot ham bunga yaqqol misoldir. Qafasning shipiga banan osib, qafas ichiga ikki - uchta yashik yoki bir ikkita qamishli tayoqcha qo`yadilar. Maymun qafas ichiga kirishi bilan mevani olmoqchi bo`ladi, ammo bo`yi yetmaydi. Maymun tevarak-atrofiga ko`z yugurtirib, yerda yotgan qamishni ko`radi, va bu qamish bilan mevani qoqib tushirishga harakat qiladi. Lekin unda ham bo`yi yetmaganidan so`ng qamishlarni olib, bir necha vaqt ular bilan turlicha harakatlarni qilib ko`rib, ular bir-birini ichig kirib, uzunlashadi, keyin maymun bananni qoqib tushiradi. Yoki yerda yotgan yashikni ustma-ust qo`yib uni mevaning tagiga surib keltiradi va ustiga chiqib mevani olmoqchi bo`ladi, ammo bo`yi yetmaydi. Shunda maymun yerda yotgan boshqa yashiklarni ustma-ust qo`yib, narvon qiladi va ularning ustiga chiqib mevani olib yeydi.
Kishi ko`ziga maymunlar nechog`li aqlli hayvon bo`lib tuyulmasin, ammo ularning tafakkuri nihoyatda tordir. Bu fikrni isbotlash uchun shunday bir tajriba o`tkazilgan. Yashik qo`yilgan meva oldiga spirt lampasi yoqib, yonib turgan spirt lampasining tepasiga suvli - jo`mrakli bak va stakan qo`yiladi. Mevani olish uchun maymun avval olovni o`chirish kerak bo`ladi. Bir odam olovni o`chirib, ovqat olish yo`lini maymunga ko`rsatadi, maymun bakdagi suvdan krujkaga quyib olovga sepadi va so`ng mevani olib yeydi. Keyinchalik suv to`ldirilgan bak boshqa stolga ko`chiriladi. Maymun bir stoldan, ikkinchisiga o`tish uchun uzun ko`prik yasab ko`prik orqali boshqasiga o`tgan va bakdan krujkaga suv to`ldirib yana org`asiga qaytgan, nihoyat olovni o`chirib, mevani olib yegan. Aynan maymun atrofida suv turib bundan foydalanmagani qiziqdir. Bu maymunda umumlashtirish xususiyati yo`qligidan dalolat beradi, ya`ni har qanday suv olovni o`chira olishini maymun mutloqo tushunmaydi, u o`zi ko`rgan ishini, ya`ni bakdan olingan suv bilan olovni o`chirishnigina qila oladi, xolos. Bulardan ma`lumki, aqlni ishlatish bilan biror bir masalani hal qilishda maymun masalani yechishni barcha zarur shartlarini ko`ra olmaydi, ulardan faqat ayrimlarinigina fahmlaydi, xolos. Maymunlarning intellektual harakatlari har qanday harakatlarni sinab ko`rish jarayonida aniq amaliy tafakkur tarzida sodir bo`ladi. Taqlidchanlik - maymunlar xulq-atvorining xarakterli xususiyatidir. Masalan, maymun supurgi bilan polni supuradi va “lattani ho`llab siqadi”, “polni artadi”, “yuvadi”. Odatda, maymunlar harakatning natijasiga emas, balki harakatning o`ziga taqlid qiladilar. Maymun polni supurar ekan, axlatni bir joydan ikkinchi joyga ko`chirib yuraveradi-yu, lekin axlatni poldan tozalab ola bilmaydi.
Shunday tadqiqot o`tkazilgan uyga bo`sh chelak va quruq latta qo`yilgan. Maymun latta bilan polni artadi va har safar u lattani chelakka tushurib aylantirib siqadi, bu ishni maymun farrosh qilgani kabi bajaradi. Shuningdek, maymun qalam bilan daftarga “yozadi” (chiziqlar chizadi) va unga diqqat bilan qaraydi. Maymunga qalam o`rniga tayoqcha berilsa, qam u “yozishni” davom ettiradi. Intellektual harakatning natijasiga taqlid qilish maymunlarda uchramaydi.
Amerikalik olimlar G.Xarlou, M.Xarlou, S.Suomilarning tadqiqotlari yangi tug`ilgan maymunlar bolasi sun`iy onaning ayrim turlarigagina haddan ziyod ixlos qo`yishi mumkinligini ko`rsatadi. Tajriba qo`yidagicha olib boriladi, ya`ni Makaka maymunining yangi tug`ilgan bolalarini huddi haqiqiy onasining kattaligida qilib ishlangan sun`iy ona bilan qafasga solib qo`yiladi. Maymunchalarning biriga metall kraskadan yasalgan “ona”, ikkinchisiga yog`och silindrdan yasalib, tukli mato bilan o`ralgan “ona” to`g`ri keladi. Yumshoq onalik maymuncha ko`p vaqtini uning yonida o`tkazadi, uni goh quchoqlar, goh uning ustiga ham chiqib ketardi. U har gal xavf tug`ilsa, onasining himoyasiga qochib borgan. Metall onaga tekkan maymuncha esa juda qiynaldi. Tadqiqotlar shuni ko`rsatadiki, maymunlarning bolalari sut bergan onadan ko`ra, sut bermasa ham matodan yasalgan onani afzal ko`rishadi. Matodan yasalgan onalar maymunlarda xavfsizlik va ishonch hissini uyg`otadi.
Biroq yuksak taraqqiy etgan katta maymunlarning instinktiv xatti-harakati, bir hujayrali hayvonlar instinktidan jiddiy farq qiladi. Yuksak taraqqiy etgan maymunlar (jumladan shimpanze)da xatti-harakatning uya qurishdek tug`ma shakli mavjuddir. Tabiiy sharoitlarda ular har kuni daraxtlarda shox-shabalardan uya qurishadi. Kuzatishlar shuni ko`rsatadiki, maymunlar uya qurishda, materiallarni tanlash chog`ida amaliy tahlilga binoan ish ko`radilar. Tadqiqot jarayonida maymunlarning binokorlik “faoliyati” kemiruvchilar (kalamush)ning uya qurishi bilan taqqoslab ko`rildi. Qattiqligi turlicha materiallar, jumladan, daraxt shoxlari va qoqoz mavjud bo`lgan holda shimpanze va kalamushlar qam uyani bir xil tipda, ya`ni uyaning asosiy qismini qattiq materialdan yasab, ichiga ancha yumshoqroq material to`shaydi. Agar shimpanze va kalamushga faqat yumshoq material berilsa, u holda ikkalasi ham uyani shu materialdan qurishga tushadi. Lekin ular tavsiya qilingan materialdan uyalarini yasab bo`lganlaridan keyin ularga ancha dag`alroq material berilsa, u holda hayvonlarning reaksiyalarida darhol sifat farq ko`rinadi. Shimpanze ancha dag`al materialga ega bo`lganidan keyin shu zahotiyoq uyasini qayta qurishga kirishadi. Yumshoq materialdan qurilgan inshoatini bir chekkaga surib qo`yadi va ancha dag`al materialdan uyaning asosini qura boshlaydi. Shundan keyingina u yumshoq materialdan foydalanadi, uni uyasining ichki yuzalariga to`shaydi, kalamushlarda ham huddi shunga o`xshash vaziyatni ko`rishni davom ettiradilar, dag`al materialni yumshoq material ustidan tushay beradilar. Shunday qilib, uya qurish maymunlarda garchi instinktiv harakatlar natijasida amalga oshirilgan bo`lsa, ham bu harakatlar tashqi shart-sharoitlar hisobiga olingan holda yuz beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |