Ritsarlik tarbiya tizimining barham topishi. Poroxning va o`q otadigan
qurolning paydo bo`lishi qurolli kuchlar tarkibining tubdan o`zgarishiga olib keldi.
Piyoda askarlar va artilleriya og`ir qurollar bilan qurollangan otliq askarlarni siqib
chiqardi va ritsarlarning harbiy jismoniy tayyorgarlik sistemasining hammasini
foydasizqilib qo`ydi. Lekin ritsarlar o`zlarining imtiyozli hisoblangan, ularning obro`yini
saqlab turgan va boshqa sinflardan ajratib turgan narsalardan darhol voz kechmadi.
Butun XV asr davomida hali turnirlar o`tkazib turildi, lekin endi kishilarning e’tibori
turnir ishtirokchilarining texnikasi va harbiy ta’lim ko`rganligiga emas, balki
kiyimlarining yaltirashiga hamda qurollarining chiroyligiga qaratilar edi. 1487 yili
Vormsda so`nggi umumgerman turniri, 1512 yili esa oxirgi mahalliy turnir bo`lib o`tdi.
Jangchi ritsarni tarbiyalashning qattiq tizimi asta-sekin unutib borildi. Ritsarlik tarbiya
tizimi o`rnida jentlmenlar tayyorlash tizimi vujudga keldi.
Ritsarlik qal’alaridan shaharlarning iqtisodiy jihatdan ustunligi holida
qimmatbaho o`q otuvchi qurollar zodagonlarning va unga tayanadigan qirol
hokimiyatining mulki bo`lib qoldi. Zodagonlar boyligining o`sib borishi ularga yollanma
qo`shinlar-landsknextlar saqlashga imkon berdi. Bular nayza, oybolta, qilich va o`q
otuvchi aslaha bilan qurollangan professional jangchilarning guruhlari edi. Ular
urushlarga yollanib borishar va shuning uchun keskin janglardan o`zlarini olib qochar
edi. Landsknextlar o`q otadigan qurolni ishlatish usullarinigina emas, balki boshqa
qurolni ishlatish usulini ham o`rganar, qurolsiz kurashishga, suvda suzishga o`rganar va
o`zlarida chidamlilik xususiyatlarini tarbiyalar edilar.
Landsknextlar qimmatga tushar edi, ular intizomsiz, jangda unchalik ishonchli
emas, tinchlik davrlarida esa davlat uchun xavfli kishilar edi. Bu hol asta-sekin doimiy
armiyaga o`tishga sabab bo`ldi: bu armiyaning oddiy ommasi shahar kambag`allari va
yersiz dehqonlardan tarkib topar edi. Armiyaga olinganlarning hammasiga ta’lim berish
ishiga qattiqqo’llik munosabatida bo`linar edi. Safda yurish tayyorgarligi va bir xil
standart harakat va usullarni sinchiklab o`rganib borish jangchilarning individual
xususiyatlarini yo`q qilar edi. Komandirlar tarkibi maxsus tashkil etilgan harbiy
maktablarda ta’lim olar edi. Bu maktablarda otda yurish, qilichbozlik, pistoletdan o`q
otish, suzish, ov qilish, raqs tushish, soldatlarni qo`pol mashq qildirish bilan shug`ullanar
edilar.