4. O‘TDA yig‘inlari materiallari ustida ishlash.
Tilimizga davlat tili maqomi berilishi Respublikamiz maktablarida o‘zbek tilining e’tiborini kuchaytirdi. Tarixiy ahamiyatga molik bo‘lgan bu Qonun 1987-yilda tuzilgan, bir qator maktablarda muvaffaqiyatli ravishda sinovdan o‘tkazilgan “Ona tili” (V-IX sinflar uchun) dasturining takomillashtirilishiga turtki bo‘ldi hamda O‘zbekiston Respublikasi XTV tomonidan 1989-yili 25-sentabrda 386-raqamli buyruq bilan ta’sis etilgan “O‘zbek tili” doimiy anjumani (O‘TDA) 1-yig‘inida “Induktiv-2” ramzi bilan muqobil dastur sifatida muhokamaga chiqarildi. O‘TDAning 1-yig‘ini 1991-yilning aprelida Samarqandda o‘tkazildi. Yig‘inda 400 ga yaqin o‘qituvchi va olimlar qatnashdi. Birinchi yig‘inning tarixiy ahamiyati benihoya katta bo‘ldi. U o‘sha davrda amalda bo‘lgan “stabillashgan” ona tili ta’limi usuli, ta’lim mazmunini tubdan yangilash zarurligini, qotib qolgan andozalar bilan ishlash mumkin emasligini baralla aytdi va mavjud tanazzuldan chiqish yo‘larini belgilab berdi. Yig‘in “Induktiv”, “Ijod”, “Ta’lim”, “O‘qituvchi” ramzli muqobil dasturlarni muhokamaga chiqardi va “Induktiv-2” ramzli dasturda qo‘yilgan ona tili ta’limi maqsadi, mazmuni va usulini ma’qul deb topdi.
O‘TDAning 2-yig‘ini 1993-yilning aprelida Qarshi shahrida bo‘lib o‘tdi. Anjuman ona tilidan ta’lim mazmuni muammolariga bag‘ishlandi va RTM tomonidan nashr etilgan “Ona tili”dan ta’lim mazmunini yangilashning asosiy yo‘nalishlari” qo‘llanmasi amaliyotchi o‘qituvchilar va olimlar e’tiboriga havola etildi.
Respublikamiz mustaqillikka erishgach, ta’limni tubdan isloh qilishga kirishildi. “Ta’lim to‘g‘risida”gi hamda “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari ona tilidan ta’lim mazmunini va usulini yangilash sari tashlangan katta qadamlar bo‘ldi. Bu muammolar O‘TDAning 2-yig‘ini muhokamasiga chiqarildi va ona tilidan ta’lim mazmunini belgilab berdi. Ona tili ta’limida mustaqillik yillarida tashlangan ulkan qadam “O‘zbek maktablarida ona tilini o‘qitish Konsepsiyasi” bo‘ldi. Mazkur hujjat 1993-yilning 15-oktabrida O‘zbekiston Respublikasi XTV tomonidan tasdiqlangan bo‘lib, maktabda ona tili o‘qitishning asosiy maqsadi o‘quvchilarda ijodiylik, mustaqil fikrlash, fikr mahsulini nutq sharoitiga mos ravishda og‘zaki va yozma shakllarda to‘g‘ri, ravon ifodalash ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirishdan iborat deb belgilandi. Bunday maqsadning qo‘yilishi bejiz emas, albatta. O‘zbekistonning birinchi Prezidenti I.Karimov O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisining IX sessiyasida so‘zlagan nutqida: “Demokratik jamiyatda bolalar, umuman, har bir inson erkin fikrlaydigan etib tarbiyalanadi. Agar bolalar erkin fikrlashni o‘rganmasa, berilgan ta’lim samarasi past bo‘lishi muqarrar. Mustaqil fikrlash ham katta boylikdir”, – deb qayd qiladi. Ona tili ta’limi oldiga qo‘yilgan maqsad Prezident tomonidan aytilgan fikr bilan hamohangdir.
Milliy istiqlol sharofati bilan ona tili ta’limini takomillashtirish davom ettirildi. O‘zbek tilining grammatik qurilishidagi “ruslashtirish” samarasi bo‘lgan juda ko‘p ilmiy-grammatik talqinlar turkona talqinlar bilan almshtirildi. Ana shu yo‘nalishda “Ona tili” o‘quv fanidan darsliklar yaratish ishiga kirishildi.
Modomiki, ona tili ta’limidan ko‘zlangan maqsad o‘quvchilarni nutqiy faoliyatga tayyorlash ekan, so‘z boyligini oshirish birinchi galdagi vazifa sanaladi. Jizzax shahrida bo‘lib o‘tgan O‘TDAning 3-yig‘ini (1995-yil) xuddi mana shu masalaga bag‘ishlanadi. Anjumanga barcha sho‘balar bo‘yicha 283 ta ma’ruza tinglandi. Bu ma’ruzalarning ko‘pgina qismi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quvchilarning so‘z zaxirasini oshirishning samarali yo‘llari, vositalari va usullariga bag‘ishlanadi. Yig‘in ona tilidan sinov darsliklari nashrini tezlashtirish xususida tavsiya qabul qildi. “Ona tili”dan 5-sinflar uchun sinov darsligi 1997-yilda yaratilgan bo‘lib, uning tuzilishi ham, mazmuni ham oldingi darsliklardan farq qiladi. 6-sinflar uchun sinov darsligi 1998-yilda yaratildi. Bu darslik o‘z ichida, asosan, so‘zning lug‘aviy shakllari va ma’no guruhlarini qamrab olgan. 5 – 6-sinflar uchun yaratilgan sinov darsliklarida “til – me’yor – nutq” mutanosibligiga qat’iy amal qilindi. Buning ma’nosi shuki, ona tili darslarida o‘quvchi til hodisalarini kuzatish, izlanish, alohidaliklarni sharhlash, qiyoslash, umumiylikni aniqlash, farqlarni topish, guruhlash, hukm chiqarish, xulosalash, fikrni og‘zaki bayon etish, ijodiy matn tuzishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni mustaqil bajaradi. Bu esa, o‘z navbatida, o‘quvchini ta’lim jarayonining faol ishlovchilariga, o‘qituvchini esa shu jarayonning tashkilotchisiga aylantiradi.
1997-yil ona tili ta’limidagi muhim voqealardan biri Toshkentda O‘TDA 4-yig‘inining o‘tkazilishi bo‘ldi. Mazkur anjuman ijodiy matn yaratish muammolariga bag‘ishlanadi. Respublikamizning 700dan ziyod o‘qituvchisi uch kun davomida o‘quvchilarni ijodiy matn yaratishga o‘rgatish yo‘llari, vositalari, usullarini muhokama etdilar.
1998-yil 13-mayda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan “Umumiy o‘rta ta’limni tashkil etish to‘g‘risida”gi 203-Qarori barcha o‘quv fanlari qatori ona tilidan Davlat ta’lim standarti (DTS)ni yaratish va uni sinovdan o‘tkazishni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qarori bilan 1999-yil 16-avgustda tasdiqlandi. Endigi vazifa ona tilidan DTS va o‘quv dasturiga asosan yangi darsliklarni yaratish hamda belgilangan tartib va mudatlarda ularni nashriyotga topshirishdan iborat edi. Bu murakkab vazifa ham muvaffaqiyatli hal etildi. Qo‘yilgan vazifani hal etishda O‘TDAning 1999-yil Buxoroda o‘tkazilgan 5-yig‘ini muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Anjumanda qilingan ma’ruzalarning ko‘pchiligida yaratilgan sinov darsliklariga munosabat bildirildi.
2000-2001-o‘quv yilidan sinov darsliklari ommaviy nashrdan chiqdi.Ona tili o‘quv dasturi asosida ommaviy amaliyotga tatbiq etilgan (H.Ne’matov va A.G‘ulomov boshchiligidagi), keyinchalik yanada boyitilgan (N.Mahmudov boshchiligidagi) ona tili darsliklarining shakli va mazmuni verbal-kognitiv ta’lim tamoyillariga mos keladi. Chunki ona tilidan 5-9-sinflar uchun yaratilgan yangi avlod darsliklari ongli, verbal, induktiv-kognitiv-pragmatik ta’lim usuliga asoslanadi.
2001-yilning aprelida O‘TDAning 6-yig‘ini Farg‘onada, 2003-yilning aprelida O‘TDAning 7-yig‘ini Namanganda, 2005-yilning aprelida O‘TDAning 8-yig‘ini Xorazmda, 2007-yilning aprelida O‘TDAning 9-yig‘ini Termizda, 2009-yilning aprelida O‘TDAning 10-yig‘ini Andijon, 2011-yilning aprelida O‘TDAning 11-yig‘ini Toshkent viloyatida, 2013-yilning aprelida O‘TDAning 12-yig‘ini Gulistonda, 2015-yilning aprelida O‘TDAning 13-yig‘ini Navoiyda bo‘lib o‘tdi.
“O‘zbek tili o‘qitish metodikasi” fani falsafa, tilshunoslik, siklidagi fanlar, didaktika, ruhshunoslik fanlari bilan uzviy bog‘liqdir. Bu fan pedagogika siklidagi fan bo‘lganligi ucnun ham, ijtimoiy fanlar guruhiga kiradi va ijtimoiy fanlarning asosini tashkil etadigan falsafa bilan chambarchas bog‘liq. O‘quvchiga o‘z ona tilini o‘rgatish tafakkur bilan chambarchas bog‘langan. Chunki til hodisalarining o‘quvchi ongida voqelanishi tafakkur orqali yuzaga chiqadi. Til va tafakkurning aloqadorligi ona tili darslarida ijodiy tafakkur sohibini tarbiyalash muammosini hal qilishga ko‘maklashadi.
Til materiallari o‘quvchi tomonidan ijodiy fikrlash orqali egallangan bo‘lsa, u amaliy ahamiyatga molik bilim, ko‘nikma va malakalar bo‘lib sanaladi. Shuni unutmaslik kerakki, til hodisalarining mohiyatini anglash, ular orasidagi o‘xshash va farqli tomonlarni aniqlash, til imkoniyatlaridan nutqiy faoliyatda foqydalanish singari zaruriy malakalar ijodiy fikrlash orqali amalga oshadi. “O‘zbek tili o‘qitish metodikasi” fani pedagogik sikldagi fan sanalsa-da, ammo uning ilmiy asosini tilshunoslik fanlari tashkil qiladi. Til ilmi sohasida qo‘lga kiritilgan har bir ilmiy yutuq, shubhasiz, maktab, AL va KHKlar ona tili ta’limiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi; zaruriyat tug‘ilganda uni yangilash ehtiyojini yuzaga keltiradi. Biroq shunday bo‘lsa-da, tilshunoslikda fan erishgan barcha yutuqlarni ta’lim muassasalari o‘quvchilariga o‘rgatishning iloji yo‘q va bunga ehtiyoj ham sezilmaydi. “O‘zbek tili o‘qitish metodikasi” fani til ilmi sohasida qo‘lga kiritilgan yutuqlardan nimani ajratib olib o‘quvchiga o‘rgatish lozimligini hal qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |