Dala tajribasining tipikligi deganda, tajriba o’tkazish sharoitining rayon yoki zonaning tuproq-iqlim (tabiiy) yoki agrotexnikaviy sharoitiga mosligi tushuniladi. Dala tajribasida tuproq-iqlim tipikligi talablariga rioya qilish kerak. Tajriba o’tkazish sharoitining agrotexnikaviy va ishlab chiqarish sharoitiga moslashishi har xil tajribalarda bir xilda amalga oshmaydi. Bu talablar dala ishlab chiqarish tajribalarida to’liq bajariladi. Tekshirishning dastlabki bosqichlarida (yangi nav urug`idan yoki yangi o’g`itdan cheklangan miqdorda olish va boshqalarda) bu talablar ham to’liq bajarilmaydi va dala tajribasi ishlab chiqarish sharoitidan birmuncha boshqacharoq sharoitda o’tkaziladi. Tajribani umuman yuqori agrotexnikaviy darajada o’tkazish talablari ham tipiklikka xos talablarga kiradi. Bunday tajribalar natijasining aniqligi ancha yuqori bo’ladi.
Barcha dala tajribalari bir xil farqlar printsipiga amal qilingan holda o’tkazilishi, ya`ni tajribada o’rganilayotgandan boshqa barcha sharoit bir xil bo’lishi kerak. Masalan, ekish normasi aniqlanadigan dala tajribalarida faqat normada farq bo’ladi. Qolgan barcha sharoit (nav, o’tmishdosh ekin, o’g`itlar, erni ishlash usullari, ekin ekish, parvarish qilish va boshqalar) barcha variantlarda bir xil bo’lishi kerak. Lekin bir xillik printsipini to’g`ri tushunish kerak. Masalan, ekish muddatlarini o’rganishda o’simliklar hosilining pishib etilish muddatlari variantlar bo’yicha har xil bo’lishi mumkin, bunda hosilni bir kalendar muddatda hisobga olish noto’g`ri bo’lar edi. Bunday hollarda bir xillik printsipini optimal va maqsadga muvofiq printsip deb tushunish kerak.
Maxsus ajratilgan (tarixi yaxshi tanish bo’lgan) maydonda tajriba o’tkazishga bo’lgan talablar bir xillik printsipi talablaridan va albatta har qanday dala tajribasidan kelib chiqadi. Tajriba o’tkazish praktikasidan ma`lumki, ba`zi tajribalar ko’pincha tarixi ma`lum bo’lmagan almashlab ekish dalalarida o’tkaziladi. Bunday tajribalar natijasini tushunish, tushuntirish va ayniqsa ulardan foydalanish mumkin emas.
Hosilni hisobga olishga va tajriba aniqligiga bo’lgan talablar. Ekinlar hosili va uning sifati o’rganilayotgan tajriba variantlarini ta`riflashda asosiy ko’rsatkich hisoblanadi. Agar tajriba mohiyatiga ko’ra aniq bo’lsa, hosilini hisobga olish natijalari o’rganilayotgan variantlarning samaradorligini real ifodalaydi. Tajribaning mohiyatiga ko’ra aniqligi bu tajribaning sxemasi, metodikasi va texnikasi to’g`riligidir. Mohiyatiga ko’ra aniq bo’lgan tajriba natijalari matematik ishlanadi, variantlar hosili o’rtasidagi farqlar mohiyatining statistik ko’rsatkichlari aniqlanadi.
SHunday qilib, dala tajribalaridan to’g`ri va aniq natija olinishi kerak. Bu avvalo tajriba uchun ajratilgan maydon to’g`ri tanlangan va yaxshi tayyorlangan bo’lishiga, paykallarning shakli, katta - kichikligi va yo’nalishi tegishlicha bo’lishiga, shuningdek, tajriba variantlarining takroriyligiga, ularning takrorlanishlar orasida to’g`ri joylashtirilishiga va hosilni hisobga olishning aniq metodlarini qo’llashga bog`liq.
Do'stlaringiz bilan baham: |