Inkorni inkor qonuni. Borliqning hamma sohasida, doimo eski, umri tugagan narsa va hodisalarning barham topishi va yangi hodisalarning vujudga kelishi jarayoni doimo sodir bo`lib turadi. Bundagi eskining yangi bilan almashinishi inkor deb ataladi. «Inkor» atamasini falsafaga Hegel kiritgan. Uning nuqtai nazaricha, inkor g`oyaning, fikrning rivojlanish bosqichidir.
O`zgarish va rivojlanish jarayonida o`z- o`zini inkor etish tamoyili nihoyatda muhim. Bunda vorislik- eskining inkori va yangilikning shakllanishi sifatida namoyon bo`ladi. Ana shu jarayonlarning doimiy takrorlanishi inkorni inkor qonunining mohiyatini bildiradi. Dialektikaning mazkur qonuniga muvofiq ob'ektiv olamdagi narsa va hodisalarning rivojlanishi jarayonida eskining yangi tomonidan inkor qilinishi ro`y beradi. Biroq, butunlay inkor qilinmaydi, undagi ijobiy tomonlar saqlanib qoladi. Rivojlanish burma (spiral) shaklda, ma'lum nisbiy takrorlanishlar asosida, oddiydan murakkabga, pastdan yuqoriga qarab boradi.
Inkorni dialektik tushunish yangining eski bilan oddiy almashinuvi bo`lmasdan, balki eskining bag`rida vujudga kelib, undan foydalanib, qaror topishini tan olishdir. Dialektik inkorni muhim ikki jihati mavjud. Birinchisi, eskining o`rniga yangining kelishi tabiiy-tarixiy jarayon bo`lganligi uchun taraqqiyotning muhim sharti hisoblansa; ikkinchisi, u yangining eski bilan vorisiy bog`liq ekanligini ham ifodalaydi. Eskining o`rniga yangining kelishi, uning kundan-kunga mustahkamlanishi, rivojlanishi, taraqqiyotning boshlanishi xususiyatini belgilaydi. Yangi eskining o`rnini egallab borishda eskidan ijobiy, muhim tomonlarni o`zida mujassamlashtirib, yuqoriroq sifat xususiyatlariga aylanadi. Eskining o`rniga kelgan yangi, davrlarni, zamonlarni o`tishi bilan o`zi eskiga aylanib qoladi. Bu jarayon inkorni-inkor qonuni asosida davom etaveradi. Sizga ma'lumki, dialektika, o`z mohiyati jihatidan umumiy aloqadorlik, bog`lanish, harakat, o`zgarish to`g`risidagi ta'limot sifatida tabiat, jamiyat va inson tafakkuriga xos, eng umumiy aloqadorlik va bog`lanishlarni to`g`ri ochib berish asosida, kishilarga dunyoni bilish va o`zgartirish yo`llarini ko`rsatuvchi uslubiy qurol bo`lib xizmat qiladi. Dialektika, avvalo, umumiy aloqadorlik va o`zaro bog’lanishlar haqidagi ta'limotdir.
Borliqning xilma-xilligi, materiyaning ko`rinishlari, uning asosiy mavjudlik usullari, harakatning turli shakllari bir-birlari bilan o`zaro umumiy aloqadorlikda bo`lib, bir- birlariga ta'sir va aks ta'sirda, lekin o`zaro bog`lanishda bir-birlarini taqazo qilib turadi. Dialektikaning o`zaro aloqadorlik tamoyili umumiy xarakterga egadir. Uning bu yalpi umumiyligi shundaki, birinchidan, bu aloqadorlik bir butun borliqqa, ya'ni tabiat, jamiyat, inson tafakkuri va bilishiga xosdir. Ikkinchidan, bu aloqadorlik borliqning hamma ko`rinishlariga oid barcha narsa va hodisalarni, ularga xos hamma narsa va holatlarini, bir butun inson bilish jarayonini, xullas bir butun moddiy va ma'naviy olamning hamma bog`lanishlarini o`z ichiga oladi. Shuni yodda tutish kerakki, borliq cheksiz aloqadorliklar va bog`lanshlar majmuidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |