Oyoqqa turish va faoliyatni kengaytirish - davrida korxonaning bozorga chiqishi va tovarlarni tavsiya etishi biroz jonlanadi, sotish hajmi bir oz o‘sishiga erishiladi, shu bilan birgalikda tovarlarga yangilik kiritish xarajatlari ko‘payadi.
O‘sish, rivojlanish -tovarlarni sotish hajmi, bozorni solishtirma sig‘imi o‘sib boradi, raqobat kuchayadi va keskin tus oladi. Mazkur bosqichning asosiy vazifasi tovarlarni sotish hajmini va assortimentini oshirish hisobiga maksimal foyda olishga qaratiladi.
Gullash, taraqqiy etish - tovarlarni sotish hajmi, o‘sish darajasi eng yuqori (maksimal) darajaga ko‘tariladi, bozor ushbu mollar bilan haddan ziyod to‘yinadi, yangiliklarga oid xarajatlar kamayadi, ish hajmini bundan ortiq oshirib bo‘lmay qoladi.
Cho‘kish va sinish davri - tovar iste’mol uchun jozibadorligini yo‘qotadi, sotish hajmi, mahsulotning bozordagi sig‘imi tushib ketadi.
Iqtisodiy nochorlik davomiyligi har bitta korxonada turlicha kechadi va yakun topadi.
Bankrotlikka olib keluvchi omillarni ikki guruhga ajratish mumkin:
- ichki omillar
- tashqi omillar
Ichki omillar qatoriga: aylanma mablag‘larning yetishmasligi; resurslardan foydalanish samarasining pastligi; normadan ortiq aktivlarning saqlanishi; texnika-texnologiyalarning eskirganligi; ishlab chiqarishni tashkil etishning eskiligi; mijozlar moliyaviy holatining yomonligi; marketingning eskiligi; ortiqcha qarz majburiyatlarining mavjudligi; ishlab chiqarishning asossiz kengaytirilishi; tashqi faktorlarni hisobga olmasdan boshqarish strategisini belgilanishi va h.k. kiradi.
Tashqi omillarga: iqtisodiy (davlatdagi krizis, inflyatsiya); siyosiy omillar; ilmiy texnikaviy omillar; demografik omillar va h.k. omillar kiradi.
Iqtisodiy nochorlik (bankrot)likni tahlilining maqsadi korxona moliya-xo‘jalik faoliyatining “og‘riqli nuqtalari”ni aniqlash, ularning yuzaga kelishi va rivojlanishini baholash, sabablarini o‘rganish orqali iqtisodiy nochorlik risklarni kamaytirishga yordam beruvchi boshqaruv qarorlarini qabul qilishdan iborat.
Tahlil mazmunini xo‘jalik yurituvchi subyektlarning iqtisodiy nochorligi (bankrotligi) yuzasidan tahliliy amallarni bajarish va ularning moliya-xo‘jalik faoliyatining joriy va istiqboldagi iqtisodiy, moliyaviy ahvolini raqobatdoshlik taomillari asosida barqarorligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshiriladigan tizimli analitik jarayonlarni o‘tkazish tashkil etadi.
Qo‘yilgan maqsad va tahlil mazmunidan kelib chiqqan holda tahlil vazifalari sifatida quyidagilarni tarkiblash mumkin:
- xo‘jalik yurituvchi subyektlar iqtisodiy nochorligi (bankrotligi)ning joriy va istiqboldagi holatini baholash;
- xo‘jalik yurituvchi subyektlarda iqtisodiy nochorlik (bankrotlik)ning yuzaga kelish sabablarini o‘rganish, tahlil etish;
- xo‘jalik yurituvchi subyektlar iqtisodiy nochorligi (bankrotligi)ni tahlil etishning modellarini tuzib chiqish va uning o‘zgarishlarini baholash;
- xo‘jalik yurituvchi subyektlar iqtisodiy nochorligi (bankrotligi) risklarini baholash va ularni minimallashtirish;
- xo‘jalik yurituvchi subyekt iqtisodiy nochorligi (bankrotligi)ni oldini olish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilash;
- iqtisodiy nochorlik (bankrotlik)ni oldini olish va unga qarshi kurashish yuzasidan boshqaruv qarorlarini tayyorlash va uni amaliyotga joriy qilish.