13. Etikaning zamonaviy muammolariga diniy va ilmiy yondashuvlar
Axloqshunoslik bir necha ming yillik tarixga ega bo’lgan qadimiy fan. U bizda «Ilmi ravish»,»Ilmi axloq»,»Axloq ilmi»,»Odobnoma» singari nomlar bilan atab kelingan. Ovropoda esa «Etika» nomi bilan mashhur, biz ham yaqin-yaqingacha shu atamani qo’llar edik. Uni birinchi bo’lib yunon faylasufi Arastu muomalaga kiritgan. Arastu fanlarni tasnif qilarkan, ularni uch guruhga bo’ladi: nazariy, amaliy va ijodiy. Birinchi guruhga u falsafa, matematika va fizikani; ikkinchi guruhga – etika va siyosatni; uchinchi guruhga esa – san’at, hunurmandchilik va amaliy fanlarni kiritadi. Shunday qilib, qadimgi yunonlar axloq haqidagi ta’limotni fan darajasiga ko’targanlar va «Etika» (ta ethiga) deb ataganlar.
Hozirgi kunda bu fanni ilmiy va zamonaviy talablar nuqtai nazaridan «Axloqshunoslik» deb atashni maqsadga muvofiq deb o’ylaymiz.
Axloqshunoslik axloqning kelib chiqishi va mohiyatini, kishining jamiyatdagi axloqiy munosabatlarini o’rganadi. «Axloq» so’zi arabchadan olingan bo’lib, «hulq» so’zining ko’plik shaklidir. «Axloq» iborasi ikki xil ma’noga ega: umumiy tushuncha sifatida fanning tadqiqot obyektini anglatsa, muayyan tushuncha sifatida inson fe’l-atvori va xatti-harakat ining eng qamrovli qismini bildiradi. Axloqni umumiy tushuncha sifatida olib, uni doira shaklida aks ettiradigan bo’lsak, doiraning eng kichik qismini odob, undan kattaroq qismini xulq, eng qamrovli qismini axloq egallaydi.
Odob – inson haqida yoqimli taassurot uyg’otadigan, lekin jamoa, jamiyat va insoniyat hayotida u qadar muhim ahamiyatga ega bo’lmaydigan, milliy urf-odatlarga asoslangan chiroyli xatti-harakat larni o’z ichiga oladi.
Xulq – oila, jamoa, mahalla-ko’y miqyosida ahamiyatli bo’lgan, ammo jamiyat va insoniyat hayotiga sezilarli ta’sir ko’rsatmaydigan yoqimli insoniy xatti-harakat larning majmui.
Axloq esa – jamiyat, zamon, insoniyat tarixi uchun namuna bo’la oladigan ijobiy xatti-harakat lar yig’indisidir.
Bu fikrlarimizni misollar orqali tushuntirishga harakat qilamiz. Deylik, metroda yoshgina yigit, talaba hamma qatori o’tiribdi. Navbatdagi bekatdan bir keksa kishi chiqib, uning ro’parasida tik turib qoldi. Agar talaba darhol: «O’tiring, otaxon!» deb joy bo’shatsa, u chiroyli a’mol qilgan bo’ladi; chetdan qarab turganlar unga ich-ichidan minnatdorchilik bildirib: «Baraka topgur, odobli yigitcha ekan», deb qo’yadi. Aksincha, talaba yo teskari qarab olsa, yoki o’zini mudraganga solib, qariyaga joy bo’shatmasa, g’ashimiz keladi, ko’nglimizdan: «Buncha beodob, surbet ekan!» degan fikr o’tadi, xullas, u bizda yoqimsiz taassurot uyg’otadi. Lekin, ayni paytda, talabaning qariyaga joy bo’shatgani yoki bo’shatmagani oqibatida vagondagi yo’lovchilar hayotida biror-bir ijobiymi, salbiymi – muhim o’zgarish ro’y bermaydi.
Xulqqa quyidagicha misol keltirish mumkin: mahallamizdagi oila boshliqlaridan biri imkon boricha qo’ni-qo’shnilarning barcha marakalarida xizmatda turadi, hech kimdan qo’lidan kelgan yordamini ayamaydi, ochiq ko’ngil, ochiq qo’l, doimo o’z bilimini oshirib borishga intiladi, tirishqoq, oila a’zolariga mehribon va h. k. Unday odamni biz hushxulq inson deymiz va unga mahallamizning namunasi sifatida qaraymiz. Bordi-yu, aksincha bo’lsa, u qo’ni-qo’shnilar bilan qo’pol muomala qilsa, to’y- ma’rakalarda janjal ko’tarsa, sal gapga o’dag’aylab, musht o’qtalsa, ichib kelib, oilada xotin-bolalarini urib, haqoratlasa, uni badxulq deymiz. Uning badxulqliligidan oilasi, ba’zi shaxslar jabr ko’radi, mahalladagilarning tinchi buziladi, lekin xatti-harakatlari jamiyat ijtimoiy hayotiga yoki insoniyat tarixiga biror bir ta’sir o’tkazmaydi.
Axloqqa kelsak, masala jiddiy mohiyat kasb etadi: deylik, bir tuman yohud viloyat prokurori o’zi mas’ul hududda doimo qonun ustuvorligini, adolat qaror topishini ko’zlab ish yuritadi, lozim bo’lsa, hodimning noqonuniy farmoyishlariga qarshi chiqib, ularning bekor qilinishiga erishadi; oddiy fuqaro nazdida na faqat o’z kasbini e’zozlovchi shaxs, balki haqiqiy huquq posboni, adolatli tuzum timsoli tarzida gavdalanadi; u – umrini millat, Vatan va inson manfaatiga bag’ishlagan yuksak axloq egasi; u, o’zi yashayotgan jamiyat uchun namuna bularoq, o’sha jamiyatning yanada taraqqiy topishiga xizmat qiladi. Agar mazkur prokuror, aksincha, qonun himoyachisi bo’laturib, o’zi qonunni buzsa, shaxsiy manfaati yo’lida oqni qora, qorani oq deb tursa, u axloqsizlik qilgan bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |