3. Yangi Xett podsholigi
Yangi Xett podsholigi Buyuk Xett davlati (er. avv. XIV -XII asrlar). Er. avv. XIV asr boshlarida Old Osiyoda Misr, kassitlar Bobili va Mitanni davlatlari zaiflashib, xalqaro munosabatlarda Xett davlatining kuchayishi uchun qulay shart-sharoit tug`iladi. Er. avv. 1450-yillar atrofida kelib chiqishi xurrit bo`lgan omadli amaldor taxtni egallab, yangi Xett sulolasiga asos soladi. Yangi sulola podsholari qadimgi Xett buyuk davlatchiligi g`oyalarini qaytarishga da`vo qilib, harbiy-byurokratik monarxiyani tashkil qiladilar. Podsho ilohiylashtirilgan mutloq hukmdorga aylanadi va o`ziga voris tayinlaydi (Bu voris alohida “Tuxkante” lavozimiga aylanib, bu vazifadagi kishini zarur bo`lganda almashtirish mumkin edi). Endilikda saroy to`ntarishlari isyonga aylanib ketmaydi. Shu vaqtdan boshlab podsho alohida samoviy ilohiylik egasi hisoblanib, “quyoshim” deb ulug`landi.
Xett podsholari ichida eng taniqli diplomat, uzoqni ko`ra oladigan siyosatchi, mohir sarkarda Suppilium I (er. avv. 1380-1335-yillar atrofida) davlatning harbiy qudratini oshiradi. U yengil, tez yuradigan jang aravalari bilan qo`shinni ta’minlaydi. Xett shaharlari, ayniqsa, poytaxt Xattusining mudofaa inshootlari mustahkamlanadi. Suppilium I Sharqiy O`rtayer dengizi qirg`og`i mayda davlatchalarini va Mitanni davlatini o`ziga bo`ysundiradi. Mitanniga tegishli Suriya viloyatlarini va shaharlarini bosib oladi. Suppilium I o`z kuyovini Mitanni taxtiga o`tqazdi. U Suriyada markazi Karxemish va Xalpa bo`lgan xettlarga qaram davlatlarga asos solib, bu davlatlarni hukmdori qilib o`z o`g`illarini tayinlaydi. Bobil vaAxey (Miken Yunonistoni) davlatlari Suppilium bilan do`stlik aloqalarini o`rnatishga majbur bo`ladi.
Uning vorisi Mursili II ( er. avv. 1335-1305 yillar atrofida) otasining davlatini to`la hajmda saqlab qoladi, lekin qaram hududlardagi isyonlar, qo`zg`olonlar va boshqa qudratli davlatlarning mamlakat hududiga tazyiqiga qarshi to`xtovsiz urushlar olib borishga majbur bo`ladi. Mursili II Kichik Osiyodagi Janubiy Frigiya va Lidiya, Milavan (Milet) hokimlarini bo`ysundiradi. U an’anaviy raqib Arsava podsholigiga (Kichik Osiyo) qarshi g`olibona yurish qilib, Egey dengizi qirg`og`igacha chiqadi. Ammo Mursili II podsholigining so`nggi yillarida Misr XIX sulola davrida yanada kuchayadi va Sharqiy O`rtayer dengizi qirg`ogi uchun Xett davlati bilan yana raqobat boshlaydi. Er. avv. 1286 yilda Kades shahri yonida har ikki tomon uchun hal qiluvchi janglardan biri bo`lib o`tadi. Jangda Misr qo`shinlari yengiladi. Shunga qaramasdan Misr fir’avni, iste’dodli sarkarda Ramzes II yana urushga tayyorlanib, xettlarni Falastin, Finikiya va Suriyaning katta qismidan siqib chiqaradi. Oxir-oqibatda Misr va Xett davlati er. avv. 1280 yilda tinchlik shartnomasini imzolaydilar. Shartnoma bo`yicha Suriyaning bir qismi, Shimoliy Finikiya Xett davlati ta’siri ostida qoladi. Har ikki davlat o`rtasida savdo aloqalari kuchayadi. Endilikda Xattusili III kuchayib borayotgan Osuriyaning harbiy tazyiqiga qarshi Bobil bilan ittifoq tuzishga harakat qiladi, lekin Osuriyani Yuqori Mesopotamiyadan siqib chiqara olmaydi. Xett davlati kuchli qo`shinga ega bo`lgan Osuriya tazyiqini qiyinchilik bilan qaytaradi.
So`nggi Xett podsholari Tutxaliya IV va uning ikki o`g`li davrida axeylar, Bolqondan kelgan frigiyaliklarni Kichik Osiyoning g`arbida hujumini zo`rg`a qaytaradilar. Axeylar tor-mor qilinganidan keyin, Kichik Osiyo g`arbidagi Ilion shahri bosib olinadi. So`nggi Xett podshosi Suppilium II Kipr orolini yana qayta bosib oladi. Er. avv. XII asr oxirida Egey dengizi qirg`oqlari va orollarining etnik jihatdan ola quroq «dengiz xalqlari» Xett davlatini tor-mor qildilar (er. avv. 1190-yillar). Shunday qilib, yangi Xett davlati tarix sahnasidan abadiy tushib ketdi. Markazlari Karxemish va Melida bo`lgan so`nggi Xett podsholiklari qoldiqlari er. avv. VIII asr oxirlarida Osuriya tomonidan tugatildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |