2.Amir Temur davlatidagi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar. «Temur tuzuklari» va uning ahamiyati. Amir Temurning davlat boshqaruv tizimi butun hududda yagona markazlashgan siyosiy tartib asosiga qurilgan edi. U dunyoning 27 o‘lkasi va viloyatlarni zabt etib, Hindiston hamda Xitoydan Qora dengizga qadar, Sirdaryo va Orol dengizidan Fors qo‘ltig‘iga qadar g‘oyat katta hududni qamrab olgan markazlashgan ulkan saltanatga asos soldi. Bundan tashqari Amir Temur davlatiga Kichik Osiyo, Suriya, Misr va Shimoliy-g‘arbda Quyi Volga, Don buylari; Shimoliy-Sharqda Balxash ko‘li va Ili daryosigacha; janubiy-Sharqda esa Shimoliy Hindistongacha bo‘lgan mamlakatlar buysundirildi. Amir Temur hayotligi chog‘idayoq saltanatni asosan to‘rt qism (ulus)ga bo‘lib, o‘g‘il, nabiralariga taqsimlab bergan: Xuroson (1396), Jurjon, Mozandaron va Seyiston (markazi Hirot) Shohrux (1377-1447)ga, G‘arbiy Eron, Ozarbayjon, Iroq va Armaniston (markazi Tabriz) Mironshoh (1366-1408)ga, Fors, ya‘ni Eronning janubiy qismi (markazi Sheroz) UmarShayx Mirzo (1354-1394)ga, Afg‘oniston va Shimoliy Hindiston (markazi G‘azna, keyinchalik Balx) Pirmuhammad (1376-1407)ga suyurg‘ol qilib berilgan.
Amir Temur davrida davlat o‘z tarkibiy tuzilishiga ko‘ra harbiy-siyosiy tartiblarga asoslangan edi. Sohibqiron o‘ziga qadar mavjud bo‘lgan davlatchilikning sakkizta asosiga amal qiladi:
Davlat siyosiy jihatdan mustaqil bo‘lishi.
68
Davlat va jamiyatning siyosiy yaxlitligi buzilmasligi.
Davlat va jamiyat muayyan qonunlar, tartiblar, mafkura asosida boshqarilishi.
Boshqaruv tizimi muvofiqlashtirib turuvchi qoidalar shakillangan bo‘lishi.
Jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar ahvoli davlat e‘tiborida bo‘lishi.
Fan va madaniyat ravnaqi to‘g‘risida doimiy qayg‘urish.
Har bir davlat shart-sharoiti, tartiblariga ko‘ra davlat jamiyat ichki taraqqiyoti masalalarini tashqi dunyodagi mavjud omillardan foydalangan holda olib borishi.
Davlat tepasida turgan kuchlar o‘tmish, zamona va kelajakni teran tafakkur, mustahkam iymon, g‘oyat yuksak ma‘naviyat va millatparvarlik ila anglamog‘i.
Amir Temur davlatchilikning bu asoslariga to‘qqizinchisini, ya‘ni, jamiyat rivoji va barcha ijtimoiy tabaqalar, manfaatlarini ta‘minlashini qo‘shdi.
Markaziy hokimiyat tizimida Shayxulislom, qozikalon, qoziyi ahdos (odat bo‘yicha hukm chiqaruvchi qozi), qozi askar, sadri a‘zam (vaqf yerlari, mulklari mutasaddisi), dodxoh (shikoyatlarni ko‘ruvchi), eshikog‘a, saroy vaziri, yasovul (xukmdorning shaxsiy buyrug‘ini bajaruvchi), qalaqchi (xiroj miqdorini aniqlovchi), muhassil (soliq undiruvchi), tavochi (asosiy qo‘shinlarni to‘plash ishiga mutasaddi amaldor), qorovulbegi, qutvol (qal‘abon), muhtasib (shariat qoidalari ijrosini, bozor tartiblarini nazorat qiluvchi) va boshqalar bo‘lgan.
Amir Temur davlatni boshqarishda qurultoy va kengashlar o‘tkazishga alohida e‘tibor qaratgan. Uning «...davlat ishlarining to‘qqiz ulushini kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushini qilich bilan amalga oshirdim», degan so‘zlari buning yorqin dalilidir. SHarafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, Amir Temur tomonidan Qarshi, Samarqand, Qorabog‘ va boshqa joylarda o‘tkazilgan qurultoy va kengashlarda shahzodalar, davlat ma‘murlari, harbiy boshliqlar, ulamolar va mulkdor zodagonlarning vakillari qatnashgan. Ularda mamlakatning iqtisodiy va siyosiy ahvoliga oid masalalar muhokama etilib, qarorlar qabul etilgan va tadbirlar belgilangan. Masalan, 1403 yilda Kavkazning Baylaqon shahrida chaqirilgan kengashga olimu fuzalolar taklif etilgan. Ulardan mamlakatni boshqarishda, xususan, uning obodonligi yo‘lida amalga oshiriladigan xayrli ishlar-jamoat binolari va inshootlar qurilishlarida o‘z maslahatlari bilan ko‘mak berishlari so‘ralgan.
Mamlakatning iqtisodiy hayotida dehqonchilik asosiy o‘rin tutgan. Shu bois Amir Temur va temuriylar dehqonchilikning bosh omili bo‘lgan sug‘orish ishlariga katta ahamiyat berishgan. XIV asrning oxiri-XV asrning 1 - yarmida Movarounnahr va Xurosonda yirik sug‘orish tarmoqlari qazilib, korizlar, suv omborlari-bandlar va hovuzlar barpo etilib, suv tanqis viloyat va vohalar, shahar, qishloklarning suv ta‘minoti yaxshilangan. Qo‘riq va bo‘z yerlar o‘zlashtirilib, obikor yerlarning maydoni kengaytirilgan. Yangi-yangi qishloqlar, Chorbog‘lar va sayilgoh bo‘stonlar barpo etiladi. Amir Temur Samarqand vohasi, poytaxt va uning tevarak atrofini obod etilishiga alohida e‘tibor bergan. Obirahmat, Mazdahin, Bozor, Korand va Nahri jadid kabi sug‘orish tarmoklari orqali obod etilgan qishloqlarning soni 72 taga yetgan. Yangi qishloqlarning bir qismi Sharqning mashhur shaharlari: Damashq, Qohira, Bag‘dod, Sultoniya va Sheroz nomlari bilan ulug‘langan.
Sohibqiron Xuroson, Eron, Kavkaz va boshqa viloyatlarda ham bir qancha yirik sug‘orish ishlarini amalga oshirgan. Uning farmoni bilan Murg‘ob daryosidan 20 dan ortiq sug‘orish tarmoqlari qazilib, Marv vohasi qayta obod etilgan. 1401 yil Kavkazning Baylaqon mavzeida Arake daryosidan chiqarilgan Barlos kanali zamonasining yirik irrigatsiya inshootlaridan biri bo‘lgan. Kanalning uzunligi 10 farsax (60-70 km) bo‘lib, kemalar qatnay olgan.
Shohrux va Ulug‘bek hukmronligi davrida ham sug‘orish ishlari yanada kengaygan. Dashtlarga suv chiqarilib, bo‘z yerlar o‘zlashtirilgan. Xususiy sohibkorlar esa, hatto bir–ikki yil davomida soliq va to‘lovlardan ozod etilgan. Bu davrda Temuriylar Samarqand, Qashqadaryo, Marv vohalari, Tus vodiysi va Xirotda yirik sug‘orish inshootlari barpo etilib, dehqonchilik maydonlarining suv ta‘minotini tubdan yaxshilashgan.
Amir Temur va temuriylar davrida mulkchilik munosabatlari yanada takomillashgan. Mulkning, asosan, 4 shakli: «mulki devon» (davlat yerlari), «mulk» (xususiy yerlar), «mulki vaqf» (madrasa va masjidlar tasarrufidagi yerlar) va «jamoa yerlari» bo‘lgan. Yerlarining katta qismi davlat mulki hisoblangan, ularni «suyurg‘ol» yoki «tarxon» tarzida in‘om qilish keng tarqalgan. Suyurg‘ol yorlig‘iga ega bo‘lgan viloyat hukmdorlari markaziy hokimiyatga nomigagina karam bo‘lib, odatda, ular deyarli mustaqil bo‘lishgan. Tarxonlik yorlig‘ini olgan mulkdorlar barcha soliq, to‘lov va majburiyatlardan ozod etilgan. Tarxonlik amirlar, beklar, saroy amaldorlari, sayyidlar va boshqa yuqori tabaqa vakillariga berilgan.
Ko‘pgina manbalar Amir Temur va temuriylar davrida O‘rta Osiyo va boshqa hududlarda soliq tizimi ma‘lum me‘yorga tushirilganligini bayon qiladi. Mansabini suiiste‘mol qilgan ayrim amaldor shaxslar aholi noroziligiga uchragan va hukmdorlar tomonidan qattiq jazolangan. Temuriylar davrida soliqning asosiy turi «xiroj» bo‘lgan. Xiroj-yer solig‘i sifatida yilda ikki marotaba yig‘ib olingan. Olingan hosilga qarab mahsulot yoki pul holida qat‘iy belgilangan miqdor hajmida soliq to‘plash talab etilgan.
Sug‘orma dehqonchilik yerlardan «mol» solig‘i olingan. Mulk yerlarining bir qismi «ushr» miqdorida soliq to‘lagan. Tanobona solig‘i bog‘lardan olingan. Jon solig‘i, ulog‘, begor kabi soliqlar ham amalda bo‘lgan. Soliqlardan tashqari fuqarodan soliq yig‘uvchi (muxassilona), hosilni belgilovchi (sohib jamona), kirimni boshqaruvchilar (zobitona, «dorug‘ona»), suv taqsimlovchi («mirobona») kabi to‘lovlar undirib olingan. Shuningdek, aholi favqulodda xarajatlar uchun «avorizot» va «tavojjuhoti xorijiy» kabi odatdan tashqari soliqlarni xam to‘lagan.
XIV asrning oxiri va XV asrning 1-yarmida Temuriylar davridagi iqtisodiy taraqqiyotga (hunarmandchilik, ichki va tashqi savdo) mamlakatda o‘tkazilgan pul islohotlari turtki bo‘lgan. Dastlab, Amir Temur, so‘ngra ayrim Temuriylar mamlakatda yagona pul birligini joriy etishgan. Amir Temur vazni 6 g li «tanga» va 1,5 g li «miri» deb yuritiladigan 2 xildagi kumush tangalarni zarb etgan. Bu kumush tangalar Suyurg‘atmishxon va Sulton Mahmudxon nomlari bilan Movarounnahr, Xuroson, Eron, Ozarbayjon va Iroqning 40 dan ortiq yirik shaharlarida chiqarilgan. Shohrux Astrobod, Buxoro, Domg‘on, Isfahon, Kushoniya, Kermon, Qum, Nishopur, Marv, Samarqand, Sabzavor, Sultoniya, Tabriz, Xorazm, Hirot, Sheroz va boshqa shaharlarda o‘z nomi bilan kumush tangalar zarb etib, pulning ichki savdodagi muomalasini tartibga solgan. Bu borada 1428 yilda Ulug‘bek o‘tkazgan fulusiy (mis) pullar islohoti ayniqsa katta ahamiyat kasb etgan.
Mehnatkash aholini ichki chakana savdoga kengroq jalb etish maqsadida Ulug‘bek mahalliy hokimiyatning yengil vazndagi barcha chaqa pullarini man etgan. Bir vaqtning o‘zida u Buxoro, Samarqand, Qarshi, Termiz, Toshkent, Shohruxiya va Andijonda zarbxonalar barpo qilib, bir xil vazndagi salmokdor fuluslar zarb ettirib, muomalaga chiqargan. Xalq o‘rtasida 69
Ulug‘bekning chaqalari «fulusi adliya», ya‘ni «adolatli chaqa» nomi bilan shuhrat topgan. Shu bilan birga Ulug‘bek tashqi savdodan keladigan daromadni oshirish maqsadida «tamg‘a»-savdo bojini bir muncha ko‘paytirgan.
Amir Temur davlatida ham huquqiy munosabatlar Qur‘oni Karim va Hadisi sharifda bayon qilingan tartib-qoidalarga asoslangan. Uning huquq va qonun unsurlari «Temur tuzuklari»da o‘z aksini topgan. Temur tuzuklari-adolatli hamda kuchli davlat barpo etishdagi muhim qonun-qoidalar sifatida Amir Temurning harbiy va siyosiy faoliyatidan ma‘lumot beruvchi tarixiy asar hisoblanadi. Amir Temur hayotining so‘ngi yillarida o‘zining esdaliklari va tuzuklarini yozib qoldirdi. «Temur tuzuklari»ning fanda qayd etilgan ilk nusxasi eski o‘zbek tilda bitilganligi ma‘lum. Asar o‘rtaosiyolik Mir Abu Tolib Husayniy al-Ariziy at-Turbatiy tomonidan 1610 yili usmoniy turk hokimlaridan biri-Yaman hokimi Ja‘far Posho (hukmronlik yillari 1607-1612) ning topshirig‘i bilan fors tiliga tarjima qilindi va dunyoga «Tuzuki Temuriy» («Temur tuzuklari») nomi bilan tarqaldi. Bizga uning fors tilidagi nusxasi va fors tilidan o‘zbek tiliga tarjimasining uch nusxasi yetib kelgan. Eng to‘liq nusxasi «Malfuzot-i Temuriy» deb nomlangan va u Rossiyaning Sankt-Peterburg shaxridagi Saltikov-SHchedrin nomli kutubxonasida saqlanmoqda. Ushbu nusxa Toshkentda 2000 yili chop etildi.
Asar ikki qism, 56 ta banddan iborat. Birinchi qismda Amir Temurning yetti yoshidan to vafotiga qadar (1342-1405 yil 18 fevral) kechgan hayoti va ijtimoiy-siyosiy faoliyati, uning Movarounnahrda markaziy hokimiyatni qo‘lga kiritishi, ijtimoiy tarqoqlikka barham berishi va markazlashgan davlat tuzishi, qo‘shni yurt va 27 mamlakatni, jumladan, Eron, Afg‘oniston, Ozarbayjon, Gruziya va Hindistonni o‘z tasarrufiga kiritishi, Oltin O‘rda hukmdori To‘xtamish, turk sultoni Boyazid I Yildirimga qarshi harbiy yurishlari, ulkan saltanatini mustahkamlash uchun turli ijtimoiy tabaqalarga nisbatan qanday munosabatda bo‘lganligi buyuk sohibqiron tilidan ixcham tarzda bayon etilgan.
Ikkinchi qismida Sohibqironning nomidan aytilgan va uning toju taxt vorislariga atalgan o‘ziga xos vasiyat va pandu nasihatlaridan iboratdir. Unda davlatni idora qilishda kimlarga tayanish, toju-taxt egalarining burchi va vazifalari, vazir va qo‘shin boshliqlarining burch va vazifalari, amirlar va boshqa mansabdorlarning toju taxt oldida ko‘rsatgan alohida xizmatlarini taqdirlash tartibi va hokazolar xususida gap boradi.
Amir Temur davlatni boshqarishda o‘zidan avval o‘tgan hukmdorlardan farq qilib, davlat va mamlakatni boshqarishda 1 yoki 2 tabaqaga emas, balki aholining barcha tabaqalariga suyandi. «Temur tuzuklari»da aytilishicha, davlat asosini 12 ijtimoiy toifa tashkil qiladi: Ular:
sayyidlar(payg‘ambar avlodlari), olimlar va Shayxlar
katta tajribaga ega ilmli kishilar
xudojo‘y, darvesh, qalandarlar
no‘yonlar - amirlar, ya‘ni harbiy kishilar, mingboshilar
askarlar (sipoh) va xalq ommasi (raiyat)
davlat boshqaruv ishlarini a‘lo darajada biladigan maslahatgo‘y dono va aqlli kishilar
vazirlar, kotiblar, devon boshlig‘i
tibbiyot ahli, munajjim va muhandislar
muhaddislar va muarrixlar
tasavvuf vakillari va oriflar
hunarmandlar va san‘atkorlar
tojir (savdogar) va sayyohlar xorij bilan savdo-sotiq.
Bu ijtimoiy toifalar taqdirini 3 narsa: podshoh, xazina va askar hal qiladi. Qo‘shin, asosan, o‘n, yuz, ming va tumanga bo‘lingan, o‘n kishilik harbiy bo‘linma tepasida turgan boshliq - o‘nboshi, ... yuzboshi, mingboshi, tuman boshlig‘i, no‘yon deb atalgan. Asarda ularning haq - huquqlari, oylik maoshi ham aniq ko‘rsatilgan.
«Tuzuklar»da mukammal davlat boshqaruvini tashkil etish quyidagicha ifodalanadi:
davlat daxlsizligini va mustahkamligini har tomonlama muhokama etish;
oliy hukmdor hokimiyatining cheklanmaganligi hamda mustaqil siyosat yurgizishi;
vazirlarga yuklatilgan majburiyatlar va ular bajarishi lozim bo‘lgan vazifalar;
markazga tobe bo‘lgan mulk(ulus)lar amirlari hamda tuman hokimlarining vazifalari;
oliy davlat kengashi;
davlat xavfsizligi va mustahkamligi, joylardagi jamoat tartibi, hamda mamlakat tinchligi, osoyishtaligini saqlash;
muntazam qo‘shin tashkil etib, qo‘shin qo‘mondonlarini tayinlash, lavozimlarga ko‘tarish, rag‘batlantirish va ularga maosh to‘lash;
aholidan olinadigan turli soliqlar (zakot, xiroj va boshqalar) miqdorini aniqlash;
harbiy yurishlarda jasorat namunalarini ko‘rsatganlarni (noiblar, amirlar, sipohiylar va boshqalar) rag‘batlantirish;
harbiy yurishlar va janglar paytida qo‘shinning joylashuvi va ularni ajratib turuvchi belgilar.
Shu bilan birga «Tuzuklar»da amir Temurning boshqaruv faoliyatini kuchli nazorat qilish, odamlardan unumli foydalanish, ularni o‘z atrofiga to‘plash va birlashtirish, katta-kichik tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha olib borgan ishlari haqidagi ma‘lumotlar ham saqlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |