2 – MAVZU: QADIMGI TURKIY ADABIYOT:
PAYDO BO‘LISHIGA ASOS BO‘LGAN MANBALAR
REJA:
Qadimgi turkiy adabiyotning paydo bo‘lishi
Qadimgi turkiy adabiyotning paydo bo‘lishiga asos bo‘lgan manbalar
. Xalqimiz ma’naviyatining shakllanishida tariximizning uzoq o‘tmishda yaratilgan badiiy adabiyot alohida qadr-qimmatga ega. Jahondagi ko‘plab xalqlar o‘zining antik (lotincha «qadimiy») davr adabiyotiga ega. Qadimshunos olimlar «antik» so‘zini yunon va rim adabiyotiga nisbatan qo‘llasalar-da, aslida Misr, Eron, Xitoy, Hindiston, Bobil (Vavilon) kabi mamlakatlarning madaniyati ham yunonlardan oldinroq (2700-2800 yillar muqaddam) yuzaga kelgan. Turkiy adabiyotning ham antik davri bo‘lganmi?
Islomgacha bo‘lgan turkiy adabiyot ham o‘zining qadimiy qatlamlariga ega. Bu davrda adabiyot asosan og‘zaki shaklda paydo bo‘lgan va rivojlangan deb hisoblash mumkin. Bu adabiyot tarixini o‘rganish juda muhim masala bo‘lib, lekin u o‘ziga xos qiyinchiliklarga ega. Abu Rayhon Beruniy arab bosqinchilari qadimiy Xorazmni egallagandan so‘nggi harakatlari to‘g‘risida shunday qayg‘urib yozadi: «Qutayba Xorazm xatini yaxshi biladigan, ularning xabar va rivoyatlarini o‘rgangan va bilimini boshqalarga o‘rgatadigan kishilarni halok etib, butkul yo‘q qilib yuborgan edi. SHuning uchun u (xabar va rivoyatlar) islom davridan keyin, haqiqatni bilib bo‘lmaydigan darajada yashirin qoldi».1 Buyuk mutafakkirning bu fikri faqat Xorazmdagina emas, arablar Markaziy Osiyoning, umuman, bosib olgan barcha mamlakatlarning madaniyatini, tarixini, yozuvi, adabiyotini yo‘q qildi. SHuning asoratidirki, islomgacha bo‘lgan davrda turkiy xalqlar o‘rtasida qanday ijtimoiy tuzum bo‘lganligi, ularning adabiyoti, madaniyati va hatto diniy e’tiqodlari to‘g‘risida ham aniq fikrlar bayon etilmaydi, ziddiyatli qarashlar yuzaga keladi.
Turkiy xalqlar og‘zaki ijodi tarixining ilk davrlari o‘rganilganda turkiylar nomi bilan shuhrat qozongan ko‘plab xalqlarning madaniyatiga murojaat qilish o‘rinlidir. CHunki bugungi kunda mustaqil millat sifatida shakllangan o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, boshqird, qoraqalpoq, turkman, uyg‘ur, ozarbayjon, gagauz, usmonli turk, tatar, yoqut va boshqa xalqlar qadimgi turkiylarning avlodlaridir. Qadimgi turkiylarning yuzaga kelishi muqaddas kitoblardan biri «Injil»da, shuningdek, ko‘plab afsonalarda Nuh payg‘ambarning farzandi YOfas nomi bilan bog‘lanadi. «Injil»da YOfasning Go‘mer, Ma’juj, Go‘merning esa Ashkanoz ismli o‘g‘illari bo‘lganligi ko‘rsatiladi. Go‘mer turkiylarning kimmer, Ma’juj – Gog va Mago‘g, Ashkanoz – skif qavmlarining paydo bo‘lishiga asos bo‘lgani aytilgan.2 Tarix otasi Gerodot (miloddan avvalgi V asr) «Tarix» asarining to‘rtinchi kitobida skiflar va ularga yaqin qavmlarning turmush tarzi, hayoti bilan bog‘langan rivoyat hamda afsonalarni keltiradi, skiflarning forslar bilan urushlarini ko‘rsatadi. Bu davr tarixchilarining asarlarida turkiy qavmlar skif, kimmer, sak, massaget kabi nomlar bilan yuritilgan. Qadimgi turkiylarning hayoti Kteziy (miloddan avvalgi V-IV asr), Xares Mitilenskiy (miloddan avvalgi IV asr), Polien (miloddan avvalgi II asr), Strabon (miloddan avvalgi I asr), Diodor (miloddan avvalgi I asr) va boshqa antik tarixchilarning kitoblarida yoritilgan, rivoyat hamda afsonalari keltirilgan.
Tarixda «turk» so‘zi bir qavmga mansub ko‘plab xalqlarning umumiy nomi sifatida shakllandi. V asrga oid xitoy manbalarida «turk» so‘zi turonliklar, turklar ma’nolarida qo‘llanilgan. Bu so‘z ot ma’nosida kelsa «kuch - quvvat», sifat vazifasida kelsa «kuchli, quvvatli» ma’nosini bergan. Bundan tashqari, u «etuk», «bilimdon», «dono» kabi tushunchalarni ham ifodalaydi. Eramizgacha Turk xoqonligi katta hududda hukmronlik qilgan. VII-II asrlarda Janubiy Sibiriyo, Enasoy (Enisey) va Irtish daryosi bo‘ylari, hozirgi Mojariston (Vengeriya) va CHexoslovakiya, Hazar dengizi bo‘ylari, Eron, Iroq, Suriya va Turkiya davlatlari o‘rnida sak – iskit imperiyasi barpo bo‘lgan. Qadimgi turkiylar yashaydigan hududlar SHarq manbalarida Turon, yunon tarixchilarining kitoblarida esa Skifiya mamlakati deb yuritilgan.
Turkiy xalqlar adabiyotining qadimgi davrlarini tiklash va o‘rganish uchun etarli asoslar bor.
I. Ijtimoiy–siyosiy aloqalar, tildagi so‘z, ibora va atamalar, diniy tushuncha, tafakkurlarning yaqinligi hamda bir xilligi jihatidan antik davrdagi ayrim xalqlarning madaniyati va adabiyotida turkiylarga xos umumiy tipologik yaqinliklar bor. SHu nuqtai nazardan qaraganda, milodimizdan avvalgi uch minginchi yillarda Kichik Osiyoda yashagan shumerlarning diniy tasavvurlari, tili va adabiy qarashlarida mushtaraklik seziladi. YOki hozirgi O‘zbekiston hududida islomga qadar mesopotamiyaliklarning qishloqlari bo‘lganligi to‘g‘risida arab tarixchilari yozib qoldirgan ma’lumotlar ham qimmatlidir.
II. Eng qadimgi davrlardan islomgacha yashagan tarixchilarning asarlarida turkiylarning ajdodlari – iskit, kimmer, sak, massaget va boshqa qavmlarning tarix maydoniga kelishi, orzu-umidlari, qahramonligi va turli xil turmush urunishlari haqida saqlangan barcha asotirlar, afsona va rivoyatlar turkiylarga mansub millatlar uchun teng darajada xizmat qiladigan adabiy yodgorlikdir.
III. Antik davr adabiyoti, jumladan, yunon adabiyotida turkiy xalqlar hayoti yoritilgan asarlar ham mavjud. SHuningdek, bu adabiyotda turkiy xalqlar tomonidan yaratilgan rivoyat hamda afsonalardan ham foydalanish yoki turkiy adabiy syujetlarning ko‘chib o‘tishi an’analari seziladi. Hatto yirik eposlarning bir xil syujetga («Odissey» va «Alpomish») egaligi yoki turkiy qavmlar o‘rtasida Prometey to‘g‘risida mavjud adabiy syujetlar yunon adabiyotida turli adabiy janrlardagi asarlar yaratilishiga asos bo‘lishi qadimgi xalqlar adabiyotini qiyosiy o‘rganish masalasini qo‘yadi.
IV. Har bir xalqning o‘ziga xos shakllanish jarayoni mavjud. Turkiy qavmlarning ham bir necha millat sifatida shakllanishi shunday xususiyatga ega. Qadimgi Xitoy yilnomalari, Urxun yodgorliklari, Rashididdinning «Jome’ ut - tavorix» (XIII asr), Mirzo Ulug‘bekning «To‘rt ulus tarixi», Abulg‘ozi Bahodirxonning «SHajarai turk», «SHajarai tarokima», Hasan Ato Abushiyning «Turkiy qavmlar tarixi» kabi asarlarida bu masala tarixiy nuqtai nazardan chuqur yoritilgan. Turkiy xalqlarning ibtidoiy shakllanish davrlari – qavmlarga nom qo‘yish, ularga dono urug‘ boshlig‘ining otalik qilishi ko‘plab badiiy asarlarda ham o‘z ifodasini topgan. Bu o‘rinda «O‘g‘uznoma», «Qo‘rqut ota kitobi», «Turk xoqoni SHu va Iskandar» (Mahmud Koshg‘ariyning «Devonu lug‘otit turk» kitobida saqlangan syujet asosida) kabi dostonlar turkiy xalqlar adabiyotining qadimgi davrlarini yoritishda muhim adabiy manba sanaladi.
V. Miloddan avvalgi VII asrlarda skif-kimmerlarning hukmdorlaridan biri Prototey hisoblangan. Uning otasi Paritiy bo‘lgan. Paritiy ossuriy tarixchilarining ma’lumotiga ko‘ra Go‘g (Gog)ning o‘g‘lidir. Go‘g va Mago‘g – YA’juj - Ma’jujlar turkiy qavmlarning eng jangovar urug‘laridan bo‘lishib, shimoldagi davlatda hukmronlik qilishgan va VIII-VII asrlarda Kichik Osiyodagi deyarlik barcha davlatlarni o‘zlariga bo‘ysundirishgan edi. YUnon va ossuriy tarixchilari skiflarning ulkan sarkardasi sifatida tan olingan Madini Prototeyning o‘g‘li deb hisoblashadi. Madi esa uzoq asrlar davomida turkiy adabiyotda Alp Er To‘nga, forsiy adabiyotda Afrosiyob nomi bilan tasvirlangan qahramonning tarixdagi prototipidir. Demak, bu qahramon faoliyati bilan bog‘langan turkum rivoyatlar, afsonalar va dostonlar turkiy adabiyotning qadimgi davrlarini tiklashda boy yodgorlik sanaladi.
VI. O‘rxun-Enasoy tosh bitiklarining topilishi qadimgi turkiy yozma adabiyot mavjud bo‘lganligining beqiyos namunasidir. Bu bitiklarda aks etgan badiiy tasvir, g‘oya xalq og‘zaki ijodida yaratilgan eposlar bilan hamohang turadi. Osmonni muqaddas tangri deb tushunish turkiylar uchun hamma davrlarga xos xususiyat bo‘lgan va islomgacha bu ta’limot o‘z qimmatini yo‘qotmagan.
VII. Milodimizning III asridan boshlab moniylik, VIII asrning ikkinchi yarmidan buddaviylik oqimidagi turkiy adabiyotning yuzaga kelishi yozma adabiyot shakllanishiga ham asos bo‘ldi. Turk olimi Reshid Raxmet Aratning tasnifiga ko‘ra, qadimgi turkiy yozma adabiyotga asos solgan shoirlarning hayoti va ijodi to‘g‘risida quyidagi ma’lumotlar saqlanib qolgan.
1. Aprinchur Tegin (ikki she’ri bilan taniqlidir.) 2. Kul Tarxon (YOlg‘iz nomigina saqlangan). 3. Singku Seli Tutung (Turk o‘lkalari va ularning ko‘lami kengligidan bahs yuritgan mashhur CHin sayyohi Husn-Tsangning sayohatnomasini o‘ninchi asrning birinchi yarmida turkchaga ustalik bilan tarjima qilgan shoirdir. Bu tarjima Parij milliy kutubxonasida saqlanadi). 4. Ki-ki (Burxon-Budda muhitida etishgan bu shoirning ikki she’ri saqlangan). 5. Pratyan-SHiri (Sanskritchadan tarjima qilgan, lekin shoirning turkcha ismi saqlanmagan). 6. Asig Tutung (birgina to‘rtlikning ichida nomi keltirilib o‘tiladi). 7. CHusuya Tutung (Burxon muhitida etishgan bu shoirning «Gevezelik Bo‘yasi» bir she’ri mavjuddir).8. Kalim Keysi (Burxon rahbarlari avlodidan sanalgan bu shoirning birgina she’ri saqlangan). 9. CHuchu («Devonu lugatit turkda» nomi keltirilgan bu shoirning hech qanday yodgorligi saqlanib qolmagan. Balki koshqarliklar tilidan yozib olingan ajoyib o‘gut va o‘rnaklarning bir qismi bu shoirga tegishlidir).1
O‘zbek adabiyotshunosligida turkiy adabiyotning antik davrini belgilash masalasiga birinchilardan bo‘lib professor A.Fitrat kirishgan edi. U «O‘zbek adabiyoti namunalari»2 kitobida o‘zbek adabiyotining dastlabki davrini «Qabilaviy adabiyot» (17-43-betlar) deb hisoblaydi. Uning fikricha, qabilaviy adabiyotning eng muhim ko‘rinishi doston adabiyotidir. Bu o‘rinda u «CHistoni Eligbek hikoyasi», «Alpomish» dostoni, Mahmud Koshg‘ariyning «Devonu lug‘otit turk» kitobidan «YOz o‘yinlari» (6 ta to‘rtlik), «Ovdan urushqa» (12 ta to‘rtlik)ni ko‘rsatadi. Ikkinchi davrni esa «Feodallik davri adabiyoti» (45-70-betlar) deb nomlaydi va VIII asrdan islomiy adabiyotgacha bo‘lgan davrni asos qilib oladi. Ikkinchi davr adabiyoti namunalari sifatida Urxun yozuvlaridagi adabiy parchalar, «Alp Er To‘nga» marsiyasi (8 ta to‘rtlik), «YOz haqida» (5 ta to‘rtlik) hamda «Qo‘rqut ota kitobi» dostoni, shuningdek, «Devonu lug‘otit turk»dan axloqiy – ta’limiy xususiyatga ega bo‘lgan she’riy parchalar e’tiborga olingan. Fitrat o‘zbek adabiyoti tarixining uchinchi davrini «Savdo sarmoyasi davri adabiyoti» (71-betdan kitobning so‘ngi sahifalarigacha) deb ataydi hamda uning namunasi sifatida YUsuf Xos Hojibning «Qutadg‘u bilig», Ahmad YUgnakiyning «Hibbatul haqoyiq» va o‘zbek mumtoz adabiyotida so‘nggi asrlarda yaratilgan o‘nlab asarlardan namunalar beradi.
Islomgacha bo‘lgan turkiy xalqlar og‘zaki ijodini alohida davr sifatida o‘rganish dolzarb masaladir. CHunki bu davrda turkiylar o‘rtasida diniy e’tiqodlar boshqachaligi, qavmlar shakllanish davrini o‘taganligi, mifologik tasavvurlarda jahon xalqlari bilan umumiy o‘xshashlik holatlari mavjudligi badiiy adabiyotdagi g‘oyaviy yo‘nalish o‘ziga xos tarzda ro‘y berganligini ko‘rsatadi. Turk olimi Ahmed Kabakli islomgacha bo‘lgan turk adabiyotini to‘rt davrga bo‘lib o‘rganishni maqsadga muvofiq deb hisoblaydi. U davrlashtirish tamoyiliga turk qavmlari va davlatlarining tarixda tutgan o‘rni nuqtai nazaridan yondashadi:
1.Saka turklar davri (miloddan avvalgi VIII-II asrlar).
2.Xun (Kun) turklari davri (miloddan avvalgi III va milodimizning II asri).
3.Ko‘k turklar davri (552-745 yillar).
4.Uyg‘urlar davri (745-840 yillar).3
Bizning nazarimizda, turkiy adabiyotni bunday davrlashtirish, birinchidan, uning tarixiy qatlamlarini unutishga sabab bo‘ladi, ikkinchidan, qadimgi davrlarda turkiylarning jahon xalqlari madaniyati, adabiyoti bilan mushtaraklik tomonlarini ochib berishga mone’lik qiladi.
Qadimgi turkiy adabiyot davri haqida fikr yuritilganda, albatta, Markaziy Osiyoda turkiy xalqlar bilan yonma–yon yashagan, bu hududdagi madaniyatni yaratishda birga xizmat qilgan boshqa xalqlarning turmush tarzi va adabiyotiga ham murojaat etish kerak. Masalan, «Avesto» zardo‘shtiylik nuqtai nazaridan ko‘p xalqlarga bir o‘lchamda xizmat qiladi.
Fanda adabiyotlar tarixi ijtimoiy-siyosiy hayot va adabiy jarayondagi o‘zgarishlarga tayanilgan holda turli davrlarga bo‘lib o‘rganilgan. Albatta, turkiy adabiyot tarixining qadimgi davrlari bo‘yicha to‘plangan adabiy manbalar ham uni turlicha davrlashtirish imkonini beradi. Uni shartli tarzda uch davrga bo‘lish mumkin:
1.Turkiy qavmlarning shakllanish davri adabiyoti (miloddan avvalgi VII asrlardan tosh bitiklargacha) bo‘lgan davr.
2.Turkiy adabiyotning (og‘zaki va qabr toshlari) dostonlar davri.
3. Turkiy xalqlar adabiyotining jahon xalqlari adabiyoti bilan mushtaraklik, ya’ni miloddan avvalgi uch minginchi yillardan VIII asrlargacha bo‘lgan davr.
O‘zbek adabiyoti tarixining qadimgi davrlari islomgacha bo‘lgan turkiy adabiyotning tarkibiy qismidir. Adabiyotshunoslikda bu davr adabiyoti yuzasidan ayrim ishlar qilingan. N.Mallaevning «O‘zbek adabiyoti tarixi»1 (oliy o‘quv yurtlari uchun) darsligining «Eng qadimgi adabiy yodgorliklar», B.To‘xlievning «O‘zbek adabiyoti» (o‘rta maktablar uchun) darsligidagi «Eng qadimgi adabiy yodgorliklar», «Qadimgi qo‘shiqlar»2 boblarida Markaziy Osiyoda yashagan qadimgi xalqlardan bizgacha etib kelgan rivoyat, afsona, asotir, qo‘shiqlar, Urxun-Enisey tosh bitiklarining topilishi, o‘rganilishi va adabiy qimmati to‘g‘risida ma’lumotlar berilgan. Xuddi shuningdek, «O‘zbek adabiyoti tarixi» V tomlik kitobining I tomida3 ham qadimgi adabiy syujetlar tahlil etilgan. «Qadimiy hikmatlar» kitobida ayrim rivoyatlar, asosan Urxun Enisey bitiklari va Mahmud Koshg‘ariyning «Devonu lug‘otit turk» kitobidagi she’riy parchalarning hozirgi tildagi matnlari keltirilgan4. Islomgacha bo‘lgan o‘zbek adabiyotining tarixini yoritishda A.Qayumovning «Qadimiyat obidalari»5, N.Rahmonovning «Ko‘hna bitik toshlar»6, «Turk xoqonligi»7 kitoblari alohida qimmatga ega. F.Boynazarovning «O‘rta Osiyoning antik davri»8 darsligi ham shunday tadqiqotlardan biri bo‘lib, unda antik tarixchilarning Markaziy Osiyo xalqlari hayotiga doir fikrlari bayon etiladi.
Qadimgi adabiy yodgorliklarni alohida davr sifatida o‘rganish masalasining qo‘yilishi va ma’lum tadqiqotlar yaratilishi adabiyotshunoslikdagi yangi yo‘nalishlardan hisoblanadi. N.Rahmonov va H.Boltaboevlar tomonidan tayyorlangan «O‘zbek mumtoz adabiyoti namunalari» I-jild9 kitobida qadimgi adabiy yodgorliklar «Islomgacha bo‘lgan turkiy adabiyot» nomi bilan umumlashtiriladi. N.Rahmonovning «Ruhiyatdagi nur murodi»10 kitobi ham shu masalaga qaratilgan tadqiqotlardan biri bo‘lib, unda turkiy xalqlar tomonidan yaratilgan moniylik va budda oqimidagi adabiyot to‘g‘risida umumlashma xulosalar bayon etiladi hamda adabiy matnlar keltiriladi. Demak, XXI asrning boshlaridagi adabiyotshunoslikda qadimgi adabiyotimiz tarixini alohida davr sifatida o‘rganish va uni «Islomgacha bo‘lgan davr adabiyoti» deb atash tamoyillari yuzaga keldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |