Qizil siljish. Olam kengayishda davom etadimi yoki torayish jarayoni boshlanadimi, degan savol javobsiz qolmoqda. Ammo «qizil siljish» hodisasi hozirgi vaqtda nurlanish manbai uzoqlashib borayotganini, ya’ni galaktikalar taxminan o‘zigacha bo‘lgan masofaga proporsional tezlikda har yoqqa «tarqalayotgani»ni tasdiqlovchi umumiy e’tirof etilgan dalil hisoblanadi.
1912 yilda V.M.Slayfer galaktikadan tashqaridagi tumanliklar nurlanishlarining spektr chiziqlari spektrning qizil uchi tomonga siljiyotgan - «qizil siljish»ni aniqladi. Oradan ma’lum vaqt o‘tgach (1929 yilda) Edvin Xabbl tumanlik kuzatuvchidan qancha uzoqda bo‘lsa, «qizil siljish» kattaligi ham, uning tumanlikdan uzoqlashish tezligi ham shuncha katta bo‘ladi, degan qonunni va katta masofalarda galaktikalarning tezligi ulkan darajalarga yetishini aniqladi.
Shunga qaramay, olamning kengayishi bilan bir qatorda, uning torayishini yoki makonda cheklangan, lekin vaqtda cheksiz olam navbatma-navbat dam kengayuvchi, dam torayuvchi harakatlanuvchi olam modelini ham taxmin qilish uchun nazariy imkoniyat mavjud.
Cheklilik va cheksizlikning ziddiyati. Cheklilik, uning ziddi bo‘lgan cheksizlik singari, umumiylik va zaruriylik maqomiga ega bo‘lgan umumiy va universal tushunchalar – falsafiy kategoriyalar sifatida tushuniladi.
Cheklilik – narsalar va hodisalarning muayyanliligini, ob’ektning mavjudlik chegarasini ifodalash uchun mo‘ljallangan falsafiy kategoriya. Cheklilik chegarasi ob’ekt intihosini boshqa ob’ektdan ajratib turadi va ularni bir-biriga bog‘laydi. G.Gegel cheksizlik har narsa o‘z chegarasiga ega ekanligi, bu yerda u barham topishi, yo‘qlikka aylanishini ta’kidlagan3. Umuman olganda, barcha tug‘ilgan narsalarning muqarrar o‘limi haqida fikr yuritmagan birorta ham atoqli faylasuf yo‘q.
Inson borlig‘i chekliligining «kashf» etilishi nafaqat mavjudlikning qat’iy chegaralarini, balki cheksizlikni - bir-birini almashtiruvchi avlodlarning hamisha bir xil safini ham ko‘rsatdi. Kundalik hayotda biz narsalarni farqlash va ularning holatlari vaqtda o‘zgarishini kuzatish, masalan, kunni tundan farqlash imkonini beruvchi muayyan chegaralarni ko‘p qayd etamiz. Shunday qilib, muayyanlik va chegara cheklilikning asosiy, eng muhim jihatlari hisoblanadi.
Falsafada makon-miqdor chegaralari (masalan, davlatning hududiy chegaralari) va sifat chegaralari (yosh davrlari) farqlanadi. Ammo chegara nafaqat ajratadi, balki birlashtiradi, aloqa qilish, chegara orqali o‘tish imkonini beradi. Bu qarama-qarshilikni ifodalash uchun F.Gegel I.Kant o‘zgacharoq ma’noda ishlatgan «borliq o‘zida» va «o‘zga uchun borliq» tushunchalarini muomalada qo‘llagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |