Tabiiy va ijtimoiy borliq. Tabiiy borliq deganda odatda atrofimizdagi jismoniy narsalar (jismlar), jarayonlar, tabiatning holatlari nazarda tutiladi. Tabiiy borliq ikki qismga ajraladi: birinchisi - azaliy tabiiy borliq, ya’ni tabiatning tabiiy borlig‘i. U insondan ilgari insonning ishtirokisiz mavjud bo‘lgan. Buni birlamchi tabiat deb ham atashadi; ikkinchisi - inson ishtiroki bilan vujudga kelgan narsalar (jismlar), hodisa va jarayonlarni o‘z ichiga oluvchi xosilaviy tabiiy borliq. Uni ikkilamchi tabiat deb ham atash mumkin.
Ikkilamchi tabiat doirasida borliqning quyidagi ko‘rinishlarini kuzatish mumkin:
- inson borlig‘i - insonning narsalar dunyosidagi borlig‘i va maxsus insoniy borliqdan iborat;
- ma’naviy borliq - individuallashgan va ob’ektivlashgan (individuallikdan tashqaridagi) ma’naviy borliqdan iborat;
- sotsial borliq - ayrim odamning jamiyatdagi va tarix jarayonidagi borlig‘i hamda jamiyatning borlig‘i - ijtimoiy borliq. Ijtimoiy borliq ayrim insonning jamiyatdagi borlig‘i va jamiyatning borlig‘iga bo‘linadi. Har bir inson boshqa odamlar bilan muttasil aloqa qiladi, turli ijtimoiy guruhlar: oila, ishlab chiqarish jamoasi, millatning a’zosi hisoblanadi. U boshqa individlar bilan yaqin aloqa qilib yashaydi. Odamlarning barcha faoliyati mazkur sotsiumga xos bo‘lgan ijtimoiy munosabatlar, chunonchi: siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, axloqiy va boshqa munosabatlar doirasida amalga oshiriladi.
Borliq ilgari mavjud bo‘lgan, hozir mavjud va kelajakda mavjud bo‘ladigan ob’ektiv hamda sub’ektiv reallikni ham o‘ziga qamrab oladi. Ya’ni tabiat, inson, fikrlar, g‘oyalar, jamiyat hammasi turli shakllarda mavjuddir. Ularning barchasi mavjud bo‘lganligi uchun ham yaxlit yagona borliqni tashkil etadi.
Ko‘pincha borliqni inson ongidan tashqarida va unga bog‘liq bo‘lmagan holda mavjud bo‘lgan reallikni ifodalovchi falsafiy kategoriya sifatida ta’riflashadi. Bunday ta’rifning kamchiligi shundaki, bu ta’rifda borliq ob’ektiv reallik tushunchasi bilan aynanlashib qolgan.
Aslida esa borliq kategoriyasi umumiylashgan abstraksiya bo‘lib mavjudlik belgisi bo‘yicha turli xil hodisalar, predmetlar va jarayonlarni o‘zida birlashtiradi. Tabiiy ob’ektlar, ularning xossalari, aloqadorliklari va munosabatlari, kishilar jamoasi va ayrim odamlar, ijtimoiy tashkilotlar, inson ongining holati va boshqalar ham borliq tushunchasiga kiradi. Borliq nafaqat predmetlarni, jismlarni, ob’ektiv reallikni, balki, ma’naviy hodisalarni, ruhiyatni, ong va tasavvurni, sub’ektiv reallikni ham o‘ziga qamrab oladi.
Borliqning asosiy sohalariga tabiat, jamiyat va ong kiradi. Bu sohalar uchun umumiy jihat - ularning mavjudligidadir. A.G.Spirkin shunday yozadi «Barcha mavjud narsalar borliqqa mansubdir. Ularga moddiy jismlar ham, barcha (fizik, ximik, geologik, biologik, ijtimoiy, psixologik, ma’naviy) jarayonlar ham, ularning xossalari, aloqalari va munosabatlari ham kiradi. U chyqur hayolotning mevasi bo‘lgan ertak va afsonalar, hatto bemorning xayolidagi alahsirashlar ham, borliqning qismi bo‘lgan ma’naviy reallik sifatida mavjuddir»2. Shunday qilib «ruh va materiya, hech bo‘lmaganda mavjudlik sifatida umumiylikka egadir» (I.Disgen). Shubhasiz, ular bir-birlaridan farq ham qilishadi. Agar moddiylik va ma’naviylikni bir-biriga taqqoslasak, moddiylik sub’ektdan mustaqil ravishda, ma’naviylik esa unga bog‘liq ravishda mavjud bo‘ladi. Shunday qilib, borliq mohiyat jihatidan moddiy borliq va ma’naviy borliqqa bo‘linadi.
Demak, borliqning asosiy shakllari: 1) narsalar va predmetlar (materiya,tabiat) borlig‘i; 2) inson borligi; 3) ma’naviy borliq; 4) ijtimoiy borliq hisoblanadi. Borliqning har bir shakli o‘ziga xos xususiyatlarga ega.
Borliqning yuqorida sanab o‘tilgan turli shakllari bugungi kunda fanga aniq ma’lum bo‘lgan, kuzatish, o‘rganish, tahlil, nazorat va hokazolar predmeti bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha narsalarni o‘z ichiga oladi. Ayni vaqtda dunyo fan va inson aqli anglab yetmagan jumboqlar va mo‘jizalarga to‘ladir. Ammo bu hol borliq haqidagi hozirgi tasavvurlar o‘z kuchini yo‘qotadigan qandaydir o‘zga dunyolar mavjudligidan dalolat beradi, deb aytish uchun yetarli asoslar mavjud emas.
Xullas, «borliq» kategoriyasi o‘ta umumiy falsafiy abstraksiya bo‘lib, u turli-tuman tabiat hodisalari va jarayonlarini, odamlar jamoalari va ayrim kishilarni, ijtimoiy institutlarni, inson ongining darajalari, shakllari va holatlarini mavjudlik belgisiga ko‘ra birlashtiradi. Garchi bu hodisalar va jarayonlar borliqning turli sohalariga taalluqli bo‘lsa-da, ularning barchasini umumiy asos birlashtiradi. Ammo cheksiz darajada rang-barang dunyoning yagonaligi to‘g‘risida so‘z yuritish mumkinmi? Bu savolga «ha» deb javob berish orqali biz butun borliqning umumiy asosi haqida tasavvur hosil qilamiz. Bu haqda quyida so‘z yuritiladi.
Hozirgi zamon fanlari olamning cheksizligi to‘g‘risida yangidan-yangi dalillar bermoqda. Fan yutuqlariga ko‘ra, bizning galaktikamiz koinotda yagona emas, balki cheksiz yulduzlar sistemasining biridir. Bizning galaktikamizdan tashqarida son – sanoqsiz yulduzlar sistemalari ham mavjudki, u fanda metagalaktika deyiladi.
Shuningdek, tabiat, butun moddiy olam doimiy harakatda, to‘xtovsiz o‘zgarish va rivojlanishdadir. Mavjudotdagi jismlar, Quyosh, Oy, Yer, sayyoralar, yulduzlar, meteoritlar fazoda doimiy ravishda harakatda. Tabiatning tinimsiz va abadiy harakati jarayonida ba’zi bir narsalar yemiriladi, yangilari paydo bo‘ladi.
Tabiatning million yillar mobaynidagi tadrijiy tarakkiyoti (evolyusiyasi) jarayonida jonsiz olamdan jonli dunyo kelib chikadi. Jonli dunyoning paydo bulishi tabiatning, moddiyatning cheksiz koinotdagi taraqqiyotidan kelib chiqqan oqibatlaridan biridir. Fandagi olam to‘g‘risidagi kosmologik gipotezalarga ( ilmiy farazlarga ) ko‘ra, jumladan, Kant- Laplas gipotezasiga ko‘ra, barcha kosmik mavjudotlar Quyosh, Oy, Yer va boshqa sayyoralar, yulduzlar cheksiz koinotdagi zarrachalarning gaz-chang bulutlaridan, quyuq tumanligidan yuzaga kelgan. Quyosh va Quyosh sistemasi galaktik muhitning ma’qul mahsuli sifatida yuzaga kelgan. Quyosh bundan karib 4,5-5 milliarddan ko‘prok yillar ilgari vodorod bulutlarining temir, uglerod, kislorod va yuzlab azot moddalari bilan birikuvidan hosil bo‘lgan, deb taxmin qilinadi. Quyosh sistemasidagi sayyoralar o‘rtasidagi munosabat ularning Quyoshdan turli uzoqliklarda joylashuvi bilan muvofiqlashgandir. Quyoshga yaqin o‘rin olgan Merkuriy, Venera(Zuhro), Yer va Mars qoya jismlardan iborat bo‘lib, nisbatan kichik ob’ektlardir. Quyoshdan uzoq masofada bo‘lgan Yupiter,Saturn,Uran va Neptun sayyoralari tarkibida ko‘prok gazlar va ular kuchli gazsimon atmosfera bilan o‘ralgan. Quyosh sistemasi tarkibidagi Yerimizning yoshi 3,5-4 milliard yilga tengdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |