2- MAVZU:JAMOA SHARTNOMALARI VA JAMOA KELISHUVLARI. Reja:
Ijtimoiy sherikchilik tushunchasi va uning turlari.
Jamoa shartnomasi va jamoa kelishuvi ijtimoiy sherikchilik hujjati sifatida.
Jamoa kelishuvi, uning turlari va mazmuni
Ijtimoiy sherikchilik tushunchasi.
Mehnat munosabatlarida har doim manfaatlar qarama-qarshiligiga duch kelinadi. Buni xodim va ish beruvchining maqsadlari turlicha ekanligi bilan izohlash mumkin. Manfaatlar muvozanatini ta’minlashning samarali vositasi sifatida bugungi kunda ijtimoiy sherikchilikka katta ahamiyat berilmoqda.
Xodimlar va ish beruvchilar o‘rtasidagi ijtimoiy sherikchilik korxonani birgalikda boshqarish, uning rivojlanishi va samaradorligini oshirishga qaratilgan ishlab chiqarish-iqtisodiy tadbirlarni ishlab chiqish va ularni amalga oshirish, korxona xodimlari moddiy turmush sharoitlarini yaxshilash, ularni va oila a’zolarini ijtimoiy muhofaza qilish yuzasidan birgalikda chora-tadbirlar ko‘rish, korxonani boshqarishda lokal normativ hujjatlar tizimini takomillashtirib borish, ish jarayonida xodimlar hayoti va salomatligini himoyalash, kasb kasalliklari yuz berishining oldini olish maqsadlariga qaratilishi mumkin. Ishlab chiqarishdagi ijtimoiy sherikchilikning natijalaridan xodimlar ham, ish beruvchi ham to‘la manfaatdor bo‘lishi bunday sherikchilik aloqalarini davom ettirishning harakatlantiruvchi kuchi va bosh motivi sanaladi.
Ijtimoiy sherikchilik – xodimlar (ularning vakillari) va ish beruvchilar (ularning vakillari), shuningdek davlat ijro organlari o‘rtasida mehnat va u bilan bog‘liq boshqa munosabatlarni tartibga solish yuzasidan taraflarning manfaatlaridagi muvofiqlikni ta’minlashga qaratilgan o‘zaro munosabatlar tizimidir.
|
Mehnat sohasida ijtimoiy sherikchilik termini quyidagi ikkita ma’noda qo‘llaniladi:
Mehnat huquqining prinsipi sifatida (mehnat munosabatlarining barcha jihatlarini qamrab oladi);
Mehnat huquqi umumiy qismining instituti sifatida (unda xodimlar va ish beruvchilarning vakilligi, jamoa muzokaralarini olib borish, jamoa shartnomalari va kelishuvlariga rioya etilishini nazorat qilish, majburiyatlarni bajarmaganlik uchun javobgarlikka oid huquq normalari jamlangan).
Mamlakatimizda ijtimoy sherikchilikni yaxshi yo‘lga qo‘yish uchun kerakli huquqiy baza barpo qilingan bo‘lsa-da, ammo bozor munosabatlarining chuqurlashib borayotganligi, fuqarolik jamiyati yaratish ishlari ko‘lamining kengayib borayotgani, jamiyatni erkinlashtirish yuzasidan yuritilayottgan izchil siyosat bu sohadagi ishlar miqyosini kengaytirishlikni taqozo qilmoqda. Bunda xodimlar va ish beruvchilar o‘rtasidagi ijtimoiy sherikchilik tushunchasiga legal tarif beruvchi hamda uning maqsad va mohiyatini, amalga oshirish prinsiplari va shakllarini nazarda tutuvchi normalar O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga kiritilishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |