Perkussiya. Bu usul yurak va tomirlar dastasining katta-kichikligi,vaziyati, shaklini(konfigurasiyasini) aniqlab olishga imkon beradi. Havosiz organ bo`lmish yurak perkussiya mahalida bo`g`iq tovush beradi. Biroq, yurak ikkala tomonidan qisman o`pka bilan qoplangandir, shu munosabat bilan nisbiy yoki absolyut bo`g`iq ovoz chiqadigan joy aniqlanadi. Yurakdan nisbiy bo`g`iq ovoz chiqadigan joy uning asl chegaralariga mos keladi va yurak oldingi yuzasining ko`krak qafasiga beradigan proeksiyasi bo`lib hisoblanadi, absolyut bo`g`iq ovoz chiqadigan joy eza yurakning o`pka bilan qoplanmay turadigan oldingi yuzasi proeksiyasidir, xolos. Avval yurakdan nisbiy bo`g`iq tovush chiqadigan joyning o`ng, chap va ustki chegaralari perkussiya qilinadi. Yurak chegaralari organga qarab turgan birmuncha qattiqroq perkutor tovush beradigan plessimetr-barmoqning tashqi cheti bo`ylab belgilab olinadi. Plessimetr barmoq yurakning o`ng chegarasiga parallel qilib uchinchi-to`rtinchi qovurg`alar orasiga qo`yiladi va yurak tomon yurgizilib, ravshan tovush bo`g`iqrog` tovushga aylanib qolmaguncha o`rtacha kuch bilan perkutor zarblar berib boriladi. Soglom odamda bu chegara to`sh suyagining o`ng qirg`ogidan 1-1,5sm. tashqarida joylashadi va o`ng bo`lmadan hosil bo`ladi. Yurakdan nisbiy bo`g`iq ovoz chiqadigan joyning chap chegarasini aniqlash yurak uchi zarbini topishdan boshlanadi, mana shu zarb izlanayotgan chegaraga mos keladi. Plessimetr-barmoq mo`ljaldagi chap chegaraga parallel holda qo`yiladi va yurak tomoniga yurgizilib, ravchan perkutor tovush bo`giqroq bo`lib chiqmaguncha o`rtacha kuch bilan perkutor zarblar berib boriladi. Sog`lom odamda bu chegara o`rta o`mrov chizig`idan 1-1,5sm. ichkari joylashadi va chap qorinchadan hosil bo`ladi. Yurakdan nizbiy bo`g`iq tovush chiqadigan joyning ustki chegarasini aniqlashda plessimetr-barmoq to`sh suyagining chap qirg`og`i yaqiniga, qovurg`alarga parallel qilib qo`yiladi va avval ikkinchi qovurg`alar orasidan boshlab o`rta kuchda zarblar berib borib, pastga tushiladi. Sog`lom odamlarda yurakdan nisbiy bo`g`iq tovush chiqadigan joyning ustki chegarasi III qovurg`aning ustki qirg`og`i bo`ylab joyiashadi.
Yurakdan absolyut bo`g`iq ovoz chiqadigan joyning avval o`ng, keyin chap va ustki chegarasi topiladi. O`ng chegarasini aniqlashda plessimetr-barmoq yurakdan nisbiy bo`g`iq tovush chiqadigan joyning o`ng chegarasiga to`sh suyagining o`ng qirg`og`iga parallel qilib qo`yiladi va sekin-sekin perkutor zarblar berib turib, barmoq to nisbiy bo`g`iq tovush paydo bo`lguncha ichkari tomon yurgizib boriladi. Sog`lom odamlarda o`ng chegara to`sh suyagining chap qirg`og`i bo`ylab boriladi.
Yurakdan absolyut bo`g`iq tovush chiqadigan joyning chap chegarasini aniqlashda plessimetr-barmoq nisbiy bo`g`iq tovush chiqadigan joyning chap chegarasiga parallel qilib qo`yiladi va to bo`g`iq tovush paydo bo`lguncha perkutor zarblar berib boriladi. Chap chegara normada yurakdan nisbiy bo`g`iq tovush chiqadigan joy chap chegarasidan 1,5-2sm ichkarida bo`ladi. Absolyut bo`g`iq tovush chiqadigan joyning ustki chegarasini aniqlash uchun plessimetr barmoq to`sh suyagining chap qirg`ogi yonida qovurg`alarga parallel qilib, nisbiy bo`g`iq tovush chiqadigan joyning ustki chegarasiga qo`yiladi va bo`g`iq tovush paydo bo`lguncha pastga tushirilib, sekin –sekin perkussiya qilib boriladi. Sog`lom odamlarda absolyut bo`g`iq tovush chiqadigan joyning ustki chegarasi IV qovurg`a tog`ayining damida joylashgan bo`ladi
Do'stlaringiz bilan baham: |