1.“Moliya” fanining predmeti va obyekti.
“Moliya” – o‘ziga xos ilmiy-amaliy fan. Unda amaliyotimizda yetarli darajada e’tibor berib kelinmayotgan hamda qadriga yetilmayotgan vaqt va noaniqlik sharoitida defitsit pul mablag‘larining taqsimlanish masalalari o‘rganiladi.
“Moliya” fani quyidagi uch analitik “ustun” ustida vujudga keladi:
• vaqt omili (davrlar o‘rtasidagi muqobil variantlar tahlili)ni hisobga olgan holda pul mablag‘laridan foydalanishni optimallashtirish (oqilonalashtirish);
• aktivlar qiymatini baholash;
• portfel nazariyasini ham o‘z ichiga oluvchi riskiy boshqaruv.
Yuqorida qayd etilganlarni, o‘ziga xos tarzda, “Moliya” fanining mustahkam poydevori deb ham atash mumkin. Bu har bir asosiy element (“ustun”)larning yadrosi qator tub (fundamental) qonunlar va prinsiplardan iboratdirki, ular yuqoridagilarning har birida qo‘llaniladi.
“Moliya” fanining nima ekanligini anglash, uni to‘g‘ri idrok etish, u xususda yaxlit tasavvur hosil qilish va tegishli bilimlarga ega bo‘lish hamda ulardan amaliyotda foydalanish uchun, eng avvalo, quyidagi uch savolning aniq javobiga ega bo‘lmoq lozim:
“Moliya” fanining ta’rifi nimadan iborat?
Nima uchun “Moliya” fanini o‘rganish kerak?
“Moliya” fani olamida harakatlanuvchi ikki asosiy “shaxs” (kuch)lar kim (nima)lar va ular tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning qanday turli ko‘rinishlari mavjud?
“Moliya” (fani) oldida turgan eng muhim vazifalardan biri – bu moliyaviy tizim evolyutsiyasi qonuniyatlarini o‘rganishdir.
“Moliya” nazariyasi qator konsepsiyalardan iborat bo‘lib, bu konsepsiyalar talabalarga vaqt omilini hisobga olgan holda pul resurslarini taqsimlash masalalarini o‘rganishga tizimlashtirilgan yondoshuvni, shuningdek, uning yordamida barcha muqobil variantlar o‘rganiladigan va moliyaviy qarorlar qabul qilinib, hayotga tatbiq etiladigan miqdoriy modellar to‘plamini taklif etadi.
Misol uchun, mazkur asosiy konsepsiyalar va miqdoriy modellar moliyaviy qarorlar qabul qilishning barcha bosqichlarida: avtomobilni sotib (ijaraga) olish yoki o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish imkoniyatini baholashda, yirik kompaniyaning moliyaviy direktori telekommunikatsiya xizmatlari bozoriga chiqish istiqbollarini belgilayotganda, yoki Jahon banki O‘zbekistonda gidro yoki issiqlik elektrostansiya qurilishini moliyalashtirish masalasini hal etayotganda qo‘llaniladi.
“Moliya” fanining obyekti. Moliya sohasi va moliya sohasida yuzaga keladigan moliyaviy munosabatlar “Moliya” fanining obyekti hisoblandi.
“Moliya” fanining predmeti. Moliya sohasida vujudga kelgan va keladigan turli moliyaviy munosabatlarni amalga oshirish jarayoni hamda ularning nazariy-huquqiy asoslari “Moliya” fanining predmeti bo’lib hisoblandi.
“Moliya” fanining asosiy maqsadi talabalarda moliya, moliyaviy siyosat, moliyaviy munosabatlar, pul oqimlari harakati, moliyaviy boshqaruv, moliya nazariyalari, moliyaviy hisobotlar, moliyaviy riskalar, davlat va nodavlat moliyaviy muassasalarning moliyaviy faoliyati, davlat byudjeti, davlat byudjeti daromadlari va xarajatlari, byudjet jarayoni, byudjetlararo munosabatlar, davlat krediti, ijtimoiy himoya, sug‘urta va xalqaro moliya munosabatlari kabi moliyaviy tushunchalar bo‘yicha yo‘nalishga mos bilim, ko‘nikma va malaka shakllantirish hisoblanadi
Do'stlaringiz bilan baham: |