Me'yoriy hujjatlarga sharhlar
Davlat dasturlari
2012 yil - "Mustahkam oila yili"
2011 yil - "Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili"
Bank tizimi barqaror ishlamoqda
O‘zA, M.Mametova, 14.12.2010 15:48
O‘zbekiston banklari assotsiatsiyasida Prezidentimiz Islom Karimovning 2010 yil 26 noyabrda qabul qilingan 2011-2015 yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting ko‘rsatkichlariga erishishning ustuvor yo‘nalishlariga doir qarori, Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi talablari ijrosini ta’minlash, shuningdek, Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili deb e’lon qilingan 2011 yildagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Markaziy bank, Banklar assotsiatsiyasi, tijorat banklari, bankdan tashqari, kredit tashkilotlari va muassasalarining yetakchi mutaxassislari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisining o‘rinbosari Sh.Haydarovning ta’kidlashicha, mamlakatimiz moliya-bank tizimi o‘zining barqarorligi va mustahkamligini isbotladi. Uni yanada mustahkamlash kredit uyushmalari va mikromoliya tashkilotlarining xususiy kapitaliga asoslangan xususiy banklar, lizing va sug‘urta kompaniyalarini tashkil qilish to‘g‘risida qonunchilik asoslarini yaratish bilan bog‘liq.
Bugungi kunda mamlakatimiz bank tizimi eng barqaror faoliyat ko‘rsatayotgan tizimlardan biri bo‘lib, qat’iy belgilangan xalqaro talablarga javob beradi. Joriy yilning 30 avgustida “Moody’s” xalqaro agentligi O‘zbekiston bank tizimiga “barqaror” reytingini bergani ham buni tasdiqlaydi. Shuningdek, mamlakatimizdagi 15 ta yetakchi tijorat banki ham “Fitch Ratings”, “Standard & Poor’s” va “Moody’s” kabi xalqaro reyting kompaniyalarining “barqaror” reytingiga ega bo‘ldi.
Seminarda mamlakatimiz moliya-bank tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish va uning barqarorligini oshirish, banklar va moliya-bank tizimi faoliyatini baholashga yondashuv va tizimlarni tubdan o‘zgartirish, ularning faoliyatini xalqaro me’yorlar, standartlar hamda baholash ko‘rsatkichlariga muvofiq yuqori darajaga ko‘tarishni ta’minlashga doir ma’ruzalar tinglandi.
Barqaror bank tizimi qulay ishbilarmonlik muhitining mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda
17.04.2012 13:12
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida bank-moliya sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida bugun mamlakatimiz bank tizimi barqaror faoliyat olib bormoqda. Buning yaqqol dalilini so‘nggi ikki yildan buyon O‘zbekiston bank tizimiga nufuzli xalqaro reyting agentliklari tomonidan “barqaror” reyting darajasi berilayotgani va shunday bahoga sazovor bo‘layotgan banklarimiz soni ortib borayotganida ham ko‘rish mumkin.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2011-yilning asosiy yakunlari va 2012-yilda O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi “2012-yil Vatanimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘taradigan yil bo‘ladi” ma’ruzasida 2011-yilda depozitlarga 2010-yilga nisbatan 36,3 foiz ko‘p mablag‘ jalb qilingani alohida ta’kidlandi.
Tijorat banklarining investitsiyaviy faolligi ortib, banklar qo‘yilmalarining 75 foizdan ko‘prog‘ini uch yildan ziyod bo‘lgan uzoq muddatli investitsiya kreditlari tashkil etmoqda. Umuman, so‘nggi o‘n yilda banklarimiz tomonidan iqtisodiyotning real sektorini kreditlash hajmi 7 barobar oshgani alohida e’tiborlidir.
“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan 2011-yilning yakunlari bo‘yicha mamlakatimizning barcha mintaqalarida so‘rov o‘tkazildi. So‘rovda bank-moliya tizimi haqida jamoatchilik fikri o‘rganilib, sohaga oid muhim natijalar qayd etildi. Mamlakatimiz taraqqiyotida bank tizimining alohida o‘rni borligini ishtirok etgan respondentlarning deyarli barchasi alohida e’tirof etdilar. Bank tizimi haqida fikr bildirganlarning aksariyat qismi mamlakatimiz banklarining bugungi faoliyati bo‘yicha “yuqori” bahoni ko‘rsatgan.
Sotsiologik so‘rovda tijorat banklarida tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatilayotgan moliyaviy ko‘mak, yaratilgan shart-sharoit, aholi omonatlari bo‘yicha taklif etilayotgan xizmatlarining keng qamrovli ekani, tijorat banklari tomonidan mijozlarga yanada qulayliklar yaratish maqsadida zamonaviy texnologiyalar asosida yuqori darajada xizmat ko‘rsatilayotgani, banklar tomonidan keng ko‘lamdagi maslahat berish va masalaning yechimida yaqindan yordam ko‘rsatish ishlari olib borilayotgani respondentlar tomonidan alohida qayd etildi.
Shuningdek, o‘tkazilgan so‘rovda bugungi kunda tadbirkorlik sub’ektlarini kreditlash bo‘yicha belgilangan barcha chora-tadbirlarga amal qilingan holda yuqori darajada xizmat ko‘rsatilayotgani, mijoz talablari o‘z vaqtida bajarilayotgani ta’kidlab o‘tildi.
Ayniqsa, mamlakatimizda o‘rta mulkdorlar sinfini shakllantirish, iqtisodiyotni barqaror yuksaltirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi daromadini oshirishning muhim omili bo‘lgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘rilayotgan choralarning samaradorligini baholash maqsadida berilgan savollarga so‘rovda ishtirok etganlarning mutlaq ko‘pchiligi bank kreditlari bugungi kunda tadbirkorlikni tashkil etish va rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini qayd etgan.
So‘rov natijalari tahlili, mamlakatimizda tadbirkorlik uchun qulay muhit yaratilgani, bank kreditlaridan foydalanib o‘z biznesini tashkil etayotgan yoki kengaytirayotgan tadbirkorlar safining kengayib borayotganini ko‘rsatdi. Binobarin, tijorat banklari tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga ajratilayotgan kreditlarning hajmi yildan-yilga ortib borayotganini, jumladan, 2011-yilda banklar tomonidan sohaga ajratilgan kreditlar hajmi 2010-yilga nisbatan 1,5 barobar oshib, qariyb 4,1 trillion so‘mni tashkil etgani ham yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Banklar tomonidan o‘z ishini boshlayotgan tadbirkorlarga mikrokreditlar ajratish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa mamlakatimizda minglab tadbirkorlarning kichik kreditlardan foydalangan holda o‘z ishini ochib, bugun ko‘pchilikka o‘rnak bo‘ladigan yirik tadbirkorga aylanishiga xizmat qilmoqda. Mazkur so‘rovda ham tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari uchun mikrokreditlar ajratish keng yo‘lga qo‘yilganini respondentlarning 92,5 foizi e’tirof etgan.
Mamlakatimizda yoshlarning, ayniqsa kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining ish bilan bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish bugun ustuvor vazifalardandir. Bu borada bank tizimida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini aniqlash maqsadida berilgan savollarga, so‘rovda ishtirok etgan respondentlar 2011-yil mobaynida tijorat banklari tomonidan kasb-hunar kolejlari bitiruvchilarining biznes loyihalarini moliyalashtirishga alohida e’tibor qaratilganini ta’kidladilar.
Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining biznes loyihalarini moliyalashtirish orqali ularning ish bilan bandligini ta’minlash masalasi banklarning doimiy e’tiborida. Xususan, 2011-yilda kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining biznes-loyihalarini moliyalashtirish uchun tijorat banklari tomonidan 25,6 milliard so‘m yoki 2010-yilga nisbatan 3,2 barobar ko‘p mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatilgan.
Mustaqillikning ilk kunlaridan mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini, oiladagi, jamiyat va davlat qurilishi vazifalarini hal etishdagi o‘rnini mustahkamlash borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayollarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish bu yo‘nalishdagi eng muhim vazifalardandir.
So‘rovda ishtirok etgan respondentlar tomonidan mamlakatimizda xotin-qizlarning mavqeini oshirish, ularni tadbirkorlikka keng jalb qilish uchun tijorat banklari tomonidan ayollar tadbirkorligini rivojlantirishda olib borilayotgan ishlar ijobiy baholangan. Tadbirkor ayollar uchun kreditlar ajratish masalasiga tijorat banklarida alohida e’tibor qaratilayotganini respondentlarning 88,3 foizi alohida ta’kidlagan.
Tadbirkor ayollarga moliyaviy ko‘mak berishni kengaytirish borasida 2011-yil davomida ko‘rilgan choralar natijasida ayollar tadbirkorligi uchun tijorat banklari tomonidan 335,6 milliard so‘m miqdorida kreditlar ajratilgan. Ushbu ko‘rsatkich 2010-yilga nisbatan 1,3 barobar o‘sgan.
“Mustahkam oila yili” Davlat dasturida xotin-qizlar bandligini ta’minlash, uy mehnatini yengillashtirish, ayollarni tadbirkorlik faoliyatiga faol jalb etish maqsadida ularga kreditlar berishni kengaytirishga oid chora-tadbirlar belgilangani oila qo‘rg‘onining ham chiroyi, ham charog‘boni bo‘lgan ayollarimiz, opa-singillarimizning jamiyatda mavqei yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Davlat dasturiga muvofiq, ayollarni tadbirkorlik faoliyatiga faol jalb etish uchun tijorat banklari tomonidan joriy yilda 365 milliard so‘mdan ortiq miqdorda kreditlar ajratilishi belgilangan. Bu xotin-qizlarning ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish bilan bog‘liq ko‘plab loyihalari ro‘yobga chiqishiga, ularning aholi bandligini ta’minlash hamda jamiyat taraqqiyotidagi ishtiroki yanada kengayishiga xizmat qiladi.
So‘rovda banklarda mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifati va madaniyatini yanada oshirish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijalari ham alohida e’tirof etildi.
Bugungi kunda bank xodimlarining mijozlarga muomala va xizmat ko‘rsatish madaniyati muttasil oshayotgani, mijozlarga yuqori darajada xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgani, yaratilgan qulaylik va imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumotlar berilayotgani, zamonaviy axborot texnologiyalardan keng foydalanish natijasida mijozlarga yanada qulayliklar yaratilayotgani so‘rovda ishtirok etganlarning asosiy qismi tomonidan ta’kidlandi.
Tadbirkorlik sub’ektlarining banklardan kredit olish maqsadlarini o‘rganish natijalariga ko‘ra, yangi ish o‘rinlari yaratish, zamonaviy texnologiyalarga asoslangan uskunalar o‘rnatish, mavjud bino va inshootlarni talablar darajasida rekonstruksiya qilish, yangilarini qurish, korxonalarni zamonaviy texnologiyalar asosida modernizatsiyalash kabi yo‘nalishlar ustuvor ekani ma’lum bo‘ldi.
Respondentlarning bildirgan ushbu fikrlari kredit olish bo‘yicha banklarga taqdim etilayotgan loyihalarning hozirgi kun talablariga to‘la mos kelishini ko‘rsatdi.
So‘rov ishtirokchilari tomonidan kelgusida mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yanada rivojlanishi uchun tijorat banklari va ularning filiallarida tadbirkorlarga amaliy yo‘l-yo‘riq berish ishlarini yanada kuchaytirish, kredit ajratish jarayonida kredit ta’minoti va boshqa masalalarni yechishda yaqindan yordam ko‘rsatishni kengaytirish, joylarda o‘tkaziladigan amaliy uchrashuvlar samaradorligini oshirish va boshqa qator yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratish lozimligi bo‘yicha takliflar aytildi.
Mazkur so‘rov natijalari ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga mos islohotlarning izchil amalga oshirilayotgani natijasida bugun mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilganini tasdiqladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |