35-§. TASHQI SIYOSAT ASOSLARINING YARATILISHI.
O‘ZBEKISTON — BMT ’ZOSI
Bundan tashqari, O‘zbekistonni xalqaro huquq subyekti sifatida belgilaydigan, davlatimizning tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy aloqalarini tartibga soladigan qonunlar qabul qilindi. «O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosiy faoliyatining asosiy tamoyillari to‘g‘risida»gi (1996-yil), «Chet el investitsiyalari to‘g‘risida»gi (1998-yil), «Xorijiy investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi (1998-yil), «Xorijdan mablag‘ jalb qilish to‘g‘risida»gi, «Tashqi iqtisodiy faoliyat to‘g‘risida»gi (2000-yil) va boshqa qonunlar shular jumlasidandir. Ularda yurtimizning xorijiy mamlakatlar bilan faol va keng ko‘lamli hamkorlik o‘rnatishi uchun mustahkam huquqiy kafolat yaratib berildi.
O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini dunyodagi 165 ta davlat tan oldi, ularning 120 tasi bilan diplomatik, siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy aloqalar o‘rnatildi. Toshkentda 35 mamlakatning elchixonasi ochildi. Jumladan, AQSh, Turkiya, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Hindiston, Pokiston va boshqalar. Shuningdek, O‘zbekistonda 88 ta xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlarning, 24 ta hukumatlararo va 13 ta nohukumat tashkilotlarning vakolatxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Dunyodagi 20 dan ortiq davlatda — AQSh, Turkiya, Germaniya, Fransiya, Xitoy, Pokiston va boshqalarda O‘zbekistonning elchixonalari ishlab turibdi.
Mamlakatimizda iqtisodiy islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlash va qarz beruvchi 21 ta mamlakat tomonidan O‘zbekistonga texnikaviy yordam ko‘rsatilmoqda. Bu yordam miqdori 1993—1994-yillardayoq salkam 75 million AQSh dollariga teng bo‘ldi. Ushbu mablag‘ mutaxassislar tayyorlashga, energetika va transport tizimini takomillashtirishga, sog‘liqni saqlash, dori-darmon bilan ta’minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, iqtisodiyotning turli sohalarini kompyuterlashtirishga yo‘naltirildi.
Ayni paytda yurtimizda dunyoning 25 mamlakatiga qarashli xorijiy firma, bank va kompaniyalarning 166 ta vakolatxonasi ishlamoqda. O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar Milliy banki dunyoning 80 ta yirik bankida vakillik hisobini ochgan.
Tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirishni huquqiy jihatdan ta’minlovchi qonunlar qabul qilindi. «Tashqi iqtisodiy faoliyat to‘g‘risida»gi (2000-yil), «Chet el investitsiyalari to‘g‘risida»gi (1998-yil), «Xorijiy investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi (1998-yil), «Bankrotlik to‘g‘risida»gi (1998-yil) Qonunlar va boshqa me’yoriy hujjatlar shular jumlasiga kiradi. Bu huquqiy hujjatlar tashqi iqtisodiy aloqalarni amalga oshirish, tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida xalqaro shartnomalar tuzish va ularni bajarish uchun shart-sharoitlar yaratdi. Tashqi savdo uchun imtiyozlar berildi. Tovarlarni import va eksport qilish uchun bojxona to‘lovlari ancha kamaytirildi.
U 1994-yilda 5 milliard AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 1998-yilda qariyb 9 milliard AQSh dollariga yetdi. 2003-yilga kelib O‘zbekiston dunyoning 120 dan ortiq mamlakatlari bilan tashqi savdo aloqalarini o‘rnatdi. Eksportning paxta, rangli metall kabi an’anaviy turlaridan tashqari, kalava, benzin, avtomobil kabi mahsulotlar jahon bozoridan munosib o‘rin oldi.
Mamlakatimiz eksporti tarmog‘ida AQSh, Turkiya, Belgiya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Gollandiya, Polsha, Janubiy Koreya Respublikasi, Indoneziya, Yaponiya, Hindiston, Pokiston, Malayziya kabi davlatlar yetakchi o‘rin egallamoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida investitsiyalarga ko‘maklashish muassasalari — Chet el investitsiyalari bo‘yicha agentlik, Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi, Lizing kompaniyasi tashkil etildi.
Bu muassasalar xorijiy sarmoyadorlarga investitsiya taklifini tayyorlashga yordam bermoqda. Davlat mulk qo‘mitasi huzurida ko‘chmas mulk va xorijiy investitsiyalar agentligi tashkil etildi. U xususiylashtirish jarayoniga xorijiy sarmoyadorlarni jalb etishga ko‘maklashmoqda.
Jahon banki prezidenti J.Vulfensonning 2002-yil 11—13-aprel kunlaridagi mamlakatimizga tashrifi O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga integratsiyasida yangi sahifa bo‘ldi.
2003-yilning 5—6-may kunlari poytaxtimiz Toshkentda Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot banki rahbarligida o‘tkazilgan xalqaro anjuman chet el investitsiyalarining erkinlashuvi uchun muhim bosqich bo‘ldi. Ayniqsa, milliy valyutamizning konvertatsiyalashishiga muhim omil bo‘ldi.
Xullas, O‘zbekiston Respublikasi tarixan qisqa davrda jahon hamjamiyatiga qo‘shildi. Xalqaro va mintaqaviy muammolarni hal qilishda, umumiy va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlashda faol qatnashayotgan nufuzli davlatlardan biri darajasiga ko‘tarildi.
Davlatlar va millatlar o‘rtasidagi nizo va ziddiyatlarni tinch yo‘l — muzokaralar orqali hal etishda eng nufuzli xalqaro tashkilot — Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning o‘rni kattadir.
O‘zbekiston Respublikasi o‘zining xohish-irodasi va taklifiga ko‘ra 1992-yil 2-martda BMTga qabul qilindi. O‘zbekiston BMT Nizomini, xalqaro huquqiy me’yorlarni, davlatlararo muomala qoidalarini, shuningdek, BMT tarkibiga kiruvchi xalqaro tashkilotlar talablariga rioya qilishini bildirdi. Mamlakatimiz jahon hamjamiyatining to‘la teng huquqli a’zosi bo‘ldi.
1993-yil fevralda Toshkentda BMTning vakolatxonasi ochildi va u ish boshladi.
Prezident I.Karimovning BMT Bosh Assambleyasining 1993-yil sentabrda bo‘lgan 48-sessiyasida ishtirok etishi va unda qilgan ma’ruzasi O‘zbekistonni jahonga ko‘hna va navqiron davlat sifatida namoyon etdi. O‘zbekiston Respublikasi nomidan Markaziy Osiyoda xavfsizlik, barqarorlik va hamkorlik masalalari bo‘yicha BMTning Toshkentda doimiy ishlovchi seminarini chaqirish, narkobiznesga qarshi kurashni kuchaytirish, Orol muammosini hal etish va boshqa masalalar bo‘yicha bir qator takliflarni o‘rtaga qo‘ydi.
O‘zbekiston Respublikasi va BMTning Toshkentdagi vakolatxonasi mamlakatimizda BMTning Taraqqiyot dasturi, qochoqlar ishi bo‘yicha oliy qo‘mita komissari, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Aholi joylashish jamg‘armasi, Narkotik moddalarni nazorat qilish dasturi, Sanoat taraqqiyoti dasturi, Bolalar jamg‘armasi singari ixtisoslashgan muassasalarni o‘z tarkibiga birlashtirishga muvaffaq bo‘ldi. 1993—1997-yillarda BMT vakolatxonasiga boshchilik qilgan Xolid Malikning faol ishtirokida O‘zbekistonda ko‘plab xalqaro tadbirlar o‘tkazildi. Chunonchi, Toshkentdagi BMTning qochoqlar ishi bo‘yicha oliy qo‘mitasi komissarining vakili tojik qochoqlarni yurtiga qaytarish, ularga BMTning insonparvarlik yordamini yetkazish bo‘yicha katta tadbirlarni amalga oshirdi. 1994-yil oktabrning boshlarida BMT vakolatxonasining yordami va ishtirokida Toshkentda bo‘lgan jahon sayyohlik tashkilotining «Ipak yo‘li» xalqaro yig‘ilishi jahon sayyohlik va tijorat ishlarida O‘zbekistonning mavqeini yanada ko‘tardi.
1995-yil 20-yanvarda Toshkentda BMT vakolatxonasi bilan hamkorlikda seminar-kengash bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston taraqqiyotining strategik muammolari, o‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish yo‘llari muhokama etildi. O‘zbekiston o‘zining BMT ishidagi ishtirokini Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik va tinchlikni ta’minlashning keskin muammolariga jahon jamoatchiligi e’tiborini qaratish imkoniyati deb biladi.
O‘zbekistonning tashabbusi bilan va BMT rahnamoligida 1995-yil 15—16-sentabr kunlari Toshkentda Markaziy Osiyoda xavfsizlik va hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan seminar-kengash bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro kengashda ishtirok etgan 31 davlat va 6 xalqaro tashkilotdan kelgan muxtor vakillar mintaqa xavfsizligini ta’minlash, mojarolarning oldini olish, integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirishning ishonchli tizimini barpo etish masalalari yuzasidan takliflarini aytdilar.
O‘zbekiston BMTning 50 yilligiga bag‘ishlangan tantanalarda faol qatnashdi. Mamlakatimiz Prezidenti I.Karimov BMT Bosh Assambleyasining 1995-yil 22—24-oktabrda bo‘lgan yubiley sessiyasida qatnashib nutq so‘zladi.
1997-yil 15—16-sentabr kunlari Toshkentda «Markaziy Osiyo — yadro qurolidan xoli zona» mavzuida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Uning ishida 56 davlat va 16 xalqaro tashkilotdan vakillar ishtirok etdi., 1999-yilning 19—20-iyul kunlarida Toshkentda BMT homiyligida Afg‘oniston bo‘yicha «6+2» guruhining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda guruhga a’zo mamlakatlar — Tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari darajasidagi delegatsiyalari, BMT Bosh kotibining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus elchisi Laxdar Braximiy ishtirok etdi. Uchrashuv yakunida Afg‘onistondagi mojaroni hal etishning asosiy tamoyillari to‘g‘risida Toshkent Deklaratsiyasi imzolandi.
2000-yilning 8-sentabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov BMT Bosh Assambleyasining sessiyasida qatnashdi. 150 dan ko‘proq mamlakatning davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etgan ushbu sessiyada I.A.Karimov nutq so‘zladi. Tashrif davomida Islom Karimov Nyu-Yorkda bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
2002-yilning 18—20-oktabr kunlari BMTning bosh kotibi Kofi Annanning yurtimizda bo‘lishi O‘zbekistonning bu tashkilotga a’zo bo‘lgandan keyingi va Prezidentimiz I.Karimovning BMT minbaridan so‘zlagan nutqidan keyingi eng e’tiborli voqealardan biri bo‘ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |