27-§. MAKROIQTISODIYoTNI BARQARORLAShTIRIShGA ERIShISh
Bugungi O‘zbekistonning sanoat ishlab chiqarish xaritasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, mustaqillikning qisqa davrida 100 dan ortiq tarmoq jadal sur’atlarda rivojlanib borayotganligini ko‘ramiz. Asosiy fondlarning 40 foizi sanoat hissasiga to‘g‘ri keladi.
O‘zbekiston sanoatining tarmoqlari quyidagilardan iborat: elektr energiya, gaz, neft, ko‘mir, benzin, po‘lat, avtomobillar, traktorlar, paxta terish mashinalari, elektrodvigatellar, transformatorlar, kabellar, ekskovatorlar, ko‘prikli ko‘targichlar, yigiruv mashinalari, samolyotlar, qurilish materiallari, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqalardir.
1992—2003-yillarda iqtisodiyotga 10 milliarddan ziyodroq AQSh dollari hajmida xorijiy investitsiyalar jalb etildi. Birgina 2000-yilda 810 million AQSh dollari miqdorida xorijiy sarmoya kiritildi. Natijada iqtisodiyotning mutlaqo yangi, samarali tizimlarini shakllantiruvchi yirik sanoat korxonalari barpo etildi. Dunyoning 162 mamlakati sarmoyadorlari ishtirokida tuzilgan 3287 dan ortiq qo‘shma korxonalar faoliyat ko‘rsatdi.
2003-yilga kelib O‘zbekistonda 200 million AQSh dollaridan ko‘proq xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi, shundan 65 millioni to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar bo‘lib, ularning miqdori 2002-yilga nisbatan 1,9 barobarga ortdi.
Iqtisodiyot tarkibida amalga oshirilgan islohotlar ishlab chiqarish sohasida samarali natijalar berdi. 2003-yilning birinchi yarmiga kelib mamlakatimizda yalpi ichki mahsulot ishlab chiqarish hajmi 3,8 foizga o‘sdi. Iqtisodiyotning deyarli barcha soha va tarmoqlari jadal va izchil rivojlandi. Jumladan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 5,5 foizga, iste’mol tovarlari ishlab chiqarish 4 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 3,8 foizga, investitsiyalar hajmi esa 2,6 foizga ko‘paydi. Aholi bandligi o‘sish sur’atlarining barqarorligi saqlab qolindi — bu ko‘rsatkich 102,8 foizni tashkil etdi. Tashqi savdoda 530 million AQSh dollari miqdorida ijobiy saldoga erishildi. Mamlakatimizning to‘lov balansi yanada mustahkamlandi. O‘zbekiston o‘zining barcha tashqi majburiyatlari bo‘yicha hisob-kitoblarni o‘z muddatida amalga oshirmoqda.
Ushbu raqamlar iqtisodiyotimizdagi ijobiy o‘zgarishlarning o‘ziga xos ko‘zgusi sifatida yurtimizda bozor munosabatlarini shakllantirish jarayonlari jadal va samarali davom etayotganini ko‘rsatib turibdi.
O‘zbekiston energetika tizimida Sirdaryo GRES, Yangi Angren GRES, Toshkent GRES, Navoiy GRES, Angren GRES, Taxiatosh GRES, Talimarjon GRES, Chorvoq GES, Xo‘jakent GES, G‘azalkent GES, Farhod GES va boshqa ko‘plab issiqlik elektr markazlari katta o‘rin tutadi.
Yaqin kelgusida respublikamizda gidroenergetika tizimini yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarishda Pskom daryosi, To‘palang, Hisorak, Ohangaron suv omborlarida GESlarni loyihalash va qurish istiqbolli rejalarni qo‘lga kiritish imkonini beradi.
Energetika sanoati xalq xo‘jaligi barcha sohalari rivojini harakatga keltiruvchi qon tomiridir. Shu bois mazkur soha doimo mamlakat rahbariyatining diqqat markazida bo‘lib kelmoqda. O‘zbekiston energetika tizimi 19 ming sanoat, 80 ming qishloq xo‘jaligi, 19 ming kommunal va 3,5 million maishiy iste’molchilarga elektr energiya yetkazib bermoqda. Agar 1980-yilda O‘zbekistonda 33,9 milliard kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2002-yilda bu ko‘rsatkich 51,0 milliard kVt soatni tashkil etdi.
Mamlakat yoqilg‘i sanoati majmuiga ko‘mir, neft, tabiiy gaz kabi sohalar kiradi. Mazkur tarmoqlar mustaqillik yillarida jadal sur’atlarda rivojlanmoqda. O‘zbekistonda ilgaridan anchagina neft zaxiralari mavjudligi aniqlangan bo‘lsada, 90-yillarning boshlariga qadar neft mahsulotlari, asosan, chetdan keltirilar edi. Qariyb 2 million tonna paxta xomashyosi (600 ming tonna paxta tolasi) Rossiya va boshqa mamlakatlarga neft mahsulotlari uchun berilardi. Shu boisdan ham bu borada O‘zbekiston neft mustaqilligini ta’minlash birinchi darajali vazifa qatoriga qo‘yildi. 1996-yilga keliboq bu vazifa amalga oshirildi. Agar 1990-yilda respublika 5,7 million tonna neft mahsulotlarini chetdan sotib olgan bo‘lsa, 1995-yilga kelib bu ko‘rsatkich 0,2 million tonnani tashkil etdi. 1996-yilga kelganda esa mamlakat neft mustaqilligi ta’minlandi. 1997-yildan e’tiboran O‘zbekiston Respublikasi neft mahsulotlarini boshqa mamlakatlarga eksport qiluvchi davlatlar qatoridan joy oldi.
Milliy istiqlol yillarida neft mahsulotlari sanoatini rivojlantirishga e’tibor kuchaytirildi. Yangi neft konlari izlab topildi. Bu o‘rinda Vorux, G‘umxona, Chust-Pop, Mingbuloq, Ko‘kdumaloq neft konlarining topilishi diqqatga loyiqdir. Ayniqsa, Ko‘kdumaloq neft koni bazasida Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumanida Buxoro neftni qayta ishlash zavodining qurilishi mamlakatimiz tarixida mislsiz voqea bo‘ldi. Zavod qurilishi 1993-yil avgustda boshlandi. 1997-yilga kelib zavodning bir yilda 2,5 mln tonna gaz kondensatini qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan birinchi navbati ishga tushirildi. Fransiyaning «Teknii» firmasi bilan birgalikda qurilgan mazkur korxonaning umumiy yer maydoni 205 gektarni tashkil etadi.
2003-yilga kelib «Sho‘rtan» gaz-kondensat konida yuqori bosim beruvchi kompressor stansiyasi qurilib ishga tushirildi.
Endilikda O‘zbekiston 50 turdan ortiq neft mahsulotlarini ishlab chiqarmoqda. Mamlakat neft sanoati korxonalarining bir yillik quvvati 11 mln. tonna neftni qayta ishlash imkoniyatini beradi. O‘zbekistonda 160 dan ortiq neft konlari mavjud.
O‘zbekiston Respublikasi yoqilg‘i sanoati balansida gaz yetakchi o‘rinni egallaydi va 87,3 foizni tashkil etadi. Sho‘ro mustamlakachiligi yillarida mamlakatimiz yer qa’ridan olinayotgan gaz mahsulotlari O‘zbekistonga va uning zahmatkash xalqiga deyarli xizmat qilmas edi. U Buxoro-Ural, O‘rta Osiyo-Markaz gaz quvurlari orqali mamlakatimizdan tashqariga oqizilardi. Milliy istiqlolimiz sharofati tufayli xalqimizning milliy boyligi endilikda uning o‘ziga xizmat qilmoqda. Respublikamizda ishlab chiqarilayotgan gaz mahsulotlari faqatgina mamlakat fuqarolarining talab va ehtiyojlarinigina qondirayotgani yo‘q. Balki, mustaqillik yillarida gaz sanoatining rivojlanishi mamlakat sanoat tarmoqlari va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini ham jadal sur’atlarda rivojlantirish imkoniyatini bermoqda. O‘zbekiston hukumati ishlab chiqarish korxonalari va aholining gazga bo‘lgan talab va ehtiyojlarini qondirishga har qachongidan ko‘ra ham katta e’tibor qaratmoqda.
Mamlakatimizda topilgan gaz zaxiralari 2 trillion kubometrga yaqindir. Mutaxassislarning hisob kitoblariga qaraganda u 35-yil davomida mamlakat ehtiyojini qondira oladi.
Yurtimizning asosan beshta mintaqasida neft-gaz zaxiralari mavjud. Bular: Ustyurt, Buxoro-Xiva, Janubiy-G‘arbiy Hisor, Surxondaryo va Farg‘ona mintaqalaridir. O‘zbekistonning neft va gaz zaxiralari bir trillion AQSh dollari hajmida deb baholanmoqda.
Eng yirik gaz konlari Janubiy-G‘arbiy Hisor va Buxoro-Xiva mintaqalarda joylashgan. Bular asosan Sho‘rtan va Muborak guruhlariga kiruvchi konlar hisoblanadi.
Qazib olinayotgan gazlar tarkibida etan, propan, butan va boshqa moddalar mavjud. Ulardan polietilen, polivinilxlorid va boshqa mahsulotlarni olish mumkin. Gazni va gaz kondensatini qayta ishlash bo‘yicha ishlab turgan va loyihalashtirilayotgan obyektlarning hammasida oltingugurtli birikmalardan foydalanish nazarda tutilgan. O‘zbekistonda ikkita — Sho‘rtan va Muborak gazni qayta ishlash zavodlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Bu borada 1992-yil 28-yanvarda «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi, 1993-yil 8-yanvarda O‘zbekiston avtomobil transporti — «O‘zavtotrans» davlat aksiyadorlik korporatsiyasi, 1997-yil 7-noyabrda «O‘zbekiston temir yo‘llari» davlat aksiyadorlik kompaniyasining tashkil etilishi va boshqa tadbirlar katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar talablari asosida transport korxonalari davlat ishtirokidagi aksionerlik kompaniyalari, korporatsiyalari ochiq turdagi aksionerlik, mas’uliyati cheklangan jamiyatlarga va jamoat korxonalariga aylantirildi. Ayni paytda avtotransportlarning ma’lum bir qismini jamoa mulki va fuqarolarning xususiy mulki sifatida boshqarishlariga yo‘l berildi.
Mustaqillik yillarida deyarli barcha transport tizimlari zamonaviy va xalqaro standartlar darajasida qayta jihozlantirildi va takomillashtirildi. Toshkent shahrida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi markazi Nukus hamda viloyatlarning markazlarida zamonaviy temir yo‘l va avtomobil vokzallari barpo etildi. Yaponiya, Germaniya va boshqa xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikda Toshkent, Samarqand, Buxoro, Urganch, Namangan, Termiz va boshqa shaharlardagi aeroportlar xalqaro standartlar darajasida qayta qurildi va jihozlandi.
Transport tarmoqlari tizimida temir yo‘l transporti alohida o‘rin tutadi. 2003-yilga kelib mamlakatimiz temir yo‘llarining uzunligi 7 ming kilometrdan oshdi.
Temir yo‘l va avtomobil transporti kommunikatsiyalari tarmog‘i yurtimizning eng olis tumanlari va aholi manzilgohlarini o‘zaro bog‘lab turishdan tashqari, xalqaro transport tizimlariga ulanishni ham ta’minlaydi.
O‘zbekistonning O‘rta Osiyodagi qardosh mamlakatlar bilan birga Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti (EKO)ga kiruvchi Pokiston, Eron, Turkiya, Afg‘oniston va Ozarbayjon hukumatlariaro shartnoma tuzib Transosiyo magistrali: Istambul-Toshkent, Olmoniya-Pekin temir yo‘lini qurishga qo‘shilganligi katta tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotiga a’zo mamlakatlar bilan birgalikda «TRASEKA» loyihasini ro‘yobga chiqarishda ham faol ishtirok etmoqda. Mazkur loyiha O‘rta Osiyo mamlakatlari, Ozarbayjon, Gruziya hududi orqali Qora dengiz bandargohlariga olib chiqadigan Transkavkaz magistralini vujudga keltirishni nazarda tutadi. O‘zbekiston bilan xorijiy mamlakatlar o‘rtasida transport va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, uni yanada mustahkamlash mamlakatda yagona temir yo‘l tarmog‘ini vujudga keltirishni taqozo etadi. Shu boisdan ham O‘zbekiston qanchalik og‘ir bo‘lmasin o‘z moddiy mablag‘lari hisobidan ikkita yirik temir yo‘l magistralini qurishga qaror qildi. Birinchisi — 2002-yili foydalanishga topshirilgan, uzunligi 342 kilometr bo‘lgan Navoiy—Uchquduq—Sulton Uvays—Nukus temir yo‘li bo‘lsa, ikkinchisi — 223 kilometrli G‘uzor—Boysun—Qumqo‘rg‘on magistralidir. Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda so‘zsiz katta ahamiyatga ega bo‘lgan bu yo‘llar elektr energiyasi quvvatlari vositasida ishlaydi.
Mustaqillik yillarida «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi Germaniya va boshqa xorijiy mamlakatlardan 50 mingdan ortiq turli xildagi yuk vagonlari, 1450 yo‘lovchi tashiydigan vagonlar va ko‘plab refrejeratorlar oldi. Xullas, kompaniya o‘z faoliyatini mustaqillik talablari asosida qayta qurmoqda.
Avtomobil transporti mamlakatimiz hayotida katta ahamiyatga ega. O‘zbekiston avtotransporti zamon va davr talablari darajasida mamlakat xalq xo‘jaligi va aholining ehtiyojlarini qondirib kelmoqda. O‘zbekiston o‘z milliy mustaqilligiga erishgach, ayniqsa, bu tarmoqqa e’tibor kuchaydi. 1993-yil 8-yanvarda Prezident Islom Karimovning Farmoniga asosan «O‘zbekiston avtomobil transporti («O‘zavtotrans») davlat aksionerlik korporatsiyasining tashkil etilishi tarmoq faoliyatini yanada takomillashtirish omili bo‘lib xizmat qildi. Uning tarkibida aksiyadorlik jamiyatlariga aylantirilgan yo‘lovchi tashishni amalga oshiradigan, yuk tashish bilan shug‘ullanadigan va aralash avtokorxonalar mavjud.
Xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan Xitoy va Pokistonga olib boradigan Andijon—O‘sh—Ergashtom—Qashqar, Buxoro—Saraxs—Mashhad va Termiz—Hirot—Karochi avtomobil yo‘llarini qurish va ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Davlatimiz bu yo‘llar qurilishiga juda katta hajmdagi pul mablag‘larini ajratmoqda. Birgina Toshkent—O‘sh avtomagistrali yo‘lidagi Qamchiq—Rezak dovonlarida 2484 metrli tonnel yo‘lini qurish uchun 1997—2000-yillarda to‘rt yarim ming kishi mehnat qildi va davlatning 27 miliard so‘m mablag‘i sarf qilindi. Sobiq Ittifoq fuqaro aviatsiyasi vazirligining respublikamizdagi bo‘limi bo‘lgan O‘zbekiston Fuqaro aviatsiya boshqarmasi o‘rniga 1992-yil 28-yanvardan «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi tashkil etildi.
Mazkur aviakompaniya bugungi kunda O‘rta Osiyodagi eng yirik korxonalardan biri hisoblanadi. Ayni paytda aviakompaniya MDH davlatlaridan tashqari, jahonning AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Shveytsariya, Hindiston, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Janubiy Koreya, Yaponiya, Singapur singari yigirmadan ortiq mamlakatlari bilan bevosita havo yo‘llari orqali aloqalar o‘rnatdi. Germaniya, Fransiya, Rossiya, AQSh, Irlandiya, Malayziya, Birlashgan Arab Amirliklari firmalari bilan turli sohalarda hamkorlik qilmoqda. Bu hamkorliklar natijasida «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi xilma-xil zamonaviy havo kemalariga ega bo‘ldi.
Bugungi kunda O‘zbekistonning mahalliy havo yo‘llarida qatnayotgan AN-24, YAK-40, IL-114 samolyotlardan tashqari, xalqaro havo yo‘llarida IL-76, IL-62, IL-86, Tu-154, A-310, Boing-757 va Boing-764 samolyotlari ham fuqarolarga xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi ixtiyorida MI-2, MI-8, KN-26 kabi zamonaviy vertolyotlar ham mavjud. Aviakompaniya ixtiyoridagi samolyotlar va vertolyotlar faqat yo‘lovchilargagina xizmat qilayotgani yo‘q. AN-24 samolyoti, MI-2, MI-8, KA-26 kabi vertolyotlardan qishloq xo‘jaligi, tibbiy sanitariya xizmati, meteorologiya, geologiya-qidiruv, gaz sanoati va boshqa sohalarda ham keng foydalanilmoqda. Deyarli barcha viloyat markazlarida zamonaviy aeroportlar mavjud. Uchquduqda xalqaro standartlarning barcha talablariga javob bera oladigan aeroport qurilishi jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Qo‘qon, Shahrisabz, Zarafshon, Uchquduq, Sariosiyo, Qo‘ng‘irot, To‘rtko‘l, Mo‘ynoq kabi shaharlarda ham barcha qulayliklarga ega bo‘lgan aeroportlar ishlab turibdi.
Bulardan tashqari, O‘zbekistonda suv transporti, shahar yo‘lovchi tashish transporti va truboprovod transporti tarmoqlari ham jadal rivojlanmoqda.
Suv transportining umumiy uzunligi qariyb 1000 kilometrni tashkil etadi.
Shahar yo‘lovchilar tashish transporti eng zamonaviy Chexiyaning «Tatra» tramvaylari, «Shkoda» trolleybuslari bilan ta’minlangan. Toshkent shahrida 27,2 kilometrli metropolitenning «Sobir Rahimov—Buyuk Ipak yo‘li» va «Chkalov—Beruniy» yo‘nalishlarida bir kecha-kunduzda 270—300 ming yo‘lovchi tashilmoqda. Uzunligi 14 kilometrga teng bo‘lgan Janubiy temir yo‘l vokzalini Yunusobod dahasi bilan bog‘lovchi metropoliten uchinchi yo‘nalishining bir qismi ishga tushirilib, ikkinchi qismi qurilishi jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
Shahar yo‘lovchi tashish transporti ish faoliyatini islohot talablari asosida qayta qurishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1997-yil 6-mayda matbuotda e’lon qilingan «Shahar yo‘lovchilar transporti to‘g‘isida»gi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 19-avgustda qabul qilgan «Toshkent shahri aholisiga transport xizmati ko‘rsatishini tubdan yaxshilash to‘g‘risida»gi Qarori katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Mamlakatimiz ijtimoiy hayotida aloqa xizmatining o‘rni ham katta. O‘zbekiston milliy davlat mustaqilligini qo‘lga kiritgandan so‘ng bu sohaga e’tibor, ayniqsa, kuchaytirildi. Bu borada 1992-yilning 13-yanvarida O‘zbekiston Respublikasining «Aloqa to‘g‘risida» qabul qilingan Qonuni katta ahamiyat kasb etdi. Mazkur qonun asosida aloqa tizimi butunlay qayta isloh qilindi.
1992-yilda O‘zbekiston Respublikasi Xalqaro elektroaloqa ittifoqi a’zoligiga qabul qilindi.
Shu davrdan e’tiboran mamlakatimizning xorijiy mamlakatlar bilan aloqa tarmoqlarini rivojlantirish va takomillashtirish bo‘yicha hamkorlik aloqalari keng yo‘lga qo‘yildi. Hozirgi paytda bu sohada AQSh, Yaponiya, Germaniya, Italiya, Turkiya, Janubiy Koreya Respublikasi, Indoneziya va boshqa mamlakatlar bilan keng qamrovli aloqalar yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zbekistonning aloqa xo‘jaligi keng tarmoqlidir. U pochta aloqasi, telegraf-telefon aloqasi, radio va televizion aloqasi hamda matbuot tarqatish sohalarini o‘z ichiga oladi.
Pochta aloqasiga 1992-yilda tashkil etilgan «O‘zbekiston pochtasi» konserni rahbarlik qiladi. Yurtimizda pochta aloqasi o‘rnatilmagan hududning o‘zi yo‘q. Ayni paytda mamlakatda «O‘zbekiston pochtasi»ning tarkibiga kirgan 12 ta viloyat, Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat pochta korxonalari boshqarmalari, Toshkent xalqaro pochtamti, 198 ta aloqa uzeli va 3045 ta aloqa bo‘limlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Telegraf-telefon aloqasi ham zamon talablari asosida rivojlanib bormoqda. Mamlakatda 1,5 milliondan ortiq abonent telefon tarmog‘i xizmatidan foydalanmoqda. Mamlakatimizda AQShning «Motorolla», Germaniyaning «Simens», «Alkatel», Janubiy Koreya Respublikasining «DEU telekom», Yaponiyaning «Mitsun» va boshqa yetakchi chet el firmalari bilan hamkorlikda telekommunikatsiya tarmoqlarini qayta ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Jumladan, 1992-yilda Toshkentda Yaponiyaning «NEK» firmasi bilan hamkorlikda 150 kanalli raqamli xalqaro kosmik (fazoviy) telefon stansiyasi qurildi va foydalanishga topshirildi. Natijada abonentlar jahon telefon tarmoqlariga chiqishlari va xalqaro teleko‘rsatuvlarni tomosha qilishlari uchun sharoit yaratildi.
Aloqa sohasida «Uzdunrobita», «Koskom», «Uzmakom», «Rubikom», «Buztel», «DEU» «Sentral-Peyshing» kabi korxonalar tashkil etildi va faoliyat ko‘rsatmoqda.
1997-yilda Xitoy (Shanxay) bilan Germaniya (Frankfurt)ni bog‘laydigan shisha kabelli Trans—Osiyo—Yevropa magistralining O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali o‘tadigan 926 kilometr masofaga teng bo‘lgan qismi qurilib ishga tushirildi. Turkiyaning «Netash», «Teletash», «Samko» firmalari ham Toshkent shahrida 30 kanalli xalqaro kosmik telefon stansiyani qurib foydalanishga topshirdilar.
Bu tadbirlar natijasida xalqaro telefon so‘zlashuvlarining 80 foizini bevosita sun’iy aloqa yo‘ldoshlari orqali xorijiy mamlakatlarga uzatish va ulardan qabul qilib olish imkoniyatlari yaratildi.
O‘zbekiston televideniyesi eng zamonaviy texnik va texnologik imkoniyatlarga ega. Bo‘zsuv kanalining o‘ng sohilida qad rostlab turgan, balandligi 375 metrga teng bo‘lgan Toshkent teleminorasi mamlakat fuqarolarining faxridir. Balandligi jihatidan O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan bu ulkan inshoot dunyoda Moskvadagi Ostankino, Kanadadagi Toronto, Yaponiyadagi Tokio teleminoralaridan keyin to‘rtinchi o‘rindadir.
Toshkent shahridan tashqari Nukus, Samarqand, Buxoro, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Qo‘qon, Urganch, Termiz shaharlarida ham telestudiyalar ishlab turibdi. Bulardan tashqari mamlakatimizda 30 ta mahalliy va tijorat studiyalari ham faoliyat ko‘rsatadi.
O‘zbekiston televideniyesi orqali Rossiya, Turkiya, AQSH, Hindiston, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlarning teledasturlari ham olib ko‘rsatilmoqda. Bu borada 1994-yildan e’tiboran O‘zbekiston—AQSH qo‘shma korxonasi «Kamalak TV-Peyjing» kabel televideniye tarmoqlarining tashkil etilishi katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Mamlakatimiz hayotida matbuot tarqatish shaxobchalarining o‘rni ham beqiyos kattadir. 1994-yildan boshlab «Soyuzpechat» boshqarmasi o‘rniga «Matbuot tarqatish uyushmasi» ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati faoliyat ko‘rsatmoqda. Uning barcha viloyatlarda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrida bo‘limlari tashkil etilgan.
28-§. O‘ZBEKISTON — ZAMONAVIY AVTOMOBIL IShLAB CHIQARUVChI MAMLAKAT
O‘zbekistonda haqiqiy va to‘la ma’noda milliy mashinasozlik sanoati mamlakatimizning milliy mustaqilligi bilan bog‘liq. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov boshchiligidagi davlat delegatsiyasining 1992-yil iyun oyida Janubiy Koreya Respublikasiga qilgan rasmiy tashrifi chog‘ida ikki davlat o‘rtasida o‘zaro iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida dastlabki hujjatlar imzolandi. 1992-yilning avgust oyida esa Janubiy Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxona barpo etish to‘g‘risida kelishib olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 1992-yil 5-noyabrda «Selxozmash» konserni va «DEU korporeyshn» korporatsiyasi bilan hamkorlikda avtomobil ishlab chiqaruvchi «O‘zDEUavto» qo‘shma korxonasini tashkil qilish to‘g‘risida maxsus Qaror qabul qildi.
Qarorda «Selxozmash» konserniga 3 oy muddat ichida avtomobilsozlikni rivojlantirishga qaratilgan Konsepsiya ishlab chiqish vazifasi topshirildi.
Ushbu qo‘shma korxona ta’sischilari etib Janubiy Koreya Respublikasi tomonidan «DEU» korporatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi tomonidan esa «O‘zavtosanoat» uyushmasi belgilandi va O‘zbekistonda barpo qilinayotgan avtomobil ishlab chiqaruvchi korxonani «O‘zDEUavto» nomi bilan yuritishga kelishildi. Shartnomaga ko‘ra, har ikki tarafning qo‘shma korxonadagi ulushi miqdori «DEU» korporatsiyasi uchun 50% — 100 million AQSH dollari va «O‘zavtosanoat» uyushmasi uchun 50% — 100 million AQSH dollari hisobida belgilandi.Bundan kelib chiqadigan qat’iy xulosa shuki, «O‘zDEUavto» korxonasi qurilishi bilan O‘zbekistonda tom ma’noda milliy avtomobilsozlik sanoatini tamal toshi qo‘yildi.
Korxonaning umumiy maydoni 476 ming 266 kvadrat metrdir. Shundan bino va inshootlar uchun ajratilgan qismi 146 ming 266 kvadrat metrni tashkil etadi.
«O‘zDEUavto» korxonasi qurilishi 1993-yil fevralda boshlanib, 1996-yil 19-iyulda — 32 oy mobaynida poyoniga yetkazildi.
Loyiha ishlarini asosan «DEU injinering» va «O‘zbektyajprom» firmalari amalga oshirdilar. O‘zining hajmi va ko‘lamiga ko‘ra nafaqat O‘zbekistonda, balki O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan mazkur korxona qurilishida har turdagi 25 ming tonnadan ziyod metall konstruksiyalar, 17 ming tonna yig‘ma temir beton, 40 ming kub metr monolit beton va 1000 kilometr kabel liniyalari o‘tkazilib, 25 ming tonnadan ziyod murakkab texnologik jihozlar va dastgohlar o‘rnatildi.
Loyiha quvvatiga ko‘ra, yiliga 200 ming avtomobil ishlab chiqara oladigan bu ulkan inshootning umumiy qiymati 658 million AQSH dollarini tashkil etadi.
Korxonada 1996-yilda jami 29 ming 835 dona, shu jumladan 11 ming 285 ta «Damas», 5030 ta «Tiko» va 13 ming 520 ta «Neksiya» rusumidagi avtomobillar ishlab chiqarildi, ulardan 7000 tasi eksport qilindi. 1997-yilda 64883 dona yengil avtomobil ishlab chiqarildi. Avtomobilsozlikda ko‘p jihatdan yangi bo‘lgan ilg‘or texnologiyalar qo‘llanilgan ushbu korxonada ishlaydigan ishchi, muhandis kadrlar tayyorlash ishlariga katta e’tibor berildi.
Korxona sexlarida mehnat qilayotgan yoshlarning 1000 dan ko‘prog‘i Janubiy Koreya Respublikasida — «DEU» kompaniyasi avtomobil ishlab chiqarish korxonalarida ishlab tajriba orttirib qaytishdi. Keyinchalik yana 2000 kishi o‘z malakalarini oshirish uchun Janubiy Koreyada «DEU» kompaniyasining avtomobilsozlik zavodlariga yuborildi.
Qo‘shma korxonada bajarilgan qurilish ishlari, asosan, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyati qurilish tashkilotlari tomonidan amalga oshirildi.
2002-yildan boshlab korxonada «Matiz» va «Neksiya-2», 2003-yildan boshlab esa «Lasetti» rusumidagi yangi avtomobil ishlab chiqarishga kirishildi.
Jahon mamlakatlari tarixi guvohlik berayaptiki, dunyodagi eng kuchli mamlakatlargina avtomobil sanoatiga ega. Ular asosan, AQSH, G‘arbiy Yevropa, Yaponiya, Rossiya va Janubiy Osiyodagi mamlakatlardan iborat 28 mamlakatni tashkil etadi.
O‘zbekiston hukumati mamlakatimizda mustaqillik tamoyillari asosida avtomobil sanoatini yanada rivojlantirish bo‘yicha bir qator tadbirlar ishlab chiqdi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasiga chet el investitsiyalarini jalb etgan holda avtomobil sanoatining ishlab chiqarish bazasini shakllantirish va rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi 1995-yil 30-mayda «Avtomobillar uchun butlovchi buyumlar ishlab chiqaradigan O‘zbekiston—Koreya qo‘shma korxonalarini tashkil etish to‘g‘risida» Qaror qabul qildi. Mazkur Qaror «O‘zDEUavto» korxonasi avtomobillari uchun zarur bo‘lgan qismlarni O‘zbekistonning o‘zida ishlab chiqarishga katta yo‘l ochib berdi.
Vazirlar Mahkamasi «O‘zDEUavto» qo‘shma korxonasi ishlab chiqargan avtomobillarni sotish va ularga texnik xizmat ko‘rsatishni tashkil etish maqsadida 1996-yil 3-sentabrda «O‘zDEUavto qo‘shma korxonasida avtomobillar ishlab chiqarish, sotish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish masalalari to‘g‘risida» Qaror qabul qildi.
Ushbu Qarorda «Mersedes-Bens», «DEU» va boshqa yirik avtomobil kompaniyalarining mutaxassislarini jalb etgan holda «O‘zDEUavto» qo‘shma korxonasi avtomobillarini ham mamlakat ichida, ham mamlakat tashqarisida sotish bo‘yicha marketing tadqiqotlari markazini tashkil etish ko‘zda tutildi. Ayni chog‘da bu markaz «DEU» korporatsiyasi bilan kelishgan holda avtomobil modellarini yangilashga doir tadbirlar ishlab chiqishi kerakligi nazarda tutildi.
1996-yilda korxonada 4000 ga yaqin ishchi ishlagan bo‘lsa, yaqin kelajakda taxminan 55—65 ming kishi ishlaydigan yirik avtomobilsozlik markaziga aylanadi.
1999-yil 16-mart kuni Samarqandda O‘zbekistonning yana bir avtomobil zavodi ish boshladi. «SamKochavto» qo‘shma korxonasida yiliga minglab turli rusumdagi qulay va ixcham avtobuslar, turfa xil yuk tashish mashinalari ishlab chiqarilmoqda.
Qisqa muddatda qad rostlagan mazkur avtomobil zavodi qurilishiga 1995-yili «O‘zavtosanoat» uyushmasi Turkiyadagi mashhur «Koch xolding» kompaniyasi bilan imzolagan shartnomaga muvofiq kirishilgan edi.
O‘zbekiston Respublikasining tarixan agrar qishloq xo‘jalik o‘lkasi ekanligi bu hududda obyektiv sur’atda qishloq xo‘jaligi mashinasozligini rivojlantirishni talab qilsa-da, Sho‘ro hukumati bu tarmoq taraqqiyotiga ham ulug‘ davlatchilik siyosati nuqtai nazaridan yondashdi. Mamlakat qishloq xo‘jaligining ehtiyojlarini asosan «Toshkent traktor zavodi» (TTZ), «Toshqishloqxo‘jalikmash» kabi korxonalar qondirib kelgan.
Mustaqillikning dastlabki yillarida bu korxonalar deyarli to‘xtab qolish darajasiga kelib qoldi. Mamlakat iqtisodiy hayoti nihoyatda og‘ir bo‘lgan bir sharoitda O‘zbekiston Prezidenti I.Karimov bu sohada ham uzoqni ko‘zlab, qishloq xo‘jaligini zarur bo‘lgan traktorlar va boshqa qishloq xo‘jalik texnikalari bilan ta’minlash choralarini ko‘rdi.
Jumladan, Toshkent traktor zavodi ish faoliyatini mustaqillik talablari asosida takomillashtirish choralari ko‘rildi.
Quvvati 30 ot kuchiga ega bo‘lgan TTZ-30 traktori yaratildi va uni 1993-yildan boshlab ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Zavodning davlat-aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilishi ham ijobiy natijalar bera boshladi. 1994-yilda dizel dvigatelli TTZ-80/100 universal chopiq traktori sinovdan muvaffaqiyatli o‘tdi. Shundan so‘ng bu xil traktorlarni ommaviy sur’atda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
1994-yilda O‘zbekiston—Italiya qo‘shma korxonasi — «O‘zItalmotor» aksionerlik tashkilotiga asos solindi. Unda AQSHning «KEYS» firmasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi va qishloq xo‘jaligi uchun yangi traktorlar va kombaynlarni yig‘ish amalga oshirilmoqda.
O‘zbekistondagi qishloq xo‘jaligi mashinasozligining 15 ta korxonasi «O‘zqishloqxo‘jalik mashinasozlik xolding» kompaniyasiga aylantirildi. Uning tarkibiga Toshkent traktor zavodi, «Toshqishmash» ishlab chiqarish birlashmasi, Toshkent agregat zavodi, «Chirchiqqishmash», «O‘zbekqishmash» singari aksiyadorlik jamiyatlari kirdi. Bu kompaniya 1996-yildan boshlab mamlakat qishloq xo‘jaligini zamonaviy texnika bilan ta’minlashni yo‘lga qo‘yish maqsadida AQSHning «KEYS» va «MAGNUM» korporatsiyalari bilan birgalikda traktorlar, kombaynlar yig‘ishni yo‘lga qo‘ydi.
2002-yildan boshlab Toshkent taraktor zavodida O‘zbekiston—Xitoy qo‘shma loyihasini amalga oshirish natijasida qishloq xo‘jaligi korxonalari, dehqon fermer xo‘jaliklari uchun ixcham traktorlar ishlab chiqarish texnologiyasi o‘zlashtirildi.
2003-yildan boshlab esa avtomobillar uchun oyna ishlab chiqaradigan «Avtooyna» aksiyadorlik jamiyati ishga tushirildi.
Bulardan tashqari, O‘zbekistonda paxta tozalash to‘qimachilik mashinasozligi kabi sanoat tarmoqlari ham o‘z faoliyatlarini milliy istiqlol talablari asosida qayta qurmoqdalar. Birgina «O‘zbekto‘qimachilikmash» birlashmasida to‘qimachilik mashinalari, apparatlari va avtomatlarining 50 dan ortiq namunasi ishlab chiqarishga joriy qilingan.Ana shunday sohalardan biri radioelektronika va elektrotexnika sanoati hisoblanadi. 1990-yilda «Radioelektrontexasbob» davlat konserni tashkil etilgan edi. 1994-yilga kelib konsern «O‘zeltexsanoat» uyushmasi shaklida qayta tashkil etildi.
«O‘zeltexsanoat» uyushmasida 46 mingdan ortiq ishchi va xizmatchilar mehnat qiladilar. Uyushma tarkibida 50 dan ortiq korxona va tashkilotlar mavjud. «O‘zkabel» aksiyadorlik jamiyati, «Foton», «Chirchiq transformator», «Uzelektroapparat», «Signal», «Oniks», «Andijonkabel», «Algoritm» aksiyadorlik jamiyatlari, Jizzax akkumulyator zavodi kabilar ana shular jumlasiga kiradi.
O‘zbekiston o‘zining samolyotsozlik sanoatiga ham ega. Ikkinchi jahon urushi natijasida Sho‘rolar 1941-yilda Moskva aviatsiya zavodini Toshkentga ko‘chirishga majbur bo‘lgan edilar va shu tariqa O‘zbekistonda bu sanoat tarmog‘iga asos solingan edi. Ammo, Sho‘ro hokimiyati yillarida mazkur zavod o‘zi mustaqil samolyot ishlab chiqara olmas va butlovchi korxona hisoblanar edi. Shu bois O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, zavod ancha og‘ir ahvolga tushib qoldi. Mamlakat rahbariyati zavod ish faoliyatini qayta qurish va takomillashtirish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rdi. Bu tezda o‘z natijalarini bera boshladi.
1996-yildan e’tiboran V.P.Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya zavodi «Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi» davlat aksiyadorlik jamiyatiga aylantirildi. Natijada korxonada ilgaridan tayyorlab kelinayotgan samolyotlar qatorida mahalliy havo yo‘llarida qatnashga mo‘ljallangan 64 o‘rinli yangi IL-114 samolyotlari ham ishlab chiqarila boshladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |