Matnshunoslikda devon, bayoz, tazkiralar va badiiy-tarixiy nasr namunalari bo‘lgan memuar-qissalardan (masalan, Bobur va Ogahiy asarlari) so‘ng lug‘atlarning ahamiyati ham kattadir. Ma’lumki lug‘atlar o‘z maqsadi va vazifasiga ega bo‘lib, ular turli fan sohalari bo‘yicha turli yo‘nalish va metodlarda tuziladi. Matnshunoslikda tarixiy filologik lug‘atlarning ahamiyati kattaroq. Shuning uchun biz lug‘atlar deyilganda ana shunday lug‘atlarni nazarda tutamiz. Bundan tashqari, matnshunoslik fani uchun maxsus tuzilgan lug‘atlar ham juda muhimdir. Shu nuqtai nazardan biz ularni quyidagicha tasnif qilishni ma’qul hisoblaymiz:
1. Tilga doir izohli lug‘atlar.
2. Ikki tilli lug‘atlar.
3. Qomusiy lug‘atlar.
Shuni ta’kidlash lozimki, bizning filologiyamizda turkiy tilda lug‘at tuzish ishi nisbatan keyingi asrlarda yuzaga kelgan. Asosan, arab va fors tillarida yaratilgan lug‘atlardan ilmiy istifoda qilib kelingan.
Tilga doir izohli lug‘atlar ma’lum bir tildagi so‘zlarni izohlashni nazarda tutadi va bunda ularning ma’nolarini tushuntirish uchun misol sifatida adabiy parchalardan foydalaniladi. Ikki tilli (ba’zan ko‘p tilli) lug‘atlarda ham adabiy parchalardan misol sifatida foydalaniladi. Qardosh xalqlar tillari uchun tuzilgan lug‘atlarda bunday misollar ko‘proq uchraydi.
Masalan, Sulaymon Buxoriyning “Lug‘ati chig‘atoiy va turki usmoniy” (“Chig‘atoycha-turkcha lug‘at”)da (XIX asr) deyarli barcha mumtoz shoirlar ijodidan namunalar keltirilgan. Qomusiy lug‘atlar, asosan, matnda uchraydigan tushunchalar haqida ma’lumot beradi. Lekin ma’lum ijodkor va uning faoliyati haqidagi qomusiy lug‘atlar matn tarixi tadqiqi yoki ijod fenomenologiyasi bo‘yicha ehtiyojlarni qondirishga katta yordam beradi.
Shuni ham ta’kidlash lozimki, har bir fan nazariyasi shu soha terminlari (istilohlari)ga asoslanib ish ko‘radi. Matnshunoslik to‘laligicha filologiya ilmi – tilshunoslik va adabiyotshunoslikning yutuqlari asosida ish olib boriishini e’tiborga olsak, adabiy manbashunoslik va matnshunoslik terminlarini, hozircha, tilshunoslik va adabiyotshunoslik sohasi terminlari orasidan terib, o‘zlashtirish kerak bo‘ladi. Ular jumlasida quyidagi nashrlarni keltirishimiz mumkin:
Lingvistik terminlar lug‘ati (Ахманова О.С. Словарь лингвистических терминов. –М.: Советская энциклопедия, 1966). –607 с.
Adabiyotshunoslik terminlari lug‘ati (Ҳомидий Ҳ., Абдуллаева Ш., Иброҳимов С.).-Т.:Ўқитувчи, 1970.–300 б.
Adabiyotshunoslik terminlari lug‘ati (Ҳотамов Н., Саримсоқов Б. Адабиётшунослик терминларининг русча-ўзбекча изоҳли луғати. – Т.: Ўқитувчи, 1983. – 376 б.)
Энциклопедиялар. Ўз СЭ; ЎзМЭ; Краткая литературная энциклопедия. Том 7. – М. 1972; Литературний энциклопедический словарь. – М., 1987.
Адабиётшунослик луғати / Дилмурод Қуронов, Зокиржон Мамажонов, Машҳура Шералиева. ф.ф.д. Д.Қуроновнинг умумий таҳрири остида. - Тошкент: Академнашр, 2010.– 400 б.
Mazkur nashrlar hozirgi kunda sohada faol qo‘llaniladigan atamalarning hammasini qamrab olgan deb bo‘lmaydi. Ayniqsa, qadimdan ishlatib kelgan istilohlarning ko‘pini hozirgi lug‘atlardan topib bo‘lmaydi. Ulardan ayrimlarining izohi manbashunoslik va matnshunoslik tadqiqotlarida, ba’zi hollarda yo‘l-yo‘lakay uchrab qoladi.
Matnshunoslik O‘rta asrlarda xattotlik va kitobat san’ati bag‘rida yuzaga kelgan va o‘zining barqarorlashgan an’analariga ega bo‘lgan. Bu an’analar ko‘plab terminlarni yuzaga keltirgan. Hozirgi zamon matnshunosligida ularning ko‘pchiligi hamon muomalada. Ulardan qog‘oz ishlab chiqarish va kitobatga oid atamalar hozir birmuncha kam ishlatiladi.
Bevosita matn bilan aloqador (muqova, unvon, jadval, hoshiya, poygir, basmala, hamd, na’t, ammo ba’d..., tammat
kabi) atamalar esa hozir ham muomalada bo‘lgan faol qatlamni tashkil etadi. Hali ular bir joyga yig‘ilib, terminologik lug‘at yaratilmagan. Ammo bu ishga urinishlar bo‘lgan (Hakimov M. Sharq qo‘lyozmalariga doir terminlarning qisqacha izohli lug‘ati. Adabiy meros. 1985, № 2 (33).
O‘zbek matnshunosligi jahon faniga integratsiyalasha boshlagan o‘tgan asrning 20 yillarida atamalar sohasida, asosan, rus matnshu nosligiga suyanib ish ko‘rila boshlandi. Soha ruscha-internatsional atamalar bilan boyitildi (fond, arxiv, tekst, tekstologiya, annota siya, atributsiya, ilmiy apparat, interpolyatsiya, katalog, kartoteka, kartochka, paginatsiya, kolofon, kinovar, inventar nomeri, transkripsiya, transliteratsiya kabi).
Hozirgi zamon adabiyot ilmida badiiy asar matni tahlil va talqinning asosiy ob’ektiga aylandi. Zotan, matn zamirida asar muallifining dunyoqarashi, inson va jamiyat haqidagi konseptsiyasi, badiiy-estetik printsiplari, san’ati, makon va zamon, milliy tafakkur mujassam bo‘ladi. Qolaversa, matn tahlili badiiy asarni xolis baholashga imkon yaratadi.
Erkin ilmiy-ijodiy muhit barqarorlashgan Mustaqillik davri o‘zbek adabiyotshunosligida badiiy asar tahlilining zamonaviy, ilg‘or tendentsiyalari bo‘y ko‘rsata boshladi. Adabiy merosga yangicha nuqtai nazardan yondashish, mumtoz adabiyotimiz namunalarini ma’naviy-axloqiy tarbiyaning eng ta’sirchan asosi sifati har jihatdan o‘rganish istiqlol yillarida faol tus oldi. Yaqin o‘tmishda “diniy-mistik”, “g‘ayrisho‘roviy”, “saroy adabiyoti” degan siyosiy yorliqlar bilan o‘qish-o‘rganish man etilgan asarlar ilmiy o‘rganilib, ko‘p nusxalarda chop etildi. Bu borada matnshunoslar, tadqiqotchilar xizmati e’tirofga loyiq.
Biroq adabiy merosimiz namunalarini bugungi talab darajasida mukammal tadqiq etish va nashrga tayyorlash matnshunoslik sohasi oldiga jiddiy vazifalarni qo‘yayotgani sir emas. Ayni paytda matnshunoslik muammolari nimalardan iborat, ularning yechimi qanday, degan savollar dolzarb bo‘lib turibdi. Ana shu masalalarni muhokama qilish va tegishli xulosalarga kelib olish uchun taniqli olimlar, tadqiqotchilardan bir guruhini davra suhbatiga taklif etdik.
Do'stlaringiz bilan baham: |